MEHRDAN YARALGAN ASLI BU DUNYO

O‘zbekiston bolalarining ertasi porloq. Sababi ularning kelajagi bugundan hozirlanayotir. Zero, Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart”.

Yoshlarning xatti-harakati, o‘y-tafakkuri, intilayotgan maqsadlarida Vatanga bo‘lgan sadoqat, ertangi kunga dadil qadam aks etadi. Yaqinda O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Mudofaa vazirligi qoshidagi jamoatchilik fondi hamkorligida “Urush bo‘lmasin jahonda” deb nomlangan insholar tanlovi o‘tkazildi. Unda Samarqand viloyatidagi 10-“Mehribonlik” uyi tarbiyalanuvchisi Ashurbibi Barotovaning yozgan inshosi faxrli o‘ringa munosib topildi. Qizaloq o‘zining inshosida dorilomon zamonda yashayotganidan baxtiyor ekani, Yurtboshimiz, xalqimizdan minnatdorligini o‘ziga xos jumlalar bilan teran ifodalagan.

Ashurbibi bilan yaqindan tanishish va u tarbiyalanayotgan maskanning shart-sharoitlarini bilish istagida “Mehribonlik” uyi tomon yo‘l oldik. So‘nggi qo‘ng‘iroqdan keyin yozgi ta’tilni maroqli o‘tkazish maqsadida bolajonlar oromgohlarga borishga taraddudlanayotgan ekan. Atrofdagi anvoyi gullar, oqlangan manzarali hamda mevali daraxtlar, rayhon iforini taratib ariqdan oqayotgan zilol suv, turli xil ertak qahramonlarining haykalchalari, shinam va qulay xonalarni ko‘rib maskanning o‘zi ham oromgohlardan qolishmaydigan darajada imkoniyatlarga ega ekaniga guvoh bo‘ldik.

Bundan tashqari muassasaga kelgan zahotimiz bayram shukuhini sezdik. Atrof saranjom-sarishta, daraxtlarga sharlar va qog‘oz gullar ilingan, bolalar shodiyonani orziqib kutishardi. O‘sha kuni maskanda chinakam tantana nishonlashi rejalashtirilgan ekan. Estrada xonandalari, sirk tomoshalari va qiziqarli shou dasturlar bolajonlarga yanada zavq bag‘ishlashi shubhasiz.

– Mamlakatimizda yosh avlodning har jihatdan sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishi uchun davlatimiz tomonidan alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi 10-“Mehribonlik” uyi direktori Salohiddin Latipov bizni muassasa hayoti bilan tanishtirarkan. – Bunday e’tibordan, ayniqsa, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, “Mehribonlik” uylari hamda maxsus maktab-internatlar tarbiyalanuvchilari bahramand bo‘lishmoqda.

10-“Mehribonlik” uyi 1943-yilda tashkil topgan. Hozirgi kunga qadar bu yerni 2 ming 500 nafarga yaqin tarbiyalanuvchi bitirgan. Ayni paytda maskanimiz 140 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bu yerda 125 nafar bola istiqomat qiladi. Ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida turli to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, 150 o‘ringa mo‘ljallangan oshxona, kutubxona, qishki va yozgi sport maydonchasi, 5 ta zamonaviy tibbiyot xonasi, tadbirlar o‘tkazish uchun mo‘ljallangan katta zal, qisqasini aytganda barcha sharoitlar muhayyo.

Яна ўқинг:  “АЙИ”МАС, “АРИ”

Bino eshigidan kiraverishda ko‘rgazmalar zali tashkil qilingan. Bu yerdagi barcha ijodiy ishlar muassasa tarbiyalanuvchilarining iqtidori mahsuli. Masalan, yam-yashil adir bag‘ridan oqib o‘tayotgan moviy rang suv qishloq ariqlariga kelib quyilayotgani tasvirlangan suratni tomosha qildik. Ranglar uyg‘unligi, osuda zamin ifodasi, sokin qishloq manzarasi rasmni chizgan bolaning tasavvur olami naqadar kengligini bildiradi. Sal narida turgan munchoqli daraxt qo‘li gul qizlarning mehnati ekanligi ko‘rinib turibdi. Ko‘zmunchoq, rangli toshlar, turli xil biserlardan yasalgan daraxtlar kishi ko‘zini quvontiradi. Devorga ilingan so‘zanalar ham bu yerdagi yoshlarning mahorat ustasi ekanidan dalolatdir. Xullas, ko‘rgazmalar zalini aylana turib, kichkina muzeyga tushib qolgandek bahri dilimiz ochildi.

Muassasa xonalaridagi mebellar yangi: kir yuvish mashinasidan tortib muzlatgichgacha, hamma maishiy texnika vositalarining eng so‘nggi rusumdagisi o‘rnatilgan. Ayniqsa, sport maydonchasini aytmaysizmi?! Yozgisi ham, qishgisi ham turli sport o‘yinlari uchun moslashtirilib jihozlangan. U yerga kirib borganimizda, o‘g‘il bolalar bilan bir qatorda qizlar ham kimono kiyib, ustozidan kurashning sir-asrorlarini o‘rganayotgan edi.

– Besh yoshimdan kurash bilan shug‘ullanaman, – deydi Husnigul Sharipova. – Darsdan so‘ng bo‘sh vaqtimni shu yerda o‘tkazaman. Hozirgacha ko‘plab musobaqalarda ishtirok etdim. Oxirgi marta yangi yil arafasida viloyat bo‘yicha o‘tkazilgan bellashuvda birinchi o‘rinni olib, respublikada muvaffaqiyatli ishtirok etdim. Kelajakda xalqaro musobaqalarda zafar quchib, Vatanimiz bayrog‘ining yuksaklarda hilpirab turishiga o‘z xissamni qo‘shmoqchiman.

Sayrimizni davom ettirib, to‘garaklar xonasi tomon yo‘l oldik. O‘g‘il bolalar uchun mo‘ljallangan mashg‘ulotlar sport zali hamda chaqiriqqacha yoshlarni tayyorlash maydonchasida, fanlar bo‘yicha mashg‘ulotlar esa maxsus xonalarda olib boriladi. Qizlar uchun ham “Biser tikish”, “Karving san’ati”, “Tikuvchilik” kabi bir qancha yo‘nalishlarda mahorat darslari olib borilmoqda.

– Zardo‘zlik, kashtachilik qadim hunarmandchiligimizning bir namunasi, – deydi Xurshida Xojiyeva. – Bir kuni tarbiyachi opalarimiz bizni milliy hunarmandchilik ko‘rgazmasiga olib bordi. U yerdagi qo‘l mehnati bilan yaratilgan mo‘jizalarni ko‘rib hayratlandim. Ayniqsa, zardo‘zlikka qiziqishim ortdi. Shu kundan bu san’at sirlarini o‘rganishga kirishdim va hozirda o‘zim ham ko‘rgazmalarda ishtirok etyapman. Kelajakda xususiy zardo‘zlik ustaxonasi ochishni niyat qildim.

Albatta, obod yurt farzandlarining orzulari ham osmon qadar bo‘ladi. Shu yilning 6 may kuni Xurshida Xojiyeva (zardo‘zlik yo‘nalishida), Elzara Yakubova (munchoqli bezak yo‘nalishida) Humoyun Po‘latov (hunarmandchilik yo‘nalishida) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilgan “Tashabbus – 2015” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichida ishtirok etib, “Eng yosh hunarmand” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldilar. Mavjud imkoniyatlardan oqilona foydalanayotgan bolalar birin-ketin muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritmoqda.

Яна ўқинг:  Хушхабар, рақамлар (2015-22)

Muxtasar aytganda, bir kun davomida muassasada o‘tgan vaqtimiz mazmunli bo‘ldi. Har bir o‘g‘il-qizning maqsadi, tanlab olgan yo‘li bor. Yurtboshimiz g‘amxo‘rligida ulg‘ayayotgan bu yoshlar kelajakda, albatta, mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shadigan munosib farzand bo‘lib yetishadi.

Dildora QARShIBOYeVA,

Sog‘lom avlod” muxbiri

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: