Yuksak e’tirofni oqlayman
Yurtimizga bahor kelishi bilan bayramlar shodiyonalarga ulanadi. Daraxtlarning oppoq gulga burkanishi, ko‘klam tabiatining ajib tarovati, inson qalbiga o‘zgacha xush kayfiyat ulashadi.
Quvonarlisi, ayni kunlarda diyorimiz bo‘ylab Navro‘zi olam shukuhi kezib yuribdi. Joylarda xalq sayllari o‘tkazilib, yurtdoshlarimiz bayramni katta xursandchilik bilan nishonlamoqda. Shunday betakror lahzalarda jannatmakon yurtda tug‘ilganimdan, O‘zbekiston farzandi ekanimdan qalbim cheksiz g‘ururga to‘ladi.
Shu o‘rinda aytish kerakki, mamlakatimizda xotin-qizlar sportini rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar bois, yildan-yilga sportchi qizlar safi kengayib bormoqda. Yoshlarning jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk shaxs bo‘lib voyaga yetishi, ona Vatanimiz qudratiga qudrat qo‘shib, yurtga naf keltiradigan aql-zakovatli, yuksak fazilatli insonlar bo‘lishida sportning o‘rni beqiyos.
Vatanimiz kelajagi, xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi, biz yoshlarning qanday inson bo‘lib, katta hayotga kirib borishimizga bog‘liq. Aytish joizki, shahar-qishloqlarimizda barpo etilayotgan zamonaviy va muhtasham o‘quv dargohlari, ijodiyot markazlari, sport-sog‘lomlashtirish majmualari yosh avlodning beg‘ubor orzu-niyatlari ro‘yobiga xizmat qilmoqda.
Ana shunday yuksak g‘amxo‘rlik tufayli 2012 yilda ilk bor dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston chempioni, degan nomga sazovor bo‘ldim. Keyinchalik sportning dzyudo, sambo, milliy kurash turlarida 13 karra mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdim. Shuningdek, dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionati va yana turli nufuzli xalqaro musobaqalarda qatnashib, sovrindorlar safidan joy egalladim. Hozirda Navoiy viloyati, Uchquduq qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kolleji 2-bosqich o‘quvchisiman.
Quvonarlisi, bu yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qo‘lga kiritgan yurtimizning eng baxtiyor 15 nafar qizlaridan biriga aylandim. Men ushbu yuksak mukofotni madaniyat va sport yo‘nalishida qo‘lga kiritdim. Ko‘krak nishonini Yurtboshimiz shaxsan o‘z qo‘llari bilan ko‘ksimga taqqani nafaqat yuksak sharaf, balki yelkamga ulkan mas’uliyat yukladi.
Nasib bo‘lsa, kelajakda Osiyo va jahon chempionatlari, yozgi Olimpiya o‘yinlarida munosib ishtirok etib, yurtim nomini butun dunyoga tanitaman. Bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratimni ishga solaman.
Dilnoza KAMOLOVA,
Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sohibasi