Bayramga sovg‘a tanlaymiz
Ayolingiz uchun
- O‘z qo‘lingiz bilan tayyorlagan taom. Bu ayolingizni xursand qiladi.
- Turli gullardan iborat chiroyli guldasta. Ayniqsa, uni yurak shaklida taqdim etsangiz, ayni muddao.
Ayolingiz anchadan buyon istagan sovg‘a.
Singlingiz yoki opangiz uchun
Ularga kitob hadya qiling. Qolaversa, turli ko‘rinishdagi bahoriy dala gullari ham har qanday ayolni xursand qila oladi. So‘nggi paytlarda tuvakka o‘tkazilgan chiroyli ko‘rinishdagi gullarni sovg‘a qilish urf bo‘lmoqda. Bu ham qizlar uchun kutilmagan sovg‘a bo‘la oladi.
Volidangiz uchun
Har bir inson hayotida onaning o‘rni beqiyos. Quvonchli va qayg‘uli damlaringizda sizga yelkadosh bo‘ladigan inson ham aynan ONAngizdir. Shu sabab ular haqida faqatgina 8-mart bayramidagina emas, balki doimo qayg‘uring.
- Fotoalbom. Barcha eski va yangi oilaviy rasmlaringizni albomga yig‘ing. Alohida sahifasiga esa qalbingizdagi eng iliq so‘zlarni yozing. Onangiz qalbi arzimasdek tuyulgan bu sovg‘adan bir olam quvonchga to‘ladi.
- Kino, teatr, konsert uchun chipta. Onajoningiz sevib tinglaydigan qo‘shiq yoki xonandani yaxshi bilasiz. Qanday janrdagi film yoqishidan ham xabardorsiz. Shunday ekan ularga sevimli xonandasining konserti yoki qiziqarli kinoga chipta sovg‘a qiling.
- Maishiy texnika. Onangizga xo‘jalik ishlarini yengillashtiruvchi yordamchi vositalar sovg‘a qilsangiz ham bo‘ladi. Masalan, u anchadan beri orzu qiladigan maishiy texnika vositalari – kir yuvish mashinasi, mikro to‘lqinli pech, changyutgich va boshqalar.
Buvijoningiz uchun
Buvijonlarimizning ko‘pchiligi musiqa, she’riyatni yoqtirsa, boshqalari turli xildagi ovqatlarni pishirishga qiziqadi. Ayrimlari esa faol hayot tarziga amal qilishadi. Shu sabab sovg‘a tanlayotganda ularning qiziqishlarini inobatga oling.
- Agar buvijoningiz ovqat tayyorlashga qiziqsa, unga oshxona jihozlaridan birini sovg‘a qilish mumkin.
- Bu yoshga kelib, sog‘lik ular hayotida o‘ziga xos o‘rinni egallaydi. Shu sabab buvijoningizga tanani uqalovchi vosita tuhfa qiling. Agar imkoningiz bo‘lsa, ularni sihatgohga ham jo‘natishingiz mumkin.
- Turli idishlar, sochiq, dasturxon ham ular uchun ajoyib sovg‘a bo‘la oladi.