Onlayn ijodiy uchrashuv
Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Multimedia umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo bilan onlayn muloqot bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va poytaxtimizdagi maktablarda tahsil olayotgan o‘quvchilar, adabiyot fani o‘qituvchilari hamda ARM xodimlari qatnashdi. Respublika bolalar kutubxonasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tadbir adabiyotga ixlosmand o‘g‘il-qizlarda katta qiziqish uyg‘otdi.
– She’rlarini sevib o‘qib, yod olib yuradiganim, iste’dodli shoir Iqbol Mirzo bilan muloqot bo‘lishini eshitib, o‘qituvchimizga ergashdim. Shoirning mashhur she’rlarini uning o‘zidan eshitish hamda savollarimizga javob olish ham maroqli, ham hayajonli, – deydi poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 28-maktab o‘quvchisi Sitora To‘xtamurodova. – Kelib ko‘rdimki, yurtimizning turli hududlarida men kabi muxlislar ko‘p ekan. Ayniqsa, viloyatlardagi tengdoshlarimning adabiyot, she’riyat borasida bildirgan fikrlari, shoirga berayotgan savollari menda katta taassurot qoldirdi. Hali maktabning quyi sinfida o‘qishiga qaramay, xuddi kattalardek fikr yuritayotgan uka-singillarimni tinglab havasim keldi.
Shoirning she’rlari ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi. Kitob insonni yuksaltirishi, mutolaa ko‘ngilni tarbiyalashi haqidagi fikrlar barchaga manzur bo‘ldi.
Shuningdek, muloqotda taniqli yozuvchi Muhammad Sharif va “Erkatoy” jurnali bosh muharriri Nodirbek Yusupov ishtirok etdi. Tadbir doirasida Iqbol Mirzoning bolalarga atab yozilgan she’rlari jamlangan “Erkatoy erkatoylar” nomli kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi.
Dilmurod DO‘STBEKOV