Bekzodbekning birinchi orzusi ushaldi
Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida Prezidentimiz rahnamoligida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar ko‘lami yanada kengaymoqda.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan bir qator davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining sunnat va nikoh to‘ylari o‘tkazilayotgani jamiyatimizda o‘zaro mehr-oqibat, hamjihatlik, bag‘rikenglik va xayr-saxovat muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Xorazm viloyatida ushbu tadbirlar doirasida 224 nafar bolaning sunnat hamda 50 juft kelin-kuyovning nikoh to‘ylari o‘tkaziladi.
Shovot, Bog‘ot va Hazorasp tumanlarida viloyat hokimligi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hamkorligida 85 bolaning sunnat to‘ylari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Hazorasp tumanidagi “Nur” to‘yxonasida bo‘lib o‘tgan sunnat to‘yida bolalarning ota-onalari, qarindosh-urug‘lari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollari, faxriylar, yoshlar ishtirok etdi.
– Bugun mening quvonchim cheksiz, davlatimizning g‘amxo‘rligi tufayli o‘g‘limning sunnat to‘yi katta tantana bilan o‘tmoqda, – deydi Hazorasp tumani Karvak qishlog‘ida yashovchi Gulnora Otamurodova. – To‘y xarajatlaridan tashqari turli sarpo va sovg‘alar ham homiylar tomonidan ulashildi. Bunday ezgu tadbirlar butun mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkazilayotir. O‘zbekistonimizdagi barcha men kabi onalar, to‘y bolalarning ko‘ngli shodlikka to‘lmoqda. Ulug‘ shoirimiz Pahlavon Mahmudning yozishicha, bir dilni ovlashning savobi dunyolarga teng. Endi butun yurt bo‘ylab qancha dillar shod bo‘layotganini bir tasavvur qilib ko‘ring. Bu ishning tashabbuskoru tashkilotchilari, unga bosh qo‘shayotgan saxovatli insonlar qanchalar savobning tagida qolmoqda. Shunday yurtda yashayotganimdan faxrlanaman.
To‘y bolalarga kitoblar jamlamasi, turli sovg‘alar, Xalq banki bo‘limida ular nomiga ochilgan hisobraqamlariga 1 million so‘mdan pul mablag‘lari o‘tkazilgan omonat daftarchalari topshirildi. Taniqli san’atkorlar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar sho‘x-shodon raqslarga ulanib ketdi.
– To‘yda do‘stlarim bilan maza qilib o‘ynadik, – deydi to‘y bola Bekzodbek Farhodov. – O‘zimning velosipedim bo‘lishini orzu qilardim. Endi uni haydashni akamdan o‘rganaman. Men katta bo‘lganimda uchuvchi bo‘lmoqchiman.
Bekzodbekning birinchi orzusi davlatimiz g‘amxo‘rligida amalga oshdi. Mehr-muruvvat ulug‘langan tinch va farovon diyorda voyaga yetayotgan Bekzodbek kabi yoshlar marrani katta olib, kelajakda albatta yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi.
Ahmadjon ShOKIROV,
O‘zA muxbiri