Turizm: O‘zbekiston dunyo nigohida

Bugungi kunda turizm jahon iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biridir. O‘zbekistonda ham turizm sanoatini modernizatsiya qilish, sohani yanada rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, milliy turizm mahsulotlarini ko‘paytirish va ularni jahon bozorlarida targ‘ib qilish, turizm tarmog‘ini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz”da bo‘lib o‘tayotgan “Dam olish dunyosi – 2017” V xalqaro O‘zbekiston sayyohlik ko‘rgazmasi fikrimizning dalilidir.

Ushbu xalqaro ko‘rgazma O‘zbekistonda bahor-yoz sayyohlik mavsumini ochib beradigan o‘ziga xos loyiha bo‘lib, xorijliklarni mamlakatimizdagi dam olish maskanlariga keng jalb qilish, ichki turizmni rivojlantirish, yurtdoshlarimizning chet ellarga sayohatini uyushtirishda muhim ahamiyatga ega. Ko‘rgazma mahalliy va xorijiy turoperatorlarga yangi mavsum oldidan o‘z xizmat va imkoniyatlarini namoyish etishi, korporativ mijozlar bilan shartnomalar tuzish, ta’til mavsumiga oid rejalar ishlab chiqish uchun qulay imkoniyatlar yaratadi.

O‘zbekiston tarixiy qadamjolari ko‘pligi bo‘yicha dunyodagi yetakchi o‘n mamlakatdan biridir. Samarqand, Buxoro, Toshkent, Xiva, Shahrisabz kabi shaharlarimiz butun dunyoda qadrlanadi. Mamlakatimizda sayyohlikning ekoturizm, geoturizm, tarixiy va madaniy turizm, tibbiy, etnik, sport yo‘nalishlari, alpinizm kabi ko‘plab turlari izchil rivojlanmoqda. Barcha hududlarda yangi sayyohlik yo‘nalishlari ishlab chiqilmoqda, transport kommunikatsiyalari va xizmat ko‘rsatish izchil yaxshilanmoqda.

Mamlakatimizga kelayotgan sayyohlar tobora ko‘paymoqda. Masalan, har yili O‘zbekistonga dunyoning turli mintaqalaridan 2 milliondan ortiq sayyoh kelmoqda. Ularning aksariyati Germaniya, Fransiya, Italiya, Koreya Respublikasi, Yaponiya, Xitoy, Malayziya, Rossiya, Hindiston fuqarolaridir.

Bugungi kunda mamlakatimizda 530 dan ortiq turoperator va agentlik, 430 mehmonxona faoliyat yuritmoqda. Yurtimizda dunyoga mashhur otellar bilan birga kichik guruhlarda va oilaviy sayohat qiluvchilar uchun xususiy mehmonxonalar xizmat ko‘rsatmoqda. Dam olish turizmi sayyohlik biznesining talab yuqori bo‘lgan sohalaridan biridir.

“Dam olish dunyosi”da ichki va xalqaro turizm, ilmiy va sog‘lomlashtirish turizmi, sayyohlik ma’muriyatlari va milliy ofislar, turizm agentliklari va turoperatorlar, mehmonxonalar, sanatoriy-kurort majmualari, dam olish maskanlari, aviatashuv, transport va sug‘urta kompaniyalari, onlayn bron qilish tizimlari kabi bo‘limlar ishlab turibdi.

Mamlakatimizda ichki turizm ham tobora rivojlanmoqda. Har yili ko‘plab vatandoshlarimiz yurtimiz bo‘ylab sayohat qilmoqda. Viloyatlarning o‘ziga xos imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, manzilli dasturlar amalga oshirilmoqda. Turizm mahsulotlari va xizmatlarini ishlab chiqib, ularni ichki va xalqaro turizm bozorlarida targ‘ib qilish bo‘yicha strategiya ishlab chiqish, sohada reklama-axborot faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish, gidlar va boshqa xodimlarning bilim va malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yana o‘qing:  Iqtidorli bolajonlarimiz Turkiya sahnalarida

O‘zbekiston milliy pavilonida mamlakatimizning barcha hududidan sayyohlik firma va kompaniyalari ishtirok etmoqda. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning sayyohlik salohiyati keng namoyish etilmoqda. Maxsus ekspozitsiyalarda dasturxonga tortilgan o‘zbek milliy taomlari va turli meva-sabzavotlari, o‘zbek milliy liboslari namoyishi, milliy musiqiy merosimiz, hududlarning folklor san’atiga oid taqdimotlar tadbir qatnashchilari, ayniqsa, xorijlik mehmonlarga manzur bo‘layotir.

Xalqaro sayyohlik forumida mamlakatimizga sayyohlarni yanada keng jalb qilish borasida chet ellik mutaxassislar bilan o‘zaro fikr almashilmoqda, hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinmoqda. Xorijiy sayyohlik kompaniyalari, vazirlik va idoralar bilan hamkorlikka oid qator bitimlar imzolanayotir. Xususan, ko‘rgazmaning birinchi kunida O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi bilan Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport vazirligi o‘rtasida sayyohlik sohasida hamkorlikni rivojlantirishga oid hujjat imzolandi.

Ko‘rgazma doirasida “Tashkent Food Festival” milliy taomlar festivali ham ochildi. Festivalda ishtirokchilar milliy taomlarimiz, saxovatli zaminimizda yetishtirilgan sarxil meva-sabzavotlardan bahramand bo‘layotir.

Beshinchi marotaba o‘tkazilayotgan ko‘rgazmada Belgiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya, Germaniya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Malayziya, Misr, Ozarbayjon, Rossiya, Singapur, Tailand, Turkmaniston, Turkiya, Fransiya, Xitoy, Yaponiya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Hindiston kabi mamlakatlardan 200 ga yaqin firma va kompaniya vakillari ishtirok etmoqda.

“Dam olish dunyosi” xalqaro O‘zbekiston sayyohlik ko‘rgazmasi jahon jamoatchiligini mamlakatimizning ulkan turizm salohiyati bilan kengroq tanishtirish, xorijning sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirish, ularning O‘zbekiston bozorida o‘z o‘rnini mustahkamlashiga ko‘maklashishga, istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirishga xizmat qiladi.

 

N.NORBOBOYEV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: