“SALOMATLIK POYEZDI” NAVOIYDA
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar aholi salomatligi yo‘lidagi sa’y-harakatlarda namoyon bo‘layotgani e’tiborga loyiq. Ana shunday ezgu ishlarni amalga oshirish borasida qator yillardan buyon respublikamiz bo‘ylab safarda bo‘layotgan “Salomatlik poyezdi” navbatdagi faoliyatini joriy yilning 23-30 mart kunlari Navoiy viloyatida davom ettirmoqda.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksionerlik kompaniyasi hamkorlikda amalga oshirayotgan mazkur aksiya davomida viloyatning “Tinchlik-Konimex-Qaraqata-Mustaqillik-Buzouboy-Uchquduq II” yo‘nalishlaridagi aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish ishlari amalga oshirilmoqda. Dastlab “Tinchlik” stansiyasiga kelib to‘xtagan “Salomatlik poyezdi”ning poytaxtdan kelgan tajribali shifokorlari Karmana, Navbahor, Nurota, Qiziltepa tumanlari aholisini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib tegishli tavsiyalar berishdi. Ayniqsa, poyezdning mavjud UTT, EKG kabi zamonaviy tibbiy uskunalarida aholining ko‘rikdan o‘tkazilishi aniq tashxis uchun qulaylik yaratdi.
– Bu yerga farzandlarim To‘maris va Islomjonlar bilan kelgandim, – deydi Dilorom G‘afforova. – Tibbiy ko‘rik sifatli tashkil qilingani bois sog‘lom turmush tarziga amal qilish borasida ham ko‘plab maslahatlar oldim. Ayniqsa, malakali mutaxassis, okulist Ulug‘bek Ikromovdan ko‘zni asrash, uni chang va quyosh nurlaridan himoyalash borasidagi tavsiyalari tibbiy savodxonlik borasida bilimini boyitdi.
– Qon bosimim oshib, tez-tez betob bo‘lib qolardim, – deya ta’kidlaydi Ra’no Jo‘rayeva. – Sog‘ayishim uchun zarur bo‘lgan dori-darmonlarni olganimdan xursandman. Shuningdek, “Salomatlik poyezdi” da bolalarimga ham kerakli dori-darmonlar bor ekan.
– Ertalab sakkizdan kech oltigacha bo‘lgan vaqtda yuzlab xotin-qizlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazayapmiz. Kasallik alomatlari sezilganda yo‘llanma asosida tibbiyot muassasalariga davolanishga jo‘natayapmiz. Quvonarlisi, ayollar orasida o‘tgan yilga nisbatan ko‘p uchraydigan kamqonlik, bepushtlik kasalliklari ancha kamaygan,– deydi ginekolog Durdona Sultonova. “Salomatlik poyezdi” aksiyasi davomida kam ta’minlangan, fertil yoshidagi xotin-qizlar va 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarga bepul dori-darmonlar, sanitariya-gigiyena vositalari, kiyim-kechaklar, oziq-ovqat mahsulotlari bepul tarqatilmoqda.
El salomatligi yo‘lidagi bu ezgu ishlar insonparvarlik namunasi sifatida e’tirofga loyiqdir. Zero, O‘zbekiston Respublikasi bo‘ylab kezayotgan “Salomatlik poyezdi” yana necha minglab yurtdoshlarimiz dardiga darmon bo‘lib quvonch hadya etishi shubhasiz.
Zulfiya BOBOYEVA,
Abdumutal NORBOYEV,
Navoiy viloyati