Suv polosi
Futbol, voleybol, gandbol kabi jamoaviy sport turlari qatori suv polosi ham o‘ziga xos qoidalari, salomatlik uchun foydali jihatlari bilan alohida ajralib turadi. Tarixga nazar solsak, ushbu sport turi XIX asrning ikkinchi yarmida Buyuk Britaniyada Uilyam Uilson tomonidan ixtiro qilingan. Mazkur sport turi 1900 yilda ilk bor Olimpiya o‘yinlari tarkibiga kiritilgan. Boshqa jamoaviy sport turlaridan suv polosi jarohat olish ehtimolining kamligi, o‘yinchilarning bir qator jismoniy qobiliyatlarini rivojlantirishi hamda salomatligini mutahkamlashi bilan ajralib turadi.
Akbar SODIQOV, terma jamoa murabbiyi:
Suv polosi o‘ziga xos jismoniy mashqlarning yig‘indisidir. Suvda faol harakatlanish jarayonida uning gigiyenik hamda sog‘lomlashtiruvchi xususiyatlari namoyon bo‘ladi. Mazkur sport turining talablariga binoan suzishning bir necha usullarini maktab yoshidagi bolalar qisqa fursatda o‘rganadilar. Bu yoshdagi bolalarning mushak va bo‘g‘imlari egiluvchan, harakatchan bo‘lishi suv polosi qoidalarini qisqa vaqt oralig‘ida o‘zlashtirib olish va tajriba oshirish uchun qulay imkoniyat yaratadi. O‘n yoshdan keyin asta-sekin mushaklarning kuchi ortib, ularning mustahkamligi ham oshadi. Shu bilan birga bu yoshdagi bolalar mushaklarining tezda charchashi, qayta tiklanish vaqti oz bo‘lishi, mushaklarning rivojlanish va o‘sishi har xil bo‘lishi kuzatiladi. Mazkur xususiyat mashg‘ulotlarda charchagan o‘yinchilar biroz dam olgandan so‘ng tezda kuchga to‘lishiga yordam beradi. Yuqorida sanab o‘tilgan jismoniy hamda fiziologik omillar suv polosi bilan muntazam mashq qilgan boshlang‘ich maktab o‘quvchilarining chaqqonlik, chidamlilik, tezkorlik xususiyatlari rivojlanishiga turtki bo‘ladi. Umuman olganda, ayollar hamda erkaklar jamoasining qoidalari bir xil bo‘lib, u bilan shug‘ullanish yosh tanlamaydi.
Savriniso HAKIMOVA, pediatr:
O‘sish va rivojlanish jarayonidagi bola organizmining yurak-qon tomir hamda nafas olish tizimlarining jismoniy yuklama ko‘tarish imkoniyatlari o‘zgarib boradi. Bu ko‘rsatkichlar jismoniy mashqlar, ayniqsa, suv polosi bilan mashq qilganda namoyon bo‘ladi. Bu paytda yurak kattalarnikiga nisbatan tez-tez qisqaradi. Suv polosi bilan mashq qilish yurak mushaklarini baquvvat qiladi. Bu esa yurak qisqarishlari oraliqlarining kamayishida kuzatiladi. Ota-onalar shiddat bilan o‘sayotgan farzandlarida bu yoshdagi organizm fiziologiyasiga ko‘ra ba’zan aritmiyaning kuzatilishi, ko‘pincha qon bosimining past ekanligidan havotir olmasliklari zarur. Suv polosi bilan mashq qilish asnosida yurak-qon tomir tizimi faoliyati mustahkamlanadi. Odatda bu yoshdagi bolalar tez-tez shamollashlari mumkin. Mazkur sport turi bilan muntazam mashq qilish nafas olish tizimiga ham ijobiy ta’sir qilib, organizm chiniqadi. Suzish jarayoni bolalarning nafas olish tizimi mushaklari faoliyatiga, o‘pkaning kengligiga ijobiy ta’sir qiladi. Suv polosi bilan shug‘ullanish jarayonida bolalar nafas olish, yurak-qon tomir hamda asab tizimlari faoliyatiga ijobiy ta’sir qiluvchi to‘g‘ri nafas olish qoidalarini ham o‘zlashtiradilar. Mazkur sport turi asabiy bolalarga nihoyatda foydali. Suvning harorati, bir turdagi harakatlar asabni tinchlantirib, bola yaxshi uxalashi ta’minlaydi. Mashg‘ulotlarda qo‘l-oyoq mushaklariga yuklama berilishi suyaklarning o‘sish jarayonini tezlashtiradi.
Yulduz ORTIQOVA