Ezgu tashabbuslar, izchil islohotlar aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda mustahkam poydevor bo‘lmoqda

Har bir mamlakatning kuch-qudrati, jahon miqyosidagi nufuzi, obro‘-e’tibori, eng avvalo, shu yurtda odamlar qanday hayot kechirayotganligiga qarab belgilanadi. Zero, bugungi kunda davlat va jamiyatning taraqqiyot ko‘rsatkichi inson va uning manfaatlari, turmush darajasiga berilayotgan e’tibor, shu yo‘ldagi sa’y-harakatlar bilan o‘lchanishi barchamizga ayon.

Shu ma’noda bugun mamlakatimizda davlat va jamiyatni rivojlantirish, yurtimiz obro‘-e’tiborini yanada yuksaltirish, xalqimiz turmush darajasini oshirish borasida tom ma’nodagi yangilanish va rivojlanish jarayonlari kechmoqda. Bu, albatta, sog‘liqni saqlash tizimi faoliyatiga ham taalluqlidir. Prezidentimiz Sh.Mirziyoevning har bir ma’ruzasi va uchrashuvlardagi nutqida ham xalqimizni rozi qilish uchun avvalo sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan talabni qondirishimiz lozimligi takror va takror aytilmoqda. Ayniqsa, davlatimiz rahbari joriy yil 5 yanvar va 7 fevral kunlari sog‘liqni saqlash sohasi vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlari, shuningdek, Prezidentimiz raisligida 30 mart kuni o‘tkazilgan videoselektor majlis ham tizimning bugungi holatini tahlil qilib, mavjud masalalarni hal etishda, xalqimiz salomatligini yanada mustahkamlash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim burilish yasab berdi.

Barchamiz guvohi bo‘lib turibmizki, mamlakatimiz rahbari boshchiligida amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida, avvalo, inson manfaatlarini ta’minlash, xalqimizning qonuniy talab va ehtiyojlarini qondirish, fuqarolarning hayotdan mamnun bo‘lib yashashi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish kabi ezgu maqsad mujassam. Bugun poytaxt aholisidan tortib, eng chekka hududlarda yashovchi fuqarolar ham kundalik hayot tarzida ushbu sa’y-harakatlarning ijobiy natijalarini his qilib yashamoqda. Zero, 2017 yilning “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilinishida ham ayni shu maqsad ko‘zlangan edi. Aslini olganda, inson manfaatlari deganda, avvalo, uning salomatligi, zamonaviy tibbiy xizmatdan to‘laqonli foydalanishi ko‘z oldimizda gavdalanadi.

Ta’kidlash o‘rinliki, aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishda sohada qabul qilinayotgan huquqiy hujjatlar mustahkam poydevor bo‘lmoqda. Qisqa fursat ichida sohani yanada rivojlantirish, ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar ko‘lami va sifatini oshirishga qaratilgan Prezidenti- mizning qator farmon va qarorlari qabul qilinib, hayotga tatbiq etildi. Xususan, aholini sifatli va arzon dori-darmon vositalari bilan ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, shoshilinch tibbiy yordamni takomillashtirish,birlamchi tibbiyot tizimini yanada yaxshilash, xususiy sektorni rivojlantirishga doir qabul qilingan me’yoriy hujjatlar buning yaqqol isbotidir.

Har qanday ishning samarasi uning bosqichma-bosqich rejali asosda olib borilishiga bog‘liq. Bu tamoyilga rioya etilgan holda sog‘liqni saqlash sohasining har bir bo‘g‘ini tizimli va izchil isloh etilayotir.

Birlamchi bo‘g‘in rivoji

Davlatimiz rahbarining “Biz uchun bebaho boylik bo‘lgan inson salomatligini asrash maqsadida sog‘liqni saqlash sohasini, eng avvalo, uning birlamchi bo‘g‘inidagi bo‘linmalari va qishloq vrachlik punktlari faoliyatini tubdan takomillashtirish, tez tibbiy yordam va yuqori texnologiyalar asosida xizmat ko‘rsatadigan, ixtisoslashgan maxsus markazlarni yanada rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish hukumatning e’tibor markazida bo‘lishi darkor”, degan so‘zlari birlamchi bo‘g‘inda faoliyat yuritayotgan har bir tibbiyot xodimi zimmasida ulkan mas’uliyat borligini ko‘rsatmoqda. Demak, birlamchi tibbiy-sanitariya xizmati ishini ushbu mezonlar asosida, xalqimizning talab va ehtiyojlarini inobatga olgan holda tashkil etish bugungi kun talabidir. Shu maqsadda, aholiga eng yaqin bo‘g‘in hisoblangan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami xizmatida ham qator islohotlar olib borilmoqda.

Tug‘ri, o‘z vaqtida qishloq vrachlik punktlari tarmog‘i yaratilgandi. O‘sha paytdagi sharoitda mazkur tizim katta yutuqqa aylangani ham bor gap. Ammo hozirga kelib, faqat shu bilan cheklanib qolish yaramaydi. Boisi endilikda butun jahon tibbiyotida kasallikning oldini olish, profilaktika qilish ustuvor maqsad sifatida qo‘yilgani holda, yangicha qoidalar asosida faoliyat yuritilmoqda. Shuningdek, tezkorlik, bemorlar uchun qulaylik yaratish va boshqa yo‘nalishlardagi tamoyillarda ham zamon talablari o‘zgargan.

Prezidentimiz tashabbusi bilan tuzilgan maxsus Komissiya tomonidan qishloq vrachlik punktlari joylashuvi, texnik jihozlanganligi va ularda ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifati to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazildi va QVPlarning ma’lum qismi samarasiz ishlayotgani oydinlashdi. Bunday vaziyatda eng to‘g‘ri yechim, albatta, samarasiz faoliyat yuritayotgan muassasalarni optimallashtirishdir. Shu bois, mazkur Qarorda xalqimiz ehtiyojidan kelib chiqqan holda ular negizida kunduzgi stansionarli qishloq oilaviy poliklinikalar ham tashkil etish, ularni arzon va sifatli dori vositalari ta’minlash belgilandi.

Aholi uchun yaratilgan yana bir qulaylik — QVPlar bazasida 400 dan ziyod tez tibbiy yordam tarmog‘ining podstansiyalarini tashkil etish bo‘ldi. Bu esa tibbiy xizmatning tezkorligini ta’minlashda qo‘l kelishi tayin. Shu o‘rinda qishloq vrachlik punktlari shifokorlarini qo‘llab-quvvatlash hamda aholiga uzluksiz tibbiy yordam ko‘rsatilishi uchun imkoniyat yaratish masalalari ham davlatimiz e’tiboridan chetda qolayotgani yo‘q. Ya’ni 600 dan ortiq QVP binolarini qishloq shifokorlari uchun xizmat uy-joyi sifatida foydalanishga berish ko‘zda tutilgan.

Yana o‘qing:  PARVOZ ZAVQI VA MASHAQQATLARI

Qishloq vrachlik punktlarida kasalliklarning oldini olish va profilaktikasi bo‘yicha zamonaviy tizimni yo‘lga qo‘yish, patronaj ishlari samaradorligini oshirish, 5 ta tor ixtisoslik bo‘yicha tibbiy xizmat turlarini ko‘rsatish uchun sharoitlar yaratish yo‘lga qo‘yilmoqda. Oilaviy poliklinikalar va ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda ish vaqtini uzaytirish xalqimiz ehtiyoji talabidir. Shu bois, endi qishloq vrachlik punktlari, oilaviy va ko‘p tarmoqli poliklinikalar aholiga 20.00 gacha xizmat ko‘rsatishi belgilandi. Bu esa birlamchi yordamdan foydalanish imkoniyatini kengaytirib, ish samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, QVP va qishloq oilaviy poliklinikalarida ko‘rsatiladigan ixtisoslashgan tibbiy xizmatlar turini tibbiy xodimlarning tegishli lavozimlarini joriy etish bilan kengaytirish, ilmiy-amaliy markaz va klinikalar tomonidan ixtisoslashgan xizmatlar tizimini yaratishda amaliy ko‘mak berishga alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Patronaj xizmati — bugun barcha xizmatlar markazida

Tibbiyot hamisha rivojlanishni, islohotni talab etuvchi soha. Bu borada zamon bilan hamnafaslik, yangi amaliyotlarni o‘zlashtirishda bir dam bo‘lsin ortda qolish yaramaydi. Ayniqa, aholiga eng yaqin tibbiy bo‘g‘in hisoblangan patronaj xizmati aholining ehtiyojlari, yashash sharoiti, ijtimoiy holatiga moslashgan holda o‘z xizmatini taqdim etib borishi lozim. Xalqaro tajribalar ham shuni ko‘rsatmoqdaki, agar patronaj xizmati samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, tibbiyotning keyingi bo‘g‘inlarida ham bu o‘z natijasini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazardan mamlakatimizda ham tibbiy patronaj xizmati yangi bosqichga ko‘tarildi. Keling, ushbu xizmat doirasida qanday yangiliklar va ijobiy o‘zgarishlar kuzatilayotganini tahlil qilib ko‘raylik.

 

Bugun ushbu bo‘g‘inga tibbiy-profilaktika tadbirlarini tashkil etishda asosiy ko‘makchi, oilalarda tibbiy-ijtimoiy ahvolni o‘rganish, onalik va bolalikni muhofaza qilishda muhim omil sifatida qaralmoqda. Bu xizmatning o‘ziga xosligi shundaki, patronaj jarayonida fuqaro murojaati kutilmaydi. Aksincha, tibbiyot xodimining o‘zi oilaga kirib borib, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qiladi, ya’ni, kasallikka chalinmaslikni, salomatlikni mustahkamlashni o‘rgatadi. Shu bois ularni xalqimiz o‘ziga yaqin olib, “Oila hamshirasi”, “Oila shifokori”, deb ataydi.

Patronaj xizmati, oila hamshirasi va shifokori ishini tashkil etish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yurtimizda mustahkam huquqiy asos yaratilgan. Jumladan, Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli buyruqlari bilan oila hamshirasining lavozim vazifalari, onalik va bolalikni, qariyalar salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha asosiy ko‘nikmalari belgilab qo‘yilgan. Ya’ni bir patronaj hamshira kuniga eng kamida oltita xonadonda profilaktik tadbirlarni amalga oshiradi. Xususan, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar, yolg‘iz qariya, nogiron va bir yoshgacha bolalar, nogiron bolalar, homiladorlar oyda bir marta; yosh oilalar yiliga ikki marta; yangi tuqqan ayollar tug‘ruqdan so‘ng 42 kun davomida 3 marta jadval asosida, maqsadli patronaj qilinayotir. Shuningdek, surunkali kasalikka chalingan bemorlarni dispanser ko‘riklarini tashkillashtirish, emlashdan keyingi nazorat, tibbiy-sanitariya yordami, uy xo‘jaliklari patronaji va sog‘lom turmush tarzi xususida suhbatlar o‘tkazish bo‘yicha ham tizimli mexanizm amaliyotga tatbiq etilgan. Tibbiyot xodimining aholi orasiga bu qadar chuqur kirib borishi fuqarolar sog‘lig‘ini asrab-avaylashda muhim o‘rin tutmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 2 noyabrdagi “2016 — 2020 yillarda O‘zbekistonda onalik va bolalikni muhofaza qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, patronaj xizmati bilan qamrab olinganlik ko‘rsatkichini 100 foizga yetkazish va bu orqali aholining reproduktiv salomatligini yanada mustahkamlash, onalar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini muhofaza qilish, alohida parvarishga muhtoj qatlamni doimiy nazoratga olish ko‘zda tutilgan.

Xizmati beminnat bo‘lgan patronaj hamshiralar tibbiyot sohasining tayanch kuchiga aylanib ulgurdi. Bugun ular o‘zini 32 milliondan ortiq xalqimizning salomatligiga asosiy javobgar bo‘g‘in ekanini his etmoqda. Ushbu mas’uliyat doimiy o‘z ustida ishlash, ushbu maqomga har tomonlama munosib bo‘lishga intilishni talab etadi.

Kafolatli, sifatli va tezkor

Zamon shiddat bilan o‘zgarmoqda. Shunga muvofiq odamlarning xohish va ehtiyojlari ham oshib borayotir. Jumladan, xalqimiz bugungi kun talablariga javob beradigan malakali tibbiy xizmatdan bahramand bo‘lishni istayapti. Bu esa tibbiyotning barcha bo‘g‘inlari qatori shoshilinch tibbiy yordam xizmatida ham keng qamrovli islohotlarni amalga oshirish, pirovardida mutlaqo yangicha asosda ishlashga o‘tish zaruratini yuzaga keltirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16 mart kuni imzolangan “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “Shoshilinch tibbiy yordamning faoliyatini tashkil etishni yanada takomillashtirish va moddiy-texnika bazasini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ayni shu maqsadlarni ko‘zlagani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Farmonda mazkur tizimni takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlarini belgilash, tez tibbiy yordam xizmatining sifat va samaradorligini oshirish, shoshilinch tibbiy yordam sohasidagi ilmiy tadqiqotlar ko‘lamini kengaytirish hamda bu borada xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab berildi.

Yana o‘qing:  Tez tibbiy yordam shifokori mas’uliyati: mashaqqat va muvaffaqiyatlar

 

O‘tkazilgan sarhisoblar shuni ko‘rsatmoqdaki, soha rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar natijasida shoshilinch tibbiy yordam tizimida yiliga 600 ming nafardan ziyod bemorga yuqori malakali statsionar va 1 million nafardan ortiq bemorga ambulator yordam hamda 7 milliondan ziyod chaqiriqlar bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda.

Shu nuqati nazardan bugun mazkur farmonda belgilangan vazifalar ijrosi, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqbol rejalar har birimizni qiziqtirishi tayin.

Shoshilinch tibbiy yordam xizmatining tezkorligi, eng avvalo, tez tibbiy yordam avtotransport vositalarining mavjudligi va ularning soz holatda bo‘lishiga bog‘liq. Shu bois Farmonda avtotransport vositalari bilan bog‘liq masalalarni hal etishga qaratilgan qator chora-tadbirlar ko‘zda tutilgan. Ya’ni yil oxirigacha 1200 ta tez tibbiy yordamga ixtisoslashtirilgan avtotransport vositalari sotib olinishi rejalashtirilgan bo‘lsa, shu kunlarda zarur vositalar bilan jihozlangan tez tibbiy yordam avtomobilari xarid qilina boshlandi. Ayni kunlarda ular ehtiyoj baland bo‘lgan hududlarga berilmoqda.

Tez yordam xizmatida avtomobillarning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun sohada modernizatsiyalash jarayoni jadallik bilan kechmoqda. Xususan, tez yordam xizmati dispetcheriga avtomobil qayerdaligi haqida ma’lumot berib, murojaat qilingan manzilga yaqinroq xodimlarni tezroq yuborish imkoniyatini beruvchi GPS uskunalari o‘rnatilmoqda.

Amaliyotdan ma’lumki, shoshilinch holatlarda zudlik bilan malakali mutaxassis yetib borishining o‘zi kifoya qilmaydi. Bemorga yordam ko‘rsatish uchun zarur vositalarga ham ega bo‘lish muhimdir. Shu bois shoshilinch yordam brigadalarini zarur preparatlar bilan ta’minlash mexanizmi qayta ko‘rib chiqildi. Sog‘liqni saqlash vazirining tegishli buyrug‘i bilan tez tibbiy yordam xizmatining bitta ko‘chma brigadasida 41 nomdagi dori vositalari bo‘lishi belgilandi.

Shiddat bilan rivojlanib borayotgan texnika asrida dispetcherlik xizmatlarini yaxshilash, uning kechayu kunduz samarali ishlashini ta’minlash muhim talablardan biri. Shu maqsadda, 2017 yilning 1 iyuligacha yagona ma’lumotlar bazasi va ma’lumotlarni uzatish tarmog‘ini yaratgan holda, tez tibbiy yordam brigadalarining faoliyatini tezkor boshqarish va muvofiqlashtirilishini ta’minlovchi dispetcherlik xizmatlari faoliyatini tashkil qilish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuasi ishlab chiqiladi.

Shu o‘rinda dispetcherlarning kasbiy mahorati va malakasi ham nazardan chetda qolayotgani yo‘q. Endi tez tibbiy yordam faoliyatidagi dispetcherdan faqat murojaatni yozib olib, uni kerakli mutaxassisga yetkazishdan tashqari, tibbiy bilim ham talab etiladi. Chunki zarur holatda u murojaat qiluvchiga yordam yetib borguniga qadar ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan birinchi tibbiy yordam bo‘yicha maslahatlar bera olishi ham kerak.

Shoshilinch tibbiy yordam haqida so‘z borganda biz avvalo kafolatlangan, sifatli va tezkor tibbiy yordamni tasavvur qilamiz. Prezidentimizning “Shoshilinch tibbiy yordamni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonining bosh mezoni ham ayni shu maqsadga qaratilgan. Farmonda belgilangan vazifalar va berilayotgan imtiyozlar, soha uchun ajratilayotgan zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar tizim mutaxassislari olib borayotgan ilmiy izlanishlarning saviyasini yuksak darajada oshirish, shoshilinch holatlarda diagnostika va davolashning yangi istiqbolli usullarini ishlab chiqish, rivojlantirish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.

Dori-darmon narxi arzonlashdi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev o‘z chiqishlarida aholini dori-darmon bilan ta’minlash masalasiga bir necha bor to‘xtalib, “Arzon va ishonchli dori-darmon bilan ta’minlash masalasida bugun biz aholimizdan qarzdormiz va o‘ylaymanki, bu qarzni uzish vaqti keldi…” deya qat’iy ta’kilagan edi.

Shu maqsadda, 2016 yilning 31 oktyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholini dori-darmonlar va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilinib, tegishli mutasaddi vazirlik va idoralar oldiga aniq vazifalar qo‘yildi. Bugun mazkur qaror asosida yaratilgan qulayliklar va imtiyozlarni har bir vatandoshimiz kundalik turmush tarzida ko‘rib, his qilib turibdi. Zero, ushbu hujjat tom ma’noda xalq manfaatlariga qaratilgan va uning ijrosi ham shunga muvofiq bekamu ko‘st amalga oshirilishi shart.

Ochig‘i, keyingi vaqtlarda bemorlarga retsept yozishda mavjud me’yor-qoidalarni buzish, mahalliy mahsulotlar qolib, chet elda ishlab chiqarilgan dori-darmon vositalarini buyurish holatlari ko‘paygan edi. Qolaversa, dorixonalarda pereparatlar bahosining turlicha ekani aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘ldi. Mazkur qarorga muvofiq, bunday holatlarni bartaraf etish maqsadida 2017 yilning 1 yanvaridan yangi tartib-qoida joriy etildi. Endilikda chetdan olib kelinadigan, shuningdek, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilaridan sotib olinadigan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlarini ulgurji va chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llanilgan holda amalga oshiriladi.

Tibbiyotda keng qo‘llaniladigan 300 dan ortiq nomdagi ijtimoiy ahamiyatga ega dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun muayyan narxlar joriy etildi. Bu narxlar davolash muassasalari va aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni tizimli asosda nazorat qilish bo‘yicha tashkil etilgan Respublika komissiyasi tomonidan dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari uchun jahon narxlari kon’yunkturasini tahlil qilish asosida o‘rnatilgan tartibda har chorakda belgilanmoqda.

Yana o‘qing:  Yaxshi yil bahoridan ma’lum...

Umuman olganda, ushbu qarorning hayotga tatbiq etilishi ichki bozorni arzon va sifatli dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan yanada to‘liq ta’minlash, tashxis qo‘yish va davolash standartlarida ko‘zda tutilmagan hamda qimmat import dori vositalarini tavsiya etish bo‘yicha nomaqbul amaliyotning oldini olish va kelgusida bunday hollarga yo‘l qo‘ymaslik imkonini beradi.

Shuningdek, 2017 yilning 1 yanvaridan boshlab respublikamizdagi barcha dorixonalarda “Iste’molchilar burchagi” tashkil etilib, unda eng zarur dori vositalari va tibbiy buyumlarning minimal ro‘yxati, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxati, belgilangan narxlarda sotiladigan dori vositalari va tibbiy buyumlarning cheklangan narxlari, cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017 yillar uchun taqqosiy jadvalini osib qo‘yilishini ta’minlanmoqda.

Ushbu qaror aholiga moddiy jihatdan qanday manfaat keltirdi, degan aniq savolga aniq javob sifatida quyidagi raqamni keltirish kifoya. Cheklangan narxlarda sotuvga chiqariladigan mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarning 2016 va 2017 yillar uchun taqqosiy jadvali mahalliy dori vositalarining narxi 8 foizdan 44 foizgacha pasayganligini ko‘rsatdi. Demak, xalqimiz endi mahalliy dori vositalari va tibbiy buyumlarini sezilarli darajada past narxlarda xarid qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Imtiyoz imkoniyatni oshirmoqda

Xalqaro tajribalardan ma’lumki, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri — tibbiyot tizimining xususiy sektorini rivojlantirish hisoblanadi. Mamlakatimizda ham mazkur sektorni shakllantirish va barqaror rivojlantirish bo‘yicha tizimli, kompleks va maqsadli chora-tadbirlar izchil amalga oshirilishi natijasida tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi xususiy tibbiyot tashkilotlarining tarmog‘i yaratildi va faoliyat ko‘rsatmoqda. Natijada, so‘nggi 6 yilda mamlakatimizda xususiy tibbiyot muassasalari soni 2 barobar ko‘payib, 3,5 mingtaga yetdi. Ularni yuqori texnologiyali tibbiyot texnikasi bilan jihozlash darajasi 3 barobar oshdi. Ayniqsa, stomatologiya, laboratoriya tashxisi, terapiya, fizioterapiya, nevrologiya va boshqa sohalarga ixtisoslashgan xususiy tibbiyot muassasalari tarmog‘i keng rivojlangan.

Ammo ushbu ko‘rsatkichlar sog‘liqni saqlash tizimida xususiy sektorni rivojlantirish ko‘ngildagidek amalga oshirilgan, degan xulosa yasashga asos bo‘lolmaydi. Shu munosabat bilan, sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga har tomonlama ko‘maklashish, xususiy tibbiyot muassasalarining aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatishi uchun zarur sharoit yaratish maqsadida 2017 yil 1 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Sog‘liqni saqlash sohasida xususiy sektorni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror xususiy tibbiyot muassasalari faoliyatiga oid cheklovlarni kamaytirish, ular tomonidan ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat turlarini kengaytirish va sifatini yanada yaxshilashga, ayniqsa, tor ixtisoslikdagi tibbiyot sohalariga ilg‘or davolash usul va texnologiyalarini joriy qilishga, eng muhimi, xususiy tibbiyot sub’yektlarining qishloq joylarda rivojlanishi darajasini yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Zero, o‘tkazilgan tahlillar ham ularning uchdan bir qismidan ziyodi Toshkent shahri va viloyatida joylashganini ko‘rsatmoqda.

Ushbu huquqiy hujjatga binoan ruxsat etilgan tibbiy xizmat turlariga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, mikrojarrohlik, onkologiya, anesteziologiya va reanimatologiya, gelmintologiya, intervitsion kardiologiya, immunobiologik va immunoferment tashxis qo‘yish, qon-tomir, torakal va abdominal jarrohlik va tibbiyot sohasida talab yuqori bo‘lgan ko‘plab boshqa yo‘nalishlar kiritilgani e’tibor loyiq.

Qaror bilan xususiy tibbiyot muassasalariga keng ko‘lamli imtiyoz va preferensiyalar berilgani soha rivoji yo‘lida katta imkoniyatlar eshigini ochdi. Xususan, ushbu muassasalar 2022 yilning 1 yanvariga qadar barcha turdagi soliqlar va majburiy ajratmalar to‘lashdan ozod etildi. Davlatimiz tomonidan berilayotgan soliq imtiyozlari xususiy tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini sezilarli darajada mustahkamlashga hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga bepul tibbiy xizmat ko‘rsatishga yo‘naltiriladi.

Prezidentimiz tomonidan imzolangan mazkur qaror sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni yanada chuqurlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini jadal rivojlantirishni rag‘batlantirish, xalqimiz uchun munosib va sifatli hayot sharoitlarini yaratishga doir amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning mantiqiy davomi, shuningdek, «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan ezgu g‘oyani hayotga izchil tatbiq etish borasidagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Albatta, mana shunday hayotiy hujjatlarning mazmun-mohiyatidan anglashiladiki, yurtimizda olib borilayotgan har bir islohot, eng avvalo, inson manfaatlariga qaratilgan. Ushbu harakatlar el salomatligini asrash yo‘lidagi ulkan sa’y-harakatlar samaradorligini yanada oshirishi, shubhasizdir. Ana shu ezgu maqsadlarning mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan e’lon qilingan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida ro‘yobga chiqarilishi esa yanada hamiyatlidir

.

Furqat Sanayev,

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Axborot xizmati boshlig‘i.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: