Milliy xalq o‘yinlari
Yosh avlodni barkamol insonlar etib tarbiyalashda ajdodlarimizning dono o‘gitlari bilan birga, ular tomonidan o‘ylab topilgan milliy halq o‘yinlarining ham o‘rni beqiyosdir.
Bunday o‘yinlar ming yillar davomida ommalashib, xalqning ijtimoiy hayoti, maishiy turmush tarzi negizida taraqqiy etib, bizgacha yetib kelgan. Ayniqsa, Navro‘z, sumalak sayllarini xalq o‘yinlarisiz tasavvur etish qiyin. Ularning esa sanab sanog‘iga, aytib adog‘iga yetib bo‘lmaydi.
“Chirkash” o‘yini
Bu o‘yin yoshlarni epchil, chaqqon bo‘lishida muhim ahamiyatga ega. Uni o‘ynash uchun bolalar olti-sakkiztadan ikki guruhga bo‘linadi. Kelishilgan holda bir guruh qochadi, ikkinchisi esa ularning ortidan quvlaydi. Bunda har bir bola bittadan raqib guruhdagi bolani quvib yetishi, biror joyiga oyoq tekkizishi kerak. Kamida besh-oltita bolaga yetib oyog‘ini tekizgandagina quvlayotgan guruh raqib guruh ustidan g‘alaba qozongan hisoblanadi. Agar qochayotgan bolalardan biri chaqqonlik qilib quvlab kelayotgan bolalar o‘rtasidan kesib o‘tsa, orqa tomondan kelayotgan bolalar asir tushgan sanalib, o‘yindan chiqadi. O‘yin shu tartibda boshqa ishtirokchilar bilan davom etaveradi.
“ChillAk” o‘yini
Bu o‘yin boshlanishidan oldin shunday she’r o‘qishgan:
Chillak o‘ynadim childay bo‘lib,
Yangi ochilgan gulday bo‘lib.
O‘ynaymiz biz yoshlar jam bo‘lib,
Sayragan bulbulday bo‘lib.
O‘yin uchun 1 metrlar chamasidagi tayoqcha kerak bo‘ladi. Uning nomi enasop galdastadir. Enasop 2-2,5 sm qalinlikda, 1-1,5 m uzunlikda va boshi o‘rta qismiga nisbatan ingichkaroq bo‘ladi.
Enasopning chilligi (bolasopi) bo‘ladi. Uning uzunligi 20-25 sm. qalinligi esa 1,5-2 sm. Chillikning ikki uchi qalamdek yo‘niladi. Enasop bilan urilgan chillik havoga sakraydi. So‘ng havodagi chillik enasop bilan bexato urib, uzoqqa yo‘naltiriladi. Enasop bilan chillik urganda unga tegmay ketsa, ikkinchi bor uriladi, u ham tegmasa, uchinchi bor harakat qilish zarur. Bu gal ham tegmasa, o‘yin navbati o‘tib ketadi.
Har bir o‘yinning o‘ziga xos xususiyatlari va nozik tomonlari, yechimlari bor. Ular qatnashchilardan aql-farosat, o‘yin madaniyatini, jismoniy baquvvatlikni, jasurlikni talab qiladi. Kimdaki mazkur sifatlar yetishmasa, uni shu o‘yinlar tarbiyalab boradi.
Adolat XUDOYBERDIYEVA