Yigitlar muddatli harbiy xizmatga kuzatildi
Buxoro viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi yig‘in punktida Prezidentimizning 2016 yil 21 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatlarini o‘tab bo‘lgan harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo‘shatish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra muddatli harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarni tantanali kuzatish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Chaqiruv mavsumini yuqori saviyada, sifatli o‘tkazish maqsadida joylardagi chaqiruv punktlarida chaqiriluvchilarning salomatligi, jismoniy va intellektual salohiyatini ko‘rikdan o‘tkazish orqali munosib yigitlarni saralash uchun barcha sharoit yaratildi. Chaqiruv komissiyalari davlat va jamoat tashkilotlari vakillaridan iborat tarkibda shakllantirildi.
– Muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelgan yigitlarga havas qilib, o‘g‘lim Shamshodbekni ham harbiy libosda ko‘rishni orzu qilardim, – deydi g‘ijduvonlik Dilbar Obidova. – Bugun o‘g‘lim ona Vatan posbonlari safiga qo‘shilmoqda. Bu chindan ham faxr. Shamshodbegim harbiy xizmatni munosib o‘tab, bizning, Prezidentimizning ishonchini oqlashiga ishonaman.
Harbiy xizmatga otlanayotgan yigitlarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Nuroniylar yigitlarga oq yo‘l, yurtimizga hamisha tinchlik-osoyishtalik tilab duo qildi.
Erkin YODGOROV,
O‘zA muxbiri