ONALIK VA BOLALIK MUHOFAZADA

Ma’lumki, azal-azaldan xalqimiz bo‘lajak onalar va tug‘ilajak farzandlar salomatligiga katta e’tibor qaratib kelgan. Bo‘lajak nasl uchun qayg‘urish ajdodlarimizdan qolgan ezgu amal. Zero, bo‘lg‘usi ota-ona sog‘lom bo‘lsagina ulardan jismonan va ruhan barkamol farzandlar dunyoga keladi. Sog‘lom avlod esa ona Vatan ravnaqi va jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladi. Mustaqillik yillarida ham ona va bola salomatligiga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” Bosh boshqarmasi faoliyati bilan tanishish maqsadida boshqarma boshlig‘i, tibbiyot fanlari doktori Saidmurod Ismoilovga murojaat etdik:

— Siz boshqarayotgan “Onalik va bolalikni muhofaza qilish” Bosh boshqarmasida “Mustahkam oila yili”da qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

— O‘zbekistonda mustaqillikning ilk davridan boshlab onalik va bolalik muhofazasi, reproduktiv xizmatlarni tashkil qilish va takomillashtirish ustuvor yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmokda. Mamlakatimizda sog‘lom va barkamol voyaga yetayotgan avlodni tarbiyalash uchun zarur imkoniyatlar hamda shart-sharoitlarni yaratish, jamiyat poydevori va kelajagi bo‘lgan mustahkam oilani shakllantirish borasidagi keng ko‘lamli chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish maqsadida 2012 yil 27 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori bilan tasdiqlangan “Mustahkam oila yili” Davlat dasturini amalga oshirish uchun bevosita Sog‘liqni saqlash vazirligi dasturning V-bo‘limiga mas’ul bajaruvchi etib belgilangan.

“Mustahkam oila yili” Davlat dasturining 5-bandida belgilangan “Bolalar uylari to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarori loyihasi ishlab chiqildi va 2012 yil may oyida Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

— Prezidentimiz Farmonlari va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarorlari Bosh boshqarma faoliyatida dasturilamal bo‘layotgani sir emas. Shu xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.

— O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2008-2012 yillarga mo‘ljallangan “Bolalikdan nogironlikni oldini olish borasida tug‘ma va irsiy kasalliklarni erta aniqlash Davlat Dasturi” haqidagi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hisobot davrida Respublika skrining markazlarida 124700 nafar nasliy va tug‘ma kasalliklarga chalinish xavfi mavjud homiladorlar tibbiy-genetik tekshiruvdan o‘tkazildi.

“Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ijrosini amalga oshirish maqsadida respublika bo‘yicha “O‘zdonmahsulot” AKning barcha unni ishlab chiqarish korxonalari unni fortifikatsiya qilish va fortifikantlar bilan ta’minlash bo‘yicha maxsus jihozlar bilan ta’minlangan.

Yana o‘qing:  O‘smirlik davri psixologiyasi

A vitamini tanqisligini profilaktika qilish maqsadida joriy yilda o‘tkaziladigan “Sog‘lom bola haftasi”da respublikaning barcha hududlarida 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida A vitamin saplementatsiyasining 18 va 19-turini o‘tkazish uchun “MTI” xalqaro tashkiloti tomonidan 1200 flakon hamda YUNISEF tomonidan 11123 flakon A vitamini muruvvat yo‘li bilan respublikaga olib kelingan. Shuningdek, Koraqalpog‘iston Respublikasida “Degelmintizatsiya dasturini A vitaminini tarqatish dasturiga integratsiyalashtirish” loyihasi doirasida 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida A vitaminini saplementatsiyasi bilan birgalikda degelmintizatsiya (gijjaga qarshi) tadbirlari olib boriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 23 noyabrdagi 260-sonli Qarorini bajarish yuzasidan “Qoraqalpog‘iston Respublikasida 6-24 oylik bolalarni ovqatlantirishni yaxshilash uy sharoitida fortifikatsiya qilish” bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilishi boshlandi. Ushbu loyiha doirasida YUNISEF tomonidan vitaminli kukunlar (sprinklz) sotib olindi va o‘rnatilgan tartibda sertifikatsiyalashtirildi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasining 6 ta pilot tumanlarida 2 yoshgacha bo‘lgan bolalar tibbiy (antropometrik va laborator-biokimyoviy) tekshiruvlardan o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010 yil 22 iyuldagi “Respublikaning qishloq tumanlarida onalar va bolalarning reproduktiv salomatligini mustahkamlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarori ijrosi yuzasidan qishloq tumanlarida yashovchi homilador ayollarni tarkibida foli kislotasi bor bo‘lgan umumiy mustahkamlovchi polivitaminlarning maxsus komplekslari bilan bepul ta’minlash (QVP vrachining tavsiyasiga ko‘ra) davom ettirilmoqda. 2012 yil 8 oyi davomida boshqariluvchi infeksiyalarni oldini olish maqsadida BSJ, poliomiyelit, V virusli gepatit va pentavalent vaksinalar bilan 99,7-99,1 foizgacha bolalar hamda 2 yoshgacha bo‘lgan go‘daklar 99,2 foiz qizamiqqa qarshi emlandi. Respublika bo‘yicha 8-10 yoshli bolalarni virusli gepatit Vga qarshi milliy emlash kunlari o‘tkazildi. Respublikaning 8 viloyatida 2 bosqichda poliomiyelitga qarshi milliy emlash amalga oshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003 yil avgust oyidagi Qarori bilan tasdiqlangan “Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi Nizomga asosan 2012 yilning 1-2 choragida Nizom asosida ham joylarda nikoh yoshidagi fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

— Hozirda sohaga doir muassasalarni moddiy-texnik bazasini mustahkamlashda qaysi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan?

— O‘zbekistonda ona va bola salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha davlat dasturlarini amalga oshirishda Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti, YUNISEF, YUNFPA, PROON, GIZ (Germaniyaning xalqaro hamkorlik jamiyati) va boshqalar bilan yaqindan xalqaro hamkorlik aloqalarini, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” jamg‘armasi, “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi, “O‘zbekiston Madaniyati va san’ati forumi jamg‘armasi”, Ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash fondi, “Sen yolg‘iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi, Respublika bolalarni ijtimoiy moslashtirish markazi va boshqalarning faol ishtirokida amalga oshirilmoqda.

Yana o‘qing:  Salomatlik kaliti

Chaqaloqlarni jonlantirish uchun zamonaviy jihozlardan foydalangan holda zamonaviy tibbiyot asosida yangi texnologiyalarni joriy etish dasturlari bo‘yicha ham amaliy ishlar olib borilmoqda. OTB banki ishtirokida “Ayollar va bolalar sog‘lig‘ini mustahkamlash” hamda Yevropa Ittifoqi va YUNISEF ishtirokidagi “Onalik va bolalikni muhofaza qilish xizmatlarini takomillashtirish” loyihalari doirasida respublikamizning barcha mintaqalarida pediatrlar, neonatologlar va akusher-ginekologlar, shuningdek patronaj hamshiralarini o‘qitish bo‘yicha mintaqaviy o‘quv markazlari tashkil etildi. FOPSI (ITQF), O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, XTV va “TetraPak” kompaniyasi bilan hamkorlikda respublikamizning yettita hududida “Maktabda sut” loyihasining 2-bosqichining amalga oshirish doirasida viloyat va shahar Xalq ta’limi boshqarmalari, mahalliy hokimiyat vakillari va ota-onalar ishtirokida o‘qituvchilar uchun seminarlar o‘tkazildi.

Respublika davolash-profilaktika muassasalarini, bolalarga tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi barcha darajadagi muassasalar va davolash-profilaktika muassasalarining bo‘linmalari uchun yil boshidan Hindiston hukumati hamda Xitoy Xalq Respublikasining grant mablag‘lari hisobidan tibbiy jihozlar olindi.

Respublika bo‘yicha yangi tipdagi 69 ta oilaviy poliklinika tashkil etish maqsadida zarur asbob-uskunalar ro‘yxati tasdiqlandi va “Salomatlik-3” dasturi loyihasiga taqdim etildi.

— Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkiloti tomonidan mana bir necha yildan buyon bolani ona suti bilan emizib boqish keng targ‘ib etilmoqda. O‘zbekiston Respublikasida ham “Bolaga do‘stona munosabatda bo‘lgan shifoxona”lar soni yildan yilga ortib bormoqda. O‘tgan davr mobaynida respublika bo‘yicha bu borada qancha trenerlar tayyorlandi?

— Chaqaloqni ona suti bilan emizish bolani har tomonlama rivojlanishida muhim omil sanaladi. “Bolaga do‘stona munosabatda bo‘lgan shifoxona” tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan YUNISEF tashkiloti hamkorligida 2008 yildan beri amalga oshirilib kelinmokda. “Bolaga do‘stona munosabatda bo‘lgan shifoxona”ning asosiy maqsadi — bolani ko‘krak suti bilan emizish bo‘yicha 10 tamoyilning barchasini joriy qilish orqali bolani ona suti bilan emizishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bugungi kunda 5 mingdan ziyod tibbiyot maskanlari va tug‘ruq majmualarining mutaxassislari trener sifatida tayyorlandi.

— Ma’lumki, ekstragenital xastaliklari mavjud, tug‘ish mumkin bo‘lmagan ayollarda BIV (bachadon ichi vositasi) yoki gormonal kontratsepsiya vositalarini qo‘llashning iloji bo‘lmasa, ularda sterilizatsiya usuli amalga oshiriladi. Hozirda mamlakatimizda fertil yoshidagi ekstragenital kasalliklari mavjud, tug‘ishga mone’ligi bor ayollarning qanchasida bu jarrohlik usuli amalga oshirildi?

Yana o‘qing:  Maymoqlik zudlik bilan davolanishni talab etadi(mi?)

— Ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasi (naylar okklyuziyasi) doimiy usul hisoblanadi. Ayollar ushbu usulni ongli va ixtiyoriy ravishda tanlashi lozim. Ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasi quyidagi holatlarda tavsiya etiladi:

— Doimiy kontratsepsiya usulidan foydalanishni istagan tug‘ish yoshidagi ayollarda (odatda 30-35 yoshdan katta bo‘lganlarda), salomatligi uchun homiladorlik katta xavf solganda, yetarlicha farzandlari bor, deb ishonch hosil qilgan ayollarda qo‘llanadi. Ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasining afzalliklari: samarasi yuqori bo‘lib (1 yil davomida qo‘llovchi 100 nafar ayoldan 0,2-0,4 tasida homiladorlik bo‘lish ehtimoli bor.) Doimiy usul, darhol ta’sir qiladi va salbiy ta’siri yo‘q.

2012 yilning yanvar-avgust oylarida ixtiyoriy jarrohlik kontratsepsiyasi usulini qo‘llashni 103265 nafar ayol tanlagan. Ushbu amaliyot ayol va uning turmush o‘rtog‘ining ixtiyoriy jarrohlik amaliyotini o‘tkazish bo‘yicha yozma roziligidan so‘ng malakali tibbiyot xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.

— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat!

Gulchehra ShIRINOVA

suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: