Xalqaro ko‘rgazma ochildi
Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida “Ta’lim va mavqega erishish” mavzuidagi sakkizinchi xalqaro ko‘rgazma ish boshladi.
Tadbir “O‘zbekiston madaniyati va san’ati forumi” jamg‘armasi, Savdo-sanoat palatasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Kelajak ovozi” yoshlar tashabbuslari markazi, Yoshlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi markaz va “SSP-Expocontact” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etildi.
Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlashga qaratilgan yagona davlat siyosati amalga oshirilmoqda.
Ko‘rgazmani o‘tkazishdan asosiy maqsad unga tashrif buyuruvchilarni O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlardagi zamonaviy o‘qitish uslublari bilan tanishtirish, bu borada tajriba almashish, shuningdek, yoshlar hamda aholining keng qatlamlariga o‘zlarini qiziqtirgan mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quv yurtini tanlashga ko‘maklashishdan iborat.
“Ta’lim va mavqega erishish” xalqaro ko‘rgazmasi ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, yoshlarni mamlakatimiz va xorijda o‘qish yo‘nalishlari hamda shakllari xilma-xilligi haqida xabardor qilishga yordam beradi. Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar asosan 14 dan 25 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlardir.
Tadbirda mamlakatimizdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari, shuningdek, bir qator xorijiy oliy o‘quv yurtlari qatnashayotir.
– Mazkur ko‘rgazma nafaqat bu yerda taqdim etilgan o‘quv yurtlari, balki bu yerga keladigan har bir odam uchun katta imkoniyatlar ochib beradi, – deydi Toshkent davlat sharqshunoslik institutining Marketing bo‘limi boshlig‘i A.Yusupov. – Ko‘rgazmada O‘zbekistonning eng yaxshi o‘quv yurtlari, qator xorijiy o‘quv muassasalari, mamlakatimizdagi konsalting, trening va rekruting kompaniyalari, ko‘plab yirik firma hamda korxonalar, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining ish bilan ta’minlash markazlari ishtirok etmoqda. Shuningdek, ular bo‘sh ish o‘rinlari haqida axborot taqdim qilib, ish o‘rinlarini taklif etishmoqda.
Ko‘rgazmaga mamlakatimizning barcha hududlaridagi oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari ham taklif qilingan.
– Bu yil bank ishi yo‘nalishi bo‘yicha kasb-hunar kollejini tamomlayman va oliy o‘quv yurtida mutaxassisligim bo‘yicha o‘qishni davom ettirmoqchiman,– deydi Toshkent bank kollejining uchinchi bosqich o‘quvchisi I.Nishonaliyev. – Ushbu ko‘rgazmada mamlakatimizdagi nufuzli oliy o‘quv yurtlari qatnashmoqda. Men bugun ulardan birini tanlash uchun keldim.
Mamlakatimiz va xorijning qator o‘quv yurtlari bu yerda noyob o‘quv dasturlarini taqdim etadi, mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bilan tanishtiradi. Obro‘li va talab yuqori bo‘lgan kasblarni egallash uchun keng turdagi ta’lim xizmatlarini ko‘rsatadigan “Mavqega erishish”, “Iffatli kelin” “Mashriq mash”ali” o‘quv markazlari “Qo‘shimcha ta’lim” bo‘limida o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda.
“Ta’lim va mavqega erishish” xalqaro ko‘rgazmasi doirasida O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlari taqdimotlari ham bo‘lib o‘tadi.
Roman BONDARCHUK,
O‘zA muxbiri