Inog‘omning in’omi
Qo‘shnimizning Inog‘om degan nabirasi bor. Hali ikki yoshdan oshib oshmagan bolakay hammaning e’tiborini tortadi. Uning tili “Assalomu alaykum” deb chiqqan. Ertalablari hovlilari oldidagi bog‘chaga chiqib gul, tikan, kuchuk, mushuk va osmonda uchib ketayotgan qushlarga ham salom beradi. Agar ko‘cha-ko‘yda biror kishi ko‘rinsa, oltin topib olgan odamday ko‘zlarini uzmasdan kutib turadi-da, og‘zini to‘ldirib “Assalomu alaykum” deydi. Bolaning bunday shirin tilini eshitgan yo‘lovchilar charchoqni unutib, “Vaalaykum assalom, baraka top, yigitcha” deb xursand bo‘lib o‘tib ketishadi.
Ishdan horib qaytayotganimda oyisi bilan xarxasha qilayotgan Inog‘omga ko‘zim tushib qadamimni tezlashtirdim.
Oyisi ovozini ko‘tardi:
— Yur, endi uyga kiramiz…
— Yo‘q, yo‘q, shoshmang!-Inog‘om joyidan jilmasdi.
Men yetib kelishim bilan jo‘shib turgan bolakayning ko‘zida yig‘i aralash tabassum paydo bo‘ldi:
— Assalomu alaykum.
— Vaalaykum assalom!- dedim-da, Inog‘omning qizargan yuzidan o‘pib, qayta-qayta osmonga otdim. Oyisi ham jilmayib:
— Ana, murodingga yetding, endi to‘yib uxlaysan, dedi va o‘g‘lini yetaklab ikki odim ham nariga yurmasdan yana Inog‘om oyoq tirab oldi. Men va Inog‘omning onasi ikkovimiz ko‘chaning boshiga qarab ko‘zimiz mahallamizning eng yoshi ulug‘ qariyasiga tushdi.
Bu gal onasi Inog‘omning qo‘lidan tortqilasa bolakayning yonini olishga shay holda lab juftlab turardim. Negadir u indamadi.
Ko‘p o‘tmay to‘qson bobo hassasini taqillatib yonimizga yetib keldi.
Men, Inog‘om va uning onasi bir paytning o‘zida jo‘rovoz bo‘lib salom berdik:
— Assalomu alaykum-m-m!
— Vaalaykum assalom senga, Inog‘om! Sizlarga ham Vaalaykum assalom! Birinchi bo‘lib meni ko‘rgan ana shu bolakay bo‘ldi. Omin, muroding yet, bolam! Inog‘omning eng buyuk in’omidan boshim osmonga yetdi.
Bir-birimiz bilan hol-ahvol so‘rashgach, kayfiyatimz chog‘ bo‘lib uy-uyga tarqaldik. Ishdan qaytayotgandagi horg‘inligim butkul unut bo‘lgan edi.
Turonbeka Sharofutdinova