BAHOROYNI ChORLAGAN SADO

Qish mezbonligining so‘nggi kunlari. Tabiatda yana bir mo‘jiza yuz beradi. Quyosh qish zahridan toliqqan borliqni iliq kafti ila erkalab, har biri o‘z vazifasiga chorlayotgandek. Tarnovlardan yumalab tushayotgan billur tomchilarning kishi bilmas zarbi go‘yo borliqni asta uyqudan uyg‘otadi. Borliq uzra taralgan sado olis-olislardagi kelinchak bahorni chorlaydi.

Hayotbaxsh, quyosh taftiga to‘yingan iliq obihayot singib, zamin poyida mudrab yotgan chuchmoma, boychechak, binafsha kabi Bahoroyning xushbo‘y, zebo seplarini asta uyg‘otmoqqa shaylanadi. Ona tabiat chalgan zangidan atrof jonlanadi.

U hayotiy bong bo‘lib, borliqni yashnashga, yasharishga chorlaydi. Uning chorlovidan, uzoq o‘lkalarda yashayotgan, o‘z diydoriga sog‘intirgan Bahoroyning singlisi, qorako‘z qaldirg‘ochga uy peshtoqida ilingan ko‘shkini bir yodiga solsa ajab emas. Bu jarang sadosidan dala-dashtlarni ajib tarovat va xush ifor chulg‘aydi go‘yo. Bog‘lardagi daraxt shoxlarining har qatiga yashiringan, tabiatning eng aziz arzandasi bo‘lmish insonlarga atalgan mitti tuhfalar yana ham ayon bo‘lib, bo‘rtib borar, hademay undagi sep ochilib, atrofni yoqimli bo‘y tutib, yuraklarni entiktirib yuboradi.

Billur ohanglaridan dunyo uyg‘onsa, quyosh bilan diydorlashgan chog‘da undan tovlangan kamalak misol ranglar jilosi borliqqa sachrab ketadi. Dala-dasht, qir-adirlardagi ranglar tarovati bunchalar xushro‘y. Yashil, pushti, nafarmon… Qarshimizda sayqallanayotgan rang-tasvirni ko‘rib, Buyuk musavvirning mahoratiga tahsinlar aytasan.

Billur tomchilar jarangi inson ko‘ksida urayotgan yurak zarbiga ilhom bag‘ishlaydi. Undan ruhlangan hayot yana ham kuchliroq ura boshlab, yashash zavqi naqadar go‘zal va bebaho ekanligini his etadi. Ana shunda qish zahridan holi bo‘lgan yoru do‘stlar, qarindosh-urug‘lar bir birining diydoriga oshiqadi, ularning suhbatini naqadar sog‘inganini his etadi.

Tarnovlardagi sumalaklar jarangi anchadan buyon huvillab qolgan ko‘cha-ko‘yda, mahallalarda, otalar choyxonasida keksa bobolarimizni, onaxon va momolarni orziqib kutgan diydor va shirin suhbatga chorlaydi. Keksalar quyoshni o‘zlariga do‘st tutib, uning iliq taftida gurung qilishadi.

Insonlarga bora-bora jon rohati bo‘lgan issiqqina qishki kiyimlar ham kishiga bir muncha dushvordek tuyuladi. Bahorning zavqidan osmonlarda bu “og‘ir yuk” bilan uchib bo‘larmidi. Qishki liboslarim bilan vaqtincha araz tutib, jovonimizning bir burchiga joylab qo‘yib, o‘rniga sog‘intirgan bahoriy yengil kiyimlarni olib, silab-siypab, yoqimli bo‘yidan to‘yib-to‘yib hidlab olamiz. O‘tgan navro‘z ayyomidagi, libosimiz chetiga yopishgan sumalakning saqichini ko‘rib, doshqozonlardagi sumalakani sog‘inasan kishi. Go‘yo bu kiyimlardan sumalakning yoqimli ifori kelayotgandek. Ehtimol bu sog‘inganimizdandir.

Yana o‘qing:  BAXTLI BOLALIK

Tabiatni, yasharishga, yashnashga, insonlarni shirin diydorga chorlagan hayotiy bong xush kelding. Sening zangingdan nafaqat borliqdagi muzlar, balki qalbdagi toshlar ham parchalanib ketsin!

Ma’rifat

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: