O‘zbekiston Milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov bilan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi

2017 yil 8 fevral kuni majlislar zalida O‘zbekiston xalq artisti, ustoz san’atkor Baxtiyor Ixtiyorov bilan “Baxti kulgan Baxtiyor” deb nomlangan ijodiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirda san’atshunoslar, aktyorlar, aktyorning shogirdlari va yaqinlari hamda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi foydalanuvchilari qatnashdilar.

Tadbir avvalida B. Ixtiyorov asosiy rollarni ijro etgan “Yor-yor” va “Ajoyib xayolparast” badiiy filmlaridan parchalar namoyish etildi. Tadbirni ochiq deb e’lon qilar ekan, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi ilmiy kotibi Q. Tursunov, uchrashuv ishtirokchilarini qutladi va O‘zbekiston Milliy kutubxonasida o‘tkazilayotgan ma’rifiy-ma’naviy tadbirlarning mohiyati va ularning yosh avlodni mamlakatimizning taniqli shaxslari, usta san’atkorlari va yosh iqtidorlari bilan tanishtirishdagi rolini alohida e’tirof etdi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar ustoz san’atkor B. Ixtiyorovning insoniylik xislatlari, ijodi, o‘zbek teatr va kino san’ati rivojiga qo‘shgan xissasi haqida gapirdilar. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist X. Sa’diyev B. Ixtiyorov bilan tanishgan talabalik yillari, ijodiy safarlarda toblangan do‘stligi haqida hikoya qildi. “Biz Baxtiyor bilan birga o‘qigan bo‘lsak-da, uni xalq birinchi tanidi. Bunga sabab uning mehnattsevarligi, iqtidori va o‘ziga xos xushchaqchaq tabiati. U buyuk ustozlar qo‘lida tarbiya topdi va kamolga yetdi. Menga Baxtiyor bilan ko‘p filmlarda birgalikda rollar ijro etish nasib etgan”. O‘zbekiston xalq artisti M. Rajabov B. Ixtiyorovning odamiylik fazilatlari, rahbarlik xislatlari va ustozlik xususiyatlari haqida so‘zladi. “Biz teatrda birgalikda ishlagan 10 yil ichida ko‘plab ijodiy safarlarda birga bo‘lganmiz. U ko‘ngli toza, halol va to‘g‘riso‘z do‘st. Fidoyilik unga ustozlari R. Hamroyev, S. Xo‘jayev, M. G‘ofurov va L. Sarimsoqovalardan o‘tgan”.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar M. Matjonov, S. Rametova, T. Beknazarov, G‘. Xojiyevlar o‘zlarining ustozlari B. Ixtiyorov bilan ilk uchrashgan, tanishgan kunlari, ularin teatr sahnasiga chiqargan birinchi spektakllar to‘g‘risida hikoya qildilar. “Baxtiyor akaning shogirdlari juda ko‘p. Ularning san’at sohasida tanilganliklari, yaratgan obrazlarining elga manzurligi va xalq e’tiborini qozonganligi Baxtiyor akaga berilgan bahodir. Ustozimiz nafaqat aktyorlik, balki rejissyorlik fakultetida ham tahsil olganliklari musiqiy postanovkalarni sahnalashtirishda, bizlarning musiqali aktyor bo‘lib yetishishimizda muhim omil bo‘lgan. Ular betakror nutq ustasi hamdirlar”, dedi S. Rametova. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist M. Teshaboyeva esa B. Ixtiyorovning sahna musiqasi bo‘yicha bergan saboqlarini xotirlab, “Gulsara” spektaklidan “Bozirgoniy” qo‘shig‘ini kuylab berdi.

Yana o‘qing:  Bayram shukuhi davom etmoqda

Taniqli rejissyor H. Qahramon B. Ixtiyorovning aktyorlik san’atiga kirib kelishi va u ijro etgan rollari haqida hikoya qildi. “Baxtiyor Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutining musiqali drama fakultetini tugatgach Muqimiy teatrida, A. Hidoyatov nomidagi teatrda, Satira teatrida aktyor, rejissyor va bosh rejissyor bo‘lib ishlagan. U “Oltin qidiruvchilar”, “Ravshan va Zulxumor”, “Kimga to‘y, kimga aza”, “Jon qizlar”, “Ishqing bilan”, “Ajab savdolar” spektakllarida va “Ajoyib xayolparast”, “Cho‘l usti osmon”, “Yor-yor”, “O‘tgan kunlar”, “Nodirabegim”, “Yettinchi jin”, “Abu Rayhon Beruniy” kabi filmlarda unutilmas obrazlar yaratgan bo‘lsa, o‘zi rejissyor sifatida “Ezop”, “Yolg‘onchi darkor”, “Jumagul”, “Jonim fido”, “Kimga to‘y, kimga aza”, “Xotinimning eri”, “Otasining qizi”, “So‘nggi o‘q”, “Aka-uka sovchilar”, “Layli va Majnun”, “Tohir va Zuhr” kabi spektakllarni sahnalashtirgan”.

O‘zbekiston xalq artisti Baxtiyor Ixtiyorov tadbir tashkilotchilariga va ishtirokchilariga, hamkasblari va shogirdlariga o‘z minnatdorchiligina bildirdi. “Aktyor uchun birinchi qadamni qaysi teatr sahnasida qo‘yish va kimlar bilan bir spektaklda o‘ynash juda muhim. Chunki men o‘z ustozlarim K. Yormatov, R. Hamroyev, S. Xo‘jayev, M. G‘ofurov va L. Sarimsoqova, O. Jalilovlardan olgan pand-nasixatlarimni hanuzgacha eslayman, ularga amal qilaman va o‘z shogirdlarimga aytib turaman”.

Tadbir qatnashchilari O‘zbekiston Milliy kutubxona raxbariyatiga o‘z minnatdorchiliklarini bildirdilar hamda ko‘rsatilgan film parchalaridan, fotosuratlardan olgan o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdilar.

 

O‘zbekiston Milliy kutubxonasi matbuot xizmati

natlib.uz

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: