Metropoliten xizmati pensionerlar uchun bepul bo‘ladi
2017 yilning 15 martidan boshlab pensionerlar Toshkent metropoliteni xizmatidan bepul foydalanishi mumkin. Ushbu imtiyoz har kuni soat 10.00 dan 16.00 ga qadar amal qiladi. Bu haqda poytaxt hokimligida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Mamlakatimizda keksalarning hayot darajasi va sifatini oshirish, pensiya ta’minoti va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni takomillashtirish, yoshi ulug‘ insonlarga davlat xizmatlari ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shavkat Mirziyoev o‘zining saylovoldi dasturida bu boradagi ishlarni izchil davom ettirish, tinch va obod hayotimizni barpo etishga xizmati singgan, xonadonlarimizning fayzi bo‘lgan keksalarimizning munosib umr kechirishi uchun yaratilayotgan qulayliklarni yangi bosqichga ko‘tarish bo‘yicha qator reja va maqsadlarni bayon etgan edi.
Prezidentimiz Toshkent shahri saylovchilari bilan uchrashuvda barcha pensionerlarga Toshkent metropoliteni xizmatlaridan har kuni soat 10.00 dan 16.00 gacha bepul foydalanish huquqi berilishi to‘g‘risida ta’kidlagandi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 23 yanvardagi Toshkent shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi to‘g‘risidagi qarorida Moliya vazirligi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi, Toshkent shahar hokimligiga pensionerlarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan qo‘shimcha imtiyoz yaratish topshirig‘i berilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 9 martdagi Toshkent metropolitenida pensionerlarni bepul tashish to‘g‘risidagi qarori bilan otaxonu onaxonlarning mazkur transport xizmatidan imtiyozli foydalanishining huquqiy asosi mustahkamlandi. Unga muvofiq, metropoliten kassasi operatoriga pensiya guvohnomasi ko‘rsatilgandan keyin bir martalik maxsus jeton taqdim etiladi. Mazkur jeton bilan pensioner alohida ajratilgan turniketdan o‘tadi.
– Ta’kidlash kerakki, pensiya guvohnomasiga ega bo‘lgan mamlakatimizning barcha fuqarolari bu imtiyozdan foydalanishlari mumkin, – deydi “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari, “Toshkent metropoliteni” unitar korxonasi rahbari O.Xudoyqulov. – Yaratilayotgan yangi qulaylik keksalarimizning mazmunli hayot kechirishlari va hordiq chiqarishlariga munosib hissa qo‘shadi.
B.BOZOROV,
O‘zA muxbir