Qishloqning gavhar doyasi
Nega mening buvimni qishlog‘imizdagi ko‘pchilik amaki-yu xolalar “bizning momomiz” deyishadi. O‘g‘lim bolalar bilan futbol o‘ynayotganida mahallamizdagi Sabohat xola uni oldiga chaqirib “Sen Gavhar opamning nevarisimisan, voy, shirintoy, baxtli ekansan. Buving qishlog‘imizning haqiqiy ismi jismiga monand Gavhari edi. Menga yaxshiliklari ko‘p o‘tgan” – deya bir hovuch turshak berib yuboribdi.
– Nega mening buvimni hamma yaxshi ko‘radi. O‘zlarining buvilari bo‘la turib, “Gavhar momo – mening buvim” deyishadi?
Shu bahona qishlog‘imizda kattayu-kichikning onajonimning e’zozlashlari sababini o‘g‘limga aytib berdim.
Onam – Gavhar Abdulla qizi o‘tgan asrning 50-yillarida xizmat taqozosi bilan qishlog‘imizga doya bo‘lib kelgan ekan. Shu-shu taqdir u kishini qishloqda olib qoldi. Otam bilan birga baxtli turmush qurishib, yetti o‘g‘il, uch qizni voyaga yetkazib, uyli-joyli qilishdi. Oiladagi hamma farzandlar o‘qimishli, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha xizmat qilishayapti.
Keksalarning aytishlariga qaraganda, 1950-1960 yillarda qishloqda sanoqli shifokor bo‘lgan ekan. Ular uzoq shaharlardan ishga yuborilgan. Bir necha yil do‘xtirlik qilgach, yana shaharga ko‘chib ketishgan. Qarliq, Qatag‘on, Meset kabi atrof qishloqlarda ham birorta shifokor bo‘lmagan. Shuning uchun ham o‘sha hududdagi sog‘liqni saqlash tizimidagi barcha muammolarni yechish onajonim – Gavhar do‘xtirning zimmasida bo‘lgan. O‘sha paytlarda keng tarqalgan kasalliklar bilan og‘rigan bemorlarni tuman yoki viloyat markazlaridagi shifoxonalarga olib borib yotqizish imkoniyati bo‘lmagan. Bemorlar faqat o‘z uylarida yoki qishloqdagi uncha sharoiti bo‘lmagan kasalxonada davolanishgan. Homilador ayollar ham tug‘ruqxona nimaligini bilishmagan.
– Hech esimdan chiqmaydi, – deya bizlarga so‘zlab beradi Rafoat opam, – endigina bemorga ukol qilib kelgan onam tandirga non yopishga shoshilardi. Shu zahoti hamqishloqlardan biri hovlimizga kelib, xotini og‘iroyoq ekanligini aytsa, yana biri o‘g‘li yoki qizining harorati ko‘tarilib ketganligidan shikoyat qilib, “Jon opa, tezroq bormasangiz bo‘lmaydi” deya iltijo qilishardi. Onam noiloj non yopishni qo‘shni xotinga, sigir sog‘ishni bizlarga tayinlab, shoshilinch yordamga oshiqardi. Kun bo‘yi ishdan horib kelgan onam bo‘sh vaqt topildi, deguncha mevalarni saralab, murabbo tayyorlash , kir yuvish, ovqatga unnash, xullas, ro‘zg‘orning ming bir tashvishiga ko‘milar edi. Shu zahoti qaysi bir qishloqdoshimiz najot izlab kelardi. Bu holat yil o‘n ikki oy, xoh qishning izg‘irinli kuni bo‘lsin, xoh yozning jazirama issig‘i, tez-tez kuzatilardi. Chunki, “Issiq jonning isitmasi” vaqt tanlamaydi.
Hamqishlog‘imiz rahmatli Mamat amaki Qodirov bir kuni shunday gurung bergandi:
– Gavhar opam farzandlarimni tug‘ilishiga juda katta yordam bergan edi. O‘shanda iqtisodiy jihatdan og‘ir yillar edi. Xotinimni dard tutganida Gavhar opamni piyoda olib kelardim. Mana endi mashinalik ham bo‘ldim. Ammo u kishini mashinaga mindirish nasib etmadi.
Yana bir qishloqdoshimizning aytishicha uning rafiqasining oy-kuni yaqinlashganda mototsiklga onamni mindiradi-da, shoshilinch uyiga yo‘l oladi. Ayni uyiga yaqinlashganda ne ko‘z bilan ko‘rsinki, yo‘lda samosval shag‘al ag‘dargan ekan.
Mototsikl shag‘al do‘ngligiga urildi. Qarasam ancha nariga uchib tushibman. Hovliqqancha Gavhar opamni qidirdim. Ust-boshlari qumga belangan opa yonimga kelib “Tezroq yuring, axir kelinning ahvoli nima kechdi?!” degancha uyimizga shoshildi.
Bu iroda, kuch-qat’iyat u kishida qayerdan paydo bo‘ldi?! Menimcha shifokorlik mas’uliyati insonni fidoyilikka undaydi. Hanuzgacha o‘ylab-o‘yimga yetolmayman, –deydi qo‘shnimiz.
Onajonim haqidagi bunday iliq so‘zlarni ko‘pchilikdan eshitib, beixtiyor qalbim g‘ururga to‘ladi. Mehribonim sakson yil umr ko‘rdi. Hayotlik paytlarida qishloqdoshlarimiz o‘zlarining Gavhar momolaridan birrov hol-ahvol so‘rashgani kelishardi.
– Gavhar momo menga, opa-singillarimga, keyinroq, yillar o‘tgan sayin farzandlarimizga, qolaversa, nevaralarimizga ham doyalik qilgan, deyishadi qishloq keksalari.
Ha, halol mehnat qilgan inson el ichra e’zoz toparkan. Uch avlod doyasi bo‘lgan onajonim o‘nlab shogirdlarga ustozlik qildi. Bugungi kunda ular 30 ming nafardan ortiq aholisi bo‘lgan Kasbi tumanidagi Maymanoq qishlog‘i ahliga tibbiy xizmat ko‘rsatib, el olqishini olishayapti. Shogirdlari orasida onajonimning sevimli nabiralari Lobar, Gulnoza va Madina ham bor.
- Gavhar opam bilan bizlar juda qiyin sharoitda ishladik. U kishidan ko‘p narsa o‘rgandim. Kasbga sadoqat, muomala madaniyati, odamlarni hurmat qilish… Bu fazilatlar shifokor uchun juda muhim. Hozirgi yosh shifokorlarga yaratib berilayotgan imkoniyat va sharoitlarga havasim keladi. Shoshilinch tibbiy yordam uchun zamonaviy, har jihatdan qulay avtomashinalar xizmatda. Bir paytlari otliqning ham tushiga kirmagan kompyuterlar, tibbiy jihozlarni aytmaysizmi? Endi faqat sidqidildan ishlash kerak, – deydi uzoq yillar el sog‘lig‘i yo‘lida xizmat qilgan mehnat faxriysi Risolat opa Abilova.
Yigirma yildan oshdiki, qishlog‘imizda bir nechta vrachlik ambulatoriyalari, shifoxona, sanatoriy faoliyat ko‘rsatib kelayapti. Ular zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan.
Ha, mamlakatimizning barcha go‘shalari qatori bizning qishloq ham kundan-kunga go‘zallashib borayapti.
– Shukronalar bo‘lsinki, istiqlol tufayli baxtli, shodumon kunlarni ko‘rish nasib etdi. Birgina bizning qishloqda shunchalik o‘zgarish-a. Ilohim, el-yurt hamisha tinch, omon bo‘lsin. Hur diyorimiz – O‘zbekistonimizga ko‘z tegmasin. Har bir inson farzandlari baxtini ko‘rsin! – degan so‘zni onajonim bot-bot takrorlar edi. Bu so‘zlar hanuz qulog‘im ostida jaranglaydi.
Tibbiyot sohasidagi ijobiy o‘zgarishlarni, yutuqlarni ko‘rganimda ko‘z o‘ngimda beixtiyor onajonim – Gavhar do‘xtir siymosi namoyon bo‘ladi. Go‘yoki onajonim nafaqat menga balki, hamqishloqlarimizga ham mehr bilan boqib turganga o‘xshaydi.
Abdulla AYIZOV,
Qashqadaryo viloyati