Insoniyat mahv etgan hayvonlar
Bugungi kunda biolog olimlar Yer yuzida asosan insonlarning johilligi natijasida yo‘q bo‘lib ketgan hayvonlar turini o‘rganib, ular ichidan eng g‘aroyiblarining ro‘yxatini keltirishdi. Ro‘yxatning boshidan joy olgan Kvagga yarim ot, yarim zebra ko‘rinishida bo‘lgan. Go‘shti va terisi uchun oxirgi kvagga 1883 yilda otib o‘ldirilgan.
So‘nggi Tasmaniya bo‘risi yoki tilatsinni odamlar 1936 yilda ushlashgan. O‘zining boshqa qarindoshlaridan u qornida xaltasi borligi, yirikligi, chopqirligi, nihoyatda shafqatsizligi hamda yirik og‘zi bilan ajralib turgan. U esnaganida jag‘lari 120 gradusgacha ochilgan.
Steller sigirining so‘nggi vakili 1786 yilda ovlangan. 10 metrgacha uzunlikda bo‘lgan mazkur dengiz hayvoni yog‘i, go‘shti va terisi uchun ayovsiz ravishda qirib tashlangan.
So‘nggi Turon yo‘lbarsi Amudaryo bo‘ylaridagi to‘qayzorlarda 1968 yilda ovlangan. Markaziy Osiyoda istiqomat qiluvchi yagona yo‘lbars turi qimmatbaho olovrang yo‘l-yo‘l terisi uchun yo‘q qilib yuborilgan.
Irlandiya butoq shoxli bug‘usi (los) Yevropada 10 000 yil ilgari yashab o‘tib, o‘zining ulkan shoxlari bilan ajralib turgan. Voyaga yetgan bug‘u shoxining uzunligi 4,3 metrgacha bo‘lib, og‘irligi 500 kilogramm tosh bosgan.
Qanotsiz gagarka XIX asr o‘rtalarida bema’ni ovlanishi natijasida yo‘q qilingan. 1844 yilda oxirgi ikkita qush o‘ldirilgan. XVII asr oxirlariga kelib, uchmaydigan dront qushining so‘nggisi ovlangan. Qushning og‘irligi 25 kilogramm atrofida bo‘lib, u asosan Mavrikiy orolida istiqomat qilgan. 1828 yilda biolog olim R. Saveriy qushning suratini chizib qoldirgan.
Nargis QOSIMOVA