Go‘zallik va nafosat bayrami sport malikalarini saraladi
Mustaqillikning ilk yillaridanoq yurtimizda bolalar sportini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Ayniqsa, gimnastika sport turlarini ommalashtirish, qizlarni badiiy gimnastikaga oshno bo‘lishlariga sharoitlar yaratish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirildi.
Yosh iqtidor egalarini izlab topish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazib kelinayotgan turli xalqaro musobaqalar yangi-yangi nomlarni kashf etmoqda.
Kuni kecha poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogi bosqichi yakunlandi. Dunyoning 19 ta davlatidan kelgan 90 nafar gimnastikachi qiz ishtirok etgan mazkur nufuzli turnirda terma jamoamiz a’zosi Anastasiya Serdyukova final bahslarida bronza medalga sazovor bo‘ldi.
Musobaqa ishtirokchilari bilan suhbatlashar ekanmiz, ularning barchasi O‘zbekistonda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilayotganligini, azim Toshkent shahri yil sayin chiroy ochib borayotganini e’tirof etish bilan birga, musobaqalar yuksak saviyada tashkil etilganini mamnuniyat bilan ta’kidlab o‘tdilar. Bu borada yurtimizga ilk bor tashrif buyurgan latviyalik murabbiy Natalya Kuchinskaya shunday dedi:
Yaqinda Minskda, keyin Rigada bo‘ldik. Yurtingizda tashkil etilgan ushbu musobaqadagi sharoitlar avvalgi ko‘rganlarimizdan mutlaq farq qiladi. Ishtirokchilarning shug‘ullanishi uchun oltita gilam muhayyo qilingan. Kun bo‘yi istaganimizcha mashq qilishimizga imkon bo‘ldi. To‘g‘risini aytsam, dunyoning boshqa hech bir mamlakatida bunday sharoitlarni ko‘rmaganman. Shu paytgacha o‘zbekistonlik sportchilar bilan musobaqalashmaganmiz. Ammo mana bunday zamonaviy sharoitlarda mashq qilgan qizlarning omadi bor ekan, desam adashmagan bo‘laman.
Badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkaziladigan har bir musobaqa nafaqat sport bellashuvi, balki go‘zallik hamda nafosat bayramiga aylanib ketadi. Gilamga chiqayotgan sportchining chiqishi, o‘ziga xos ruhiy holatni nafis elementlar yordamida tasvirlab beradi. Ammo bunday natijaga erishish uchun qizlar tinmay mashq qilishlari barobarida, bellashuvlar paytida hayajonlarini yengib, bor imkoniyatlarini ko‘rsata bilishlari zarur. Bunda murabbiy qatorida gimnastikachini doimo tushunadigan, unga hamfikr bo‘la oladigan yaqinlarining alohida o‘rni bor. Uzoq Norvegiyadan kelgan gimnastikachining onasi Dina Bratsberg bu borada o‘zining mulohazalarini bayon etdi:
O‘zbekiston azaldan iste’dodlar yurti bo‘lib kelgan. Irina Viner, Alina Kabayeva va Amina Zaripovalar aynan shu yurtda voyaga yetganliklarini aytib o‘tish o‘rinli.
Farzandim ushbu sport turi bilan shug‘ullanishni boshlaganidan keyin uning fe’l-atvori ijobiy tarafga o‘zgardi: mustaqil, irodali, tartibli bo‘ldi. O‘z oldiga maqsad qo‘yib, unga intilishni boshladi. Barcha ota-onalarga farzandlarini qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlab turishlarini tilagan bo‘lardim.
Kichkintoylarga o‘zlariga bo‘lgan ishonchni shakllantirishda ota-onalarning ularga bo‘lgan mehri muhim ahamiyat kasb etadi. Bolalarni yaxshi ko‘rish kerak, ammo ularni juda avaylash faqat zarar keltiradi. Bo‘lajak onalar bunga e’tibor berishlari muhim.
Badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkaziladigan har bir nufuzli musobaqada rossiyalik gimnastikachilar muvaffaqiyatli ishtirok etishadi. Mazkur turnirda ham omadli chiqish qilgan ushbu yurt sportchilari muxlis va mutaxassislarni badiiy gimnastikaning mo‘jizasiga yana bir bor maftun qilishdi. Tajribali murabbiy Irina Vinerdan mazkur sportda yuqori natijaga erishish siri nimadaligini so‘radik:
Bunda hech qanday sir yo‘q. Har qanday sport turida bo‘lgani kabi terma jamoa a’zolarining mehnatkashligi, maqsad sari intiluvchanligiga alohida e’tibor qilamiz. Shu bilan birga murabbiy va mutaxassislar jamoasi hamda tibbiyot xodimlarining malakali faoliyatini yuqori baholash kerak. Bunday sharoitlarda mashq qilgan iqtidorli yoshlarning natijalari arzigulik bo‘lishi, shubhasiz.
Incheonda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlari sovrindori, Rio-de – Janeyroda bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Anastasiya Serdyukova mazkur musobaqada munosib ishtirok etib, tasma bilan mashq bajarish bo‘yicha bronza medalga sazovor bo‘ldi. Qobiliyatli sportchining murabbiyi Sevara Karimovaning musobaqa yakunlari haqidagi fikrlari bilan qiziqdik:
Shogirdimning chiqishlaridan ko‘nglim to‘ldi. Ammo erishgan natijalarimizda to‘xtab qolmaymiz. Hozir Ispaniya, Bolgariyada o‘tkaziladigan jahon kubogi musobaqalariga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Asosiy musobaqamiz Qozog‘istonning Ostona shahrida bo‘ladigan Osiyo chempionatidir. O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasi yurtimizda badiiy gimnastika sportini rivojlantirish yo‘lida amalga oshirayotgan keng ko‘lamli ishlari samarasida iqtidorli yoshlarimizning ko‘rsatkichlari yil sayin yuqori bo‘lmoqda.
Musobaqa jarayonida Anastasiya Serdyukova gilamga chiqayotgan pallada uni ishqibozlar olqishlar bilan kutib olishdi. Uning quvnoq va ta’sirchan dasturlari barcha muxlislarda katta taassurot qoldirdi.
Sovrindorlar qatorida turganimda ko‘zlarim quvonch yoshlariga to‘ladi. Vatanimiz sharafini himoya qilayotganimdan, bayrog‘imiz balandga ko‘tarilishiga o‘z hissamni qo‘shayotganimdan baxtiyor bo‘laman. Albatta, bunday natijaga erishishimda mehribon murabbiyim, gimnastika federatsiyasi xodimlarining munosib o‘rni bor.
Musobaqada nafosat malikalari ishtirokidagi go‘zal va betakror chiqishlar sport muxlislariga olam-olam zavq ulashdi. Bu esa O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi sportchi qizlarimizni musobaqalarga tayyorlash, ularning mahoratini oshirish uchun malakali murabbiylarni jalb etish, xorijlik mutaxassislar bilan o‘zaro tajriba almashish borasida izchil ishlar olib borayotganidan dalolat beradi.
Yulduz ORTIQOVA