Bo‘lajak mutaxassislar ustozlar tajribasini o‘rganishdi
G‘allaorol ijtimoiy-iqisodiyot kollejida 693 nafar yigit-qizga 54 nafar malakali pedagog kasb-hunar sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
O‘tgan o‘quv yilida ushbu o‘quv maskanini 270 nafar o‘quvchi tomomlab, aksariyat bitiruvchilar o‘qishlarini davom ettirish uchun turli oliy o‘quv dargohlariga qabul qilindi. Qolgan o‘quvchilar hozirda G‘allaorol tumanidagi banklarda, shuningdek, ko‘plab fermer xo‘jaliklarida faoliyat yuritmoqda.
Kasb-hunar kolleji o‘quvchilari o‘quv jarayoni davrida turli tashkilot, muassasa, ta’lim dargohlari hamda fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, ishlab chiqarish amaliy mashg‘ulotlarida qatnashadi. Yaqinda o‘quvchilar o‘qituvchi Zafar Xo‘janazarov, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi a’zolari – Nilufar Tangirova va Jamol Abdullayev rahbarligida “Suvonqul uchquni” va “Kattasoy oltin dalasi” fermer xo‘jaliklarida bo‘lib, bank ishi, buxgalteriya hisobi tajribalarini o‘rganishdi. Shuningdek, G‘allaorol tumanidagi 44-, 27-, 28–hamda 91-umumta’lim maktablari faoliyati bilan tanishdilar.
Sohiba ALLAYOROVA,
G‘allaorol ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi