Badiiy gimnastika
Qomati raso, o‘ziga ishonchi yuksak yoshlarning aksariyati bolalikda sport bilan shug‘ullangan bo‘lishadi. Bunda gimnastika sport turlari, xususan, badiiy gimnastika bilan mashq qilishning ahamiyati katta.
Gimnastik mashg‘ulotlar bolalarning umumiy salomatligini tiklashda ijobiy natija beradi. Ma’lum bir harakatlarni bajarish tanada modda almashinuvini yaxshilab, bolalarning, jumladan, qizlarning jismonan rivojlanishiga zamin hozirlaydi. Musiqa va raqs san’ati elementlarining badiiy gimnastikada jam bo‘lgani, qizlarni estetik tarbiyalashda o‘ziga xos o‘rin tutadi.
Jamila RAHMATOVA, “Shuhrat” medali sohibi, murabbiy:
– Qizlarni badiiy gimnastikaga 4-5 yoshdan saralab qabul qilamiz. Ularning egiluvchanligiga, bo‘y-bastining shu sport turiga mos kelishiga ahamiyat qaratamiz. Asosiysi, qiziqish. Qizlarning ko‘zida bu sport turiga bo‘lgan mehrni ilg‘ay olsam, ularning yetuk sportchi bo‘lishi uchun jon-jahdim bilan harakat qilaman.
Ilk mashg‘ulotlarda ular qo‘l-oyoqlarni to‘g‘ri bosishni, qaddini tik tutishni o‘rganishadi. Mashg‘ulotlar asta-sekin murakkablashib boradi. Bir-ikki yillik muntazam mashg‘ulotlardan so‘ng qizlar predmetlar yordamida mashq bajarishni o‘rganishadi. Badiiy gimnastikachilarning chiqishlarini tomosha qilar ekansiz, bir yarim-ikki daqiqa ichida qizlar ma’lum bir obraz yaratishadi, hissiyotlarini namoyish qilishadi. Bolalikdan bu sportga mehr qo‘yganlar tartibli, intizomli, irodali bo‘lishga odatlanishadi.
Savriniso HAKIMOVA,
pediatr:
– Mutaxassislar qo‘l-oyoqlarida qiyshayishlar, qaddi-qomati yoki umurtqa pog‘onasida notekisliklar bo‘lgan qizlarga gimnastika mashqlarini tavsiya etishadi. Shu bilan birga ich qotish (qabziyat)ga moyil bo‘lganlar, uyqusizlik va ishtahasi yaxshi bo‘lmagan qizlar ham gimnastika setsiyasidagi mashg‘ulotlardan so‘ng shifo topganliklari kuzatilgan. Har qanday sport turida bo‘lgani kabi yosh gimnastikachilar vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlashni, kun tartibiga rioya qilishni, tartibli ovqatlanishni o‘rganadilar. Mutaxassislar bosh miya jarohatlari va uning asoratlarini boshidan o‘tkazganlar, turli yuqumli kasalliklar bilan og‘riganlar uchun bu sport turi bilan shug‘ullanishni tavsiya etishmaydi. Qizlar bolalikdan ushbu sport turiga oshno bo‘lib, yuqori natijalarga erishmasalar ham badiiy gimnastika seksiyasidagi mashg‘ulotlar natijasida ular qomati raso bo‘lib voyaga yetadi. Tekis qadam tashlashlari bilan boshqalardan ajralib turadilar.
Yulduz ORTIQOVA