Nafisaning bahor tuhfasi

Oliy o‘quv yurtini muvaffaqiyatli tugatgan rassom Nafisa Gilmanova ustozi Yanis Salpinkidining saboqlari asosida ijod bilan mashg‘ul bo‘ldi. Shu tariqa ranglar va mo‘yqalamga do‘st tutingan Nafisa bir-biridan mazmunli va mushohadali asarlarini yarata boshladi. Mamlakatimizda va xorijda o‘tkazilgan tanlovlarda ishtirok etib, san’atshunoslar va muxlislar e’tiborini qozonib bordi…

O‘zbekiston davlat san’at muzeyida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Bahor nafasi” ko‘rgazmasi ham uning ijodiy namunalari namoyishiga bag‘ishlandi.

Ko‘rgazma ochilishida mamlakatimizda xotin-qizlar, xususan, ijodkor ayollarning faolligini oshirish hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan e’tibor ularning iqtidor va izlanuvchanligini yanada yorqinroq namoyon etishida muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.

– Nafisa butun o‘y-xayolini, tafakkurini mo‘yqalamda ifoda etishi, ranglar bilan so‘zlasha olishi har jihatdan mukammal chizmalarida aks etadi, – deydi pedagog-rassom E.Nizomov. – Nafosat va nafislikka, his-hayajonga yo‘g‘rilgan qalbi haqiqiy san’at asarini chizishida qo‘l keladi. Bu uning o‘ziga xosligi va betakrorligidir.

U shu kunga qadar uch yuzdan ziyod asar yaratgan. Tabiiy ranglarni xush ko‘rgan ijodkor asosan natyurmort janrida ijod qiladi. Uning “Beshik”, “Oq yo‘l”, “Kechki kapalak”, “Sevgi ibodati”, “Raqs”, “Daryo bo‘yida”, “Oq tuyalar”, “Sharqiy karvon” asarlari xorijdagi muzeylarda namoyish etilgan.

Nafisa Gilmanova nafaqat rangtasvirchi musavvir, balki tajribali pedagog hamdir. Nafisa ko‘p yillardan buyon Toshkent arxitektura-qurilish institutida talabalarga dars berib kelmoqda. U qator monografiya, o‘quv qo‘llanmasi va ilmiy maqolalar muallifi. Ayni kunda “Amir Temur va boburiylar san’ati va me’morchiligi” mavzuida ilmiy izlanish olib bormoqda.

U bahor ayyomining ilk kunlarida muxlislar e’tiboriga havola etayotgan “Bog‘da”, “Kuzgi ne’matlar”, “Nastarin”, “Bahor manzarasi”, “Gullayotgan olma”, “Uzumli natyurmort”, “Olmali natyurmort” kabi manzara, natyurmort, portret, miniatyura janrlaridagi yuzga yaqin asarini aziz va munis ayollarga bag‘ishlagan.

 

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA

Yana o‘qing:  Balog‘at davri – jadal o‘sish pallasi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: