O‘ZBEKISTON OLIY TIBBIYOT TA’LIMI SAMARALARINING YANA BIR XALQARO E’TIROFI

Istiqlol yillarida O‘zbekiston Respublikasida 1997 yilda qabul qilingan “Ta’lim to‘g‘irisida”gi Qonun va Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq ta’lim tizimini, shu jumladan, sog‘liqni saqlash tizimining kadrlar infratuzilmasini isloh qilishga doir keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, qayd etilgan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning qoidalari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yilda imzolangan Sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish davlat dasturi bos­qichlarini belgilab bergan 2107-sonli farmoniga binoan oliy tibbiy ma’lumot xalqaro standart – ikki bosqichli oliy tibbiy ma’lumotga o‘tkazildi.

Masalan, ta’limning birinchi bosqichi – bakalavriatda o‘qitishda barcha tibbiyot oliy o‘quv yurtlari qishloq vrachlik punktlari, oilaviy poliklinikalarda ishlashi mumkin bo‘lgan umumiy amaliyot shifokorlarini (umumiy pediatr, umumiy gigiyenachi-epidemiolog, umumiy stomatolog) tayyorlash yo‘lga qo‘yildi. Bu mamlakatimiz aholisiga, birinchi navbatda, qishloq aholisiga yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatish imkonini bermoqda. Tibbiy ta’limning ikkinchi bosqichi – magistratura 46 tor mutaxassislik (jarrohlar, kardiologlar, oftalmologlar, yuqumli kasalliklar shifokorlari va boshqalar) bo‘yicha shifokorlar tayyorlashni nazarda tutadi. Bunday mutaxassislar sog‘liqni saqlash tizimining ikkinchi va ixtisoslashtirilgan bo‘g‘inlari, tibbiy ta’lim va ilmiy muassasalarda ishlashi uchun tayyorlanmoqda.

Bunda shifokorlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash masalasi tibbiy yordam sifatini yaxshilash va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda g‘oyat muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, hukumatimizning qator qarorlari asosida oliy o‘quv yurtlarida ta’lim jarayonining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish, talabalarning yashash va maishiy sharoitini yaxshilash, yangi sport inshootlarini foydalanishga topshirish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish ishlari amalga oshirilayotir.

Shu bilan birga, yangi pedagogik texnologiyalar va innovatsiyalarni joriy etish davom ettirilmoqda, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda zamonaviy texnik o‘qitish vositalari keng qo‘llanilmoqda.

Mamlakatimizning yetakchi oliy o‘quv yurtlari klinik muammolarni hal etishga asoslangan modul ta’limini joriy etmoqda. Mazkur texnologiya jahon tibbiy ta’lim amaliyotida istiqbolli hisoblanadi va mantiqan mustaqil fikrlashni rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu bo‘lajak shifokorni tayyorlash jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.

Bundan tashqari, mamlakatimiz rahbariyati tashabbusi bilan o‘qitish jarayonida barcha joylarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, professor-o‘qituvchilarning xorijiy tillarni bilish darajasini oshirishga oid qarorlar qabul qilindi. Bu ishlar g‘oyat muhim ahamiyatga egadir. Negaki, tibbiyot jadal rivojlanib borayotgan sohalardan biri bo‘lib, ko‘p hollarda bugun umumqabul qilingan uslub va yo‘nalishlar ertaga o‘zining dolzarbligini yo‘qotishi mumkin.

Shu sababli tibbiy ta’limning barcha bosqichlaridagi o‘quv dasturlari ta’lim jarayoniga inson kasalliklari sabablari va mexanizmlarini tushunish, ularga tashxis qo‘yish va davolashda yangicha yondashuvlarni joriy etish orqali muntazam takomillashtirilmoqda. Respublika, viloyat va tuman darajasidagi davolash-profilaktika muassasalarida davolash-tashxis qo‘yish jarayonining standartlari hamda protokollarini joriy etish bugungi kunning muhim talablaridan hisoblanadi. Mazkur standart va protokollar dalilli tibbiyot asosida mamlakatimizning yetakchi tibbiy ta’lim va ilmiy muassasalarining sa’y-harakatlari bilan ishlab chiqilmoqda. Dalilli tibbiyot internet-resurslarda joylashtirilayotgan aniq ilmiy ma’lumotlar tahlili asosida tavsiyalar ishlab chiqishni ko‘zda tutadi.

Yana o‘qing:  Qirq yildan ziyod mehnatga munosib rag‘bat

Ta’kidlash joizki, ilmiy tibbiyot sohasidagi internet-resurslarning 80 foizdan ortig‘i ingliz tilidagi manbalardan iborat. Dalilli tibbiyotdan foydalanish, davolash standartlari va protokollarini ishlab chiqish, o‘quv dasturlarini yangilash va natijada professional dunyoqarashni kengaytirishga puxta yondashish ingliz tilini, ilmiy internet-ma’lumotlardan foydalanishni bilishni taqozo etmoqda.

Shuningdek, bemorni “yotgan joyida” amaliy (klinik) tekshirish (bemorni ko‘zdan kechirish, bemorlarni kilinik ko‘rib chiqishda, operatsiyalar, manipulyasiyalar va boshqa jarayonlarda ishtirok etish) ko‘nikmalarini majburiy o‘zlashtirish tibbiy ta’limning o‘ziga xos xususiyat­laridandir. Shu munosabat bilan ta’lim va ishlab chiqarish, jumladan, tibbiy oliy o‘quv yurtlari hamda yetakchi kilinik markazlarning integratsiyalashuvi shifokorlarni sifatli tayyorlashning muhim shart­laridandir. Ya’ni, tibbiy oliy o‘quv yurtlari yetakchi tibbiyot muassasalaridan klinik baza sifatida foydalanadi. Talabalarga bilim berishda nafaqat oliy o‘quv yurtlari pedagoglari, balki ilmiy xodimlar va tajribali shifokorlar ham jalb etiladi.

Bunday ishlar natijasida yuqorida qayd etilganlar – mamlakatimiz tibbiy oliy o‘quv yurtlarining professor va o‘qituvchilari zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Shuning uchun pedagoglar ona va bola salomatligini muhofaza qilish, yuqumli va boshqa kasalliklarga qarshi kurash, mamlakatda epidemiologik barqarorlikni ta’minlash sohasida xalqaro tashkilotlar (JSST, YUNISEF, Global fond va boshqalar) tavsiyalari hamda yetakchi xorijiy davlatlarning yuqori samarali tajribasini faol o‘rganib, o‘quv dasturlariga joriy qilmoqda.

Toshkentda 2011 yil noyabr oyida “Sog‘­lom ona – sog‘lom bola” mavzuida bo‘lib o‘tgan xalqaro simpoziumda JSST va bosh­qa xalqaro tuzilmalar O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilishning noyob modeli shakllanganini yakdillik bilan ta’kidladi. Masalan, Seul Milliy universitetining pediatriya markazi (Koreya Respublikasi) rahbarining ma’ruzasida pediatriya sohasi va tibbiy kadrlarni tayyorlash masalalarida xalqaro hamkorlik bo‘yicha erishilgan natijalarga yuksak baho berildi.

Mamlakatimiz tibbiy oliy o‘quv yurtlarida ta’limning modernizatsiya qilinishi ularda, jumladan xorijlik talabalarning bilim olishga qiziqishini oshirdi. Koreya Respublikasining yetakchi universitetlari bilan keng ko‘lamli ikki tomonlama munosabatlarni yo‘lga qo‘ygan mamlakatimizdagi yetakchi ta’lim markazlaridan biri Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bunga yorqin misol bo‘la oladi. Mazkur institutning 100 nafardan ortiq mutaxassisi hamkorlik dasturi doirasida Samsung, Yenseysk universiteti va Seul Milliy universitetining tibbiyot markazlarida malaka oshirdi va treninglarda qatnashdi.

Yana o‘qing:  MAQSAD – TINCHLIK VA OSOYISHTALIKNI SAQLASH

Osiyo tibbiyot instituti rahbari, professor Kim Bon Su (Koreya Respublikasi) 2013 yil 21 yanvarda Koreyaning “World Daily” gazetasida e’lon qilingan maqolasida “O‘zbekistonda tibbiy ta’lim darajasining yuqoriligi Koreya tibbiy universitetlari talabalarining Toshkent pediatriya tibbiyot institutida o‘qishni davom ettirishi uchun katta qiziqish uyg‘otdi” deyi­ladi. Shuningdek, unda “Toshkent pediatriya tibbiyot institutida ta’lim olish O‘zbekiston tibbiy ta’limining talabalarni kam sonli guruhlarda yuqori malakali mutaxassislar tomonidan o‘qitish va amaliy darslarni bemorlar “yotgan joy”da o‘tashga imkon qadar yaqinlashtirishga asoslangan noyob tajribasining amaliy ifodasidir” deyilgan.

Koreya tomoni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti salohiyatini inobatga olib, Koreya Respublikasi universitetlarida bakalavr diplomini olgan Koreya fuqarolarini mazkur institutda shifokorlikka tayyorlashdan manfaatdor ekanini bildirdi. 2007 yildan buyon koreyalik talabalarni integratsiyalashgan tibbiy ta’limning modul turi asosida o‘qitish dasturi bo‘yicha Koreya va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlik doirasida Toshkent pediatriya tibbiyot institutiga Koreya Respublikasining o‘ttiz nafar fuqarosi o‘qishga qabul qilindi. Toshkent pediatriya tibbiyot institutining professor va o‘qituvchilari tomonidan koreyalik talabalarni o‘qitish uchun ishlab chiqilgan hamda xalqaro standartlarga mos to‘rt yillik integratsiyalashgan o‘quv dasturi pediatriya sohasida zarur nazariy bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘lishiga xizmat qildi. Shuningdek, Osiyo tibbiyot institutining o‘quv jarayonini modernizatsiya qilishga qo‘shgan hissasi ushbu dasturni amalga oshirishda ijobiy natijalarga erishish imkonini berdi.

2012 yilda koreyalik uch nafar talaba Toshkent pediatriya tibbiyot institutida o‘qishni muvaffaqiyatli tamomlab, mamlakatimizda olgan diplomlarini Koreya Respublikasida nostrifikatsiya bosqichidan o‘tkazdi va shifokorlik litsenziyasini olish hamda Koreyaning yetakchi tibbiyot markazlaridagi klinika ordinaturasida tor mutaxassislik bo‘yicha o‘qishni davom ettirish huquqiga ega bo‘lish uchun davlat test imtihonlarini muvaffaqiyatli topshirdi. Mazkur natija Koreya tomonidan ulkan yutuq sifatida baholandi. Negaki, Koreya Respublikasi universitetlarini tamomlagan talabalarning 20-30 foizigina birinchi yilda davlat test imtihonlarini topshira oladi.

“World Daily” gazetasida chop etilgan ushbu maqolada muallif Toshkent pediatriya tibbiyot instituti bitiruvchisi Jang So Ryangning minnatdorlik so‘zlarini keltirgan. Unda, jumladan, shunday deyiladi: “O‘zbekiston menga shifokor bo‘lish imkoniyatini yaratib berdi va men bu mamlakatni endi o‘zimning ikkinchi Vatanim, deb bilaman. Kelajakda tibbiyot sohasida tajribaga ega bo‘lganimdan so‘ng O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimida zamonaviy va samarali tibbiyot texnologiyalarini joriy etishga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman”.

Yana o‘qing:  Eng bebaho ne’mat

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti modul ta’limining oxirgi bosqich talabasi So A Yongning AQSHda litsenziyali tibbiy imtihonlarning (USMLE) uch bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tgani ham ushbu dasturning muhim yutug‘i hisoblanadi. Bu esa, o‘z navbatida, unga AQSHdagi yetakchi tibbiyot universitetlaridan birida kilinika ordinaturasi kursi bo‘yicha o‘qishni davom ettirish huquqini berdi. Shu munosabat bilan So A Yong O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovga O‘zbekistonda oliy tibbiy ma’lumotga ega bo‘lish imkonini bergani uchun quyidagi minnatdorlik maktubini yo‘lladi:

Muhtaram Prezident Janoblari!

Avvalambor, Sizga O‘zbekiston Respublikasida menga ta’lim olish imkoniyati yaratib berilgani uchun o‘zimning samimiy minnatdorligimni izhor etish, Sizga mustahkam sihat-salomatlik va mas’uliyatli faoliyatingizda yanada ulkan muvaffaqiyatlar tilashga ijozat bergaysiz.

Ayni paytda men Toshkent pediatriya tibbiyot institutining yettinchi bosqichi modul guruhida tahsil olayotirman. Bu yerda o‘qitish jarayoni Siz ma’qullagan o‘quv dasturi va Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda Osiyo tibbiyot instituti (Koreya Respublikasi) o‘rtasidagi hamkorlikka oid shartnomaga muvofiq amalga oshirilmoqda.

Men bolaligimdan tibbiy ma’lumot olishni orzu qilardim va bu imkoniyatga O‘zbekiston Respublikasida ega bo‘ldim. Shuningdek, O‘zbekistonda egallagan bilimlarimga tayangan holda, AQSH sog‘liqni saqlash tizimida ishlash uchun uch bosqichli sinovdan ham muvaffaqiyatli o‘tdim. Bu bilan O‘zbekiston Respublikasida beriladigan oliy tibbiy ta’lim darajasi xalqaro standartlardan qolishmasligini alohida ta’kidlashni istardim. Ishonchim komilki, bu Sizning sa’y-harakatlaringiz va yosh avlod kamolotiga qaratayotgan yuksak e’tiboringiz samarasidir.

Fursatdan foydalanib, Sizni mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro do‘stlik va hamkorlik yo‘lga qo‘yilganining 20 yilligi bilan tabriklash hamda Sizga sihat-salomatlik va shaxsiy hayotingizda omadlar tilashga ijozat bergaysiz!

Chuqur ehtirom ila So A Yong.

Koreyalik talabalarning O‘zbekistonda olgan bilimi va orttirgan tajribasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti diplomining Koreya Respublikasi va AQSHda e’tirof etilishi mamlakatimizda Kadrlar tayyorlash milliy dasturini amalga oshirish samarasida yaratilgan ta’lim darajasining yuqoriligidan dalolat beradi. Koreya tomoni shularni e’tiborga olib, Koreya Respublikasi fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi tibbiy oliy o‘quv yurtlarida tibbiy ta’lim olish amaliyotini kengaytirishdan manfaatdorligini ma’lum qildi. Shu munosabat bilan koreyalik talabalarning Samarqand davlat tibbiyot institutida ham modul asosida ta’lim olishi rejalashtirilmoqda.

O‘zA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: