Kanalar – xavfli xastaliklar manbai
Qrim — Qongo gemorragik isitmasi oqibatlari
Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligi virus qo‘zg‘atadigan, kanalar orqali transmissiv yo‘l bilan yuqadigan,tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.
Uni virus qo‘zg‘atadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod nomli kanalar xastalik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisoblanadi. Kemiruvchilar, yirik va mayda shoxli mollar ushbu virusning manbalaridir.
Cho‘l hududlari, ya’ni tabiiy o‘choqlar bilan bog‘liq bo‘lgan kasb egalarida (cho‘pon, ularning oila a’zolari, mol boquvchilar, ovchilar, qo‘ylar junini qirqimiga vaqtinchalik ishga jalb etilganlar) bu infeksiyaga yo‘liqish ehtimoli yuqori. Gemorragik isitma mavsumiylik xususiyatiga ega bo‘lib, asosan yilning bahor va yoz fasllarida qayd etiladi. Kasallikdagi bunday mavsumiylik kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Dardning 80 foizdan ko‘prog‘i 20 – 60 yoshdagi erkaklarda uchraydi.
Ushbu kasallik tabiiy sharoitda o‘zida gemorragik isitma virusini saqlaydigan kanalarning chaqishi va qo‘llarni kana qoni bilan ifloslanishi natijasida odamlarga yuqadi. Uning yana bir xavfli tomoni bemorning qoni orqali ham sog‘lom odamga yuqishidir.
Respublikamizning juda katta maydoni gemorragik isitma bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanib, bugungi kunda ushbu hududlarda virus tarqoq holatlarda (sporadik) uchrab turadi.
Virus bilan zararlangan kanalarning tarqalishiga kasallik bog‘liq bo‘lib, tabiiy o‘choqli bo‘lmagan hududlarda ham uchrashi mumkin. Bundan tashqari xastalikning respublikamiz hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalish xavfi ham mavjud. Uning yashirin davri o‘rtacha 2 – 3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi. Bu dard o‘tkir boshlanib, bemorda tana haroratining ko‘tarilishi (39 – 40 ºS), yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilarining qizarishi,badanning sovqotib qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, toshma toshishi, milk, burun, me’da-ichakdan qon ketishi, in’yeksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Ba’zida kasallik og‘ir kechib, o‘lim holatlari ham qayd etiladi.
Mazkur kasallik gemorragik shaklda ham kechishi mumkin. Xastalikning bu shaklida badanda toshmalar toshmaydi, unda qontalashlar kuzatilmaydi, ichki a’zolardan qon ketmaydi. U asosan isitma va intoksikatsiya(zaharlanish) alomatlari bilan kechadi. Bemordan laboratoriya tekshiruvi uchun qon olish hamda teri butunligi buzilishi bilan kechadigan muolajalarni amalga oshirish jarayonida ehtiyot chorasi ko‘rilmasa tibbiyot xodimiga ham kasallik yuqishi mumkin.
Qrim – Kongo gemorragik isitmasidan saqlanish uchun quyidagi tavsiyalar amalga oshirilishi zarur:
Agar odam badaniga kana yopishganligini aniqlasa yaqin joylashgan tibbiyot muassasasiga murojaat qilishi kerak. Mabodo yosh bolaga bu hasharot yopishgan bo‘lsa, kattalardan biri uni ehtiyotkorlik bilan olishi mumkin. Zinhor kanani himoyalanmagan qo‘llar bilan olib tashlamaslik kerak.
Dastlab kana yopishgan joyga 2-3 tomchi o‘simlik yog‘i tomizib, 10-15 daqiqa kutiladi. Shundan so‘ng odam qo‘llariga rezina qo‘lqop kiyib, pinset yoki ip yordamida sekin-asta teriga yopishgan jonzotni olishi kerak. U yopishgan joyga paxtali tayoqcha yordamida yod surtiladi va ustiga bakteritsid plastir yopishtiriladi. Hasharot penitsillin flakoniga solinib, og‘zi tiqin bilan bekitiladi va undagi zararkunanda yoqib tashlanadi.
Qo‘llarga kiyilgan rezina qo‘lqoplar yechilmasdan turib 70 0 li etil spirti bilan ishlov berilib, so‘ngra ular ham yechiladi va yoqib yuboriladi. Bundan tashqari kana chaqishidan ehtiyot bo‘lish maqsadida teri yuzasi imkon qadar kiyimlar bilan bekitilishi kerak. Kana ko‘pincha oyoq tomondan o‘rmalab kirishini inobatga olib, shimning pochalari mahkam bog‘lanishi kerak.
Terini kana chaqishidan asrash uchun cho‘chituvchi maxsus dori vositalari, ya’ni repellentlardan ham foydalanish mumkin. Bunday vositalar dorixonalarda sotiladi. Cho‘chituvchi vositalar teri yuzasiga purkaladi, ularning ta’siri 3 soatgacha davom etadi. Undan so‘ng terini repellent purkalgan qismi xo‘jalik sovuni yordamida yuvib tashlanadi va zarurat bo‘lganda yana bu muolaja takroran qo‘llaniladi.
Umuman agar biror kishini kana chaqsa yoki uning badaniga uning yopishganini ko‘rsa, qo‘llari hasharot qoni bilan ifloslansa albatta zudlik bilan tibbiy muassasaga borishi shart. Shuningdek, kishi isitmasi chiqqan, burni, milki, me’da – ichak va bachadonidan qon ketgan bemorga yordam ko‘rsatsa hamda xasta kishining qoni uning terisi va shilliq qavatlariga tekkan bo‘lsa, unda yordam ko‘rsatgan odam ham tibbiy yordamga murojaat etishi zarur!
Kanalarni qo‘l bilan ezib va junqaychi bilan kesib o‘ldirmaslik lozim. Jun qirqimi mavsumiga yosh bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni jalb etmaslik darkor. Yana sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan olmaslik, shuningdek, qirqim vaqtida faqat maxsus himoya kiyimlaridan (qo‘lqop, yeng va poychalari mustahkam berkiladigan shim, kamzul, klyonka fartuk, rezina etik) foydalanish, shaxsiy gigiyena qoidalariga jiddiy amal qilish xastalikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kana chaqishidan ehtiyot bo‘lish – bu Qrim – Kongo gemorragik isitmasi kasalligining oldini olishning muhim chorasi ekanligini har bir fuqaro unutmasligi kerak.
Bahrom ALMATOV,
Respublika Davlat sanitariya
epidemiologiya nazorati markazi bosh vrachi