Har kuning bo‘lsin Navro‘z!
Bahor – yangilanish, yasharish fasli. Bu mavsum atrof-olam yashillikka burkanib, zamin tabiatning cheksiz saxovatidan bahramand bo‘ladi. Farahbaxsh onlar qalblarga oydin orzular, xayrli maqsadlar urug‘ini qadaydi. Ezgu hislar barq uradi. Yangi tong ko‘klam nashidasini olib keladi, bayram taraddudi boshlanadi.
Navro‘z – ezgulik, mehr va muruvvat, muloqot ayyomi. Azaliy qadriyatlarimizda bu kuni barcha bir-birini bayram bilan qutlash asnosida o‘zaro ko‘ngil so‘raydi: yo‘qsilni yo‘qlaydi, xastaning holidan xabar oladi. Hashar qilib ehtiyojmandning hovlisini, dilini obod etadi. Qishlog‘u ovullarda bayram sayllari ko‘tarinki ruhda o‘tkaziladi. Qavmu qarindoshlar, do‘stu yaqinlar doshqozonga sumalak va halim solib, o‘choq taftida davra qurib tongga qadar suhbat quradi, bir-biriga egzu tilaklar bildiradi. Ana shu suhbatlarda kelgusi rejalarga poydevor qo‘yiladi. Kimdir tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ymoqchi, kimdir to‘y boshlamoqchi, kimdir bog‘ yaratmoqchi, kimdir uy qurmoqchi… “Maslahatli to‘y tarqamas”, deganlaridek, ezgu yo‘lda hamisha hamjihat bo‘lish – xalqimizning hayot mazmuniga aylangan. Zero, mehnatsevar xalqqa, ozod va obod Vatanga yaxshi kunlar, bayramlar yarashadi.
Navro‘zi olam muborak, aziz yurtdoshlar!