Qo‘g‘irchoqlarim o‘zbekcha gapiradi
“Bolalikda dadam olib bergan qo‘g‘irchoqlar rus, ingliz yoki boshqa tillarda gapirsa, qo‘shiq kuylasa va ular o‘sha davlatning mentalitetini targ‘ib qilsa, biroz o‘yga tolardim.
Nega endi bizning milliy o‘yinchoqlarga bo‘lgan talab sust, nega ular zamonamiz ruhiyatiga mos emas qabilidagi savollar qurshovida qolgan paytlarim ham bo‘lgan. Mana, oradan yillar o‘tdi va mening qo‘g‘irchoqlarim o‘zbekcha gapira boshladi…”
Andijonning Izboskan tumanidagi transport kasb-hunar kolleji o‘quvchisi Oygul Tojiddinovaning tirishqoqligi uni katta hayotga dadil qadam qo‘yishga undadi. Odatda, oilada qiz farzand voyaga yetsa, ota-onalar uni uy yumushlariga, hamshiralik yoki tikuvchilikka o‘rgatadi. Ammo, qahramonimiz hammasini baravar olib borishga ahd qilib, hunarmandchilik sohasidagi faoliyatini boshlab yubordi.
Dastlabki ishlari Andijon ixtisoslashtirilgan san’at maktabida o‘qib yurgan kezlarida yaratildi. Ular bejirim qutichalar, naqshinkor oynabandlar, kichik-kichik miniatyura asarlaridan iborat bo‘lgan.
– Birinchi marotaba mustaqil ravishda yasagan mukammal ijodiy ishim – milliy shaxmat taxtasi bo‘lgan, – deydi Oygul biz bilan suhbatda. – Uni yasashda yog‘och o‘ymakorligining eng murakkab usullaridan foydalanganman. Ushbu asarim ikki xonadan – ustki qismi o‘yin uchun va ichki qismi mayda buyumlarni saqlash uchun moslashtirilgan holda yaratilgan.
Ayni kunlarda Oygul Tojiddinova milliy qo‘g‘irchoqlarimizni zamon ruhiga moslab yaratish ustida bosh qotirmoqda.
U yasagan qo‘g‘irchoqlar hozircha o‘zbek tilida qo‘shiq kuylash, gapirish va salomlashishga moslashtirilgan.
Qahramonimiz ularning mexanik funksiyalarini ko‘paytirish ustida izlanmoqda.
– Hunarmandchilikka qiziqishlarim sabab kirib keldim, – deydi Oygul. – Oilamizda bu yo‘nalishda faoliyat yuritadiganlar yo‘q. Ammo, bu soha orqali ko‘plab natijalarga erishdim. “Tashabbus – 2016” tanlovining viloyat bosqichida “Eng yosh hunarmand” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldim. Shu yili Buxoroda o‘tkazilgan an’anaviy “Ipak va ziravorlar” festivalida o‘z san’at namunalarim bilan ishtirok etdim. Bu yutuqlarim zamirida, albatta, mamlakatimizda yoshlarga qaratilgan ulkan e’tibor va g‘amxo‘rlik yotadi.
Darhaqiqat, bugun yoshlar orasida milliy hunarmandchilik sohasiga qiziquvchilar talaygina. Ular o‘z biznes faoliyatini boshlash uchun esa yurtimizda sharoit hamda imkoniyat yetarlicha. Yakunlangan yil Oygul Tojiddinova uchun omadli keldi. Uning shaxmat taxtasi va milliy qo‘g‘irchoqlarni ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihasi “Mening biznes g‘oyam” tanlovida g‘olib chiqib, bankdan foizsiz kredit olishga muvaffaq bo‘ldi. Endilikda Oygul o‘zining tadbirkorlik faoliyatini boshlash arafasida turibdi. Bu orqali u nafaqat milliy buyumlarimizni halqimiz hayotiga kengroq olib kirish, balki, tengdoshlarini ish bilan ta’minlashga ham erishadi.
– O‘tgan yili Marg‘ilon shahrida tashkillashtirilgan an’anaviy “Atlas” festivalidagi ishtirokim xalqaro hamkorlar bilan ishlashga zamin yaratib berdi, – deydi Oygul Tojiddinova. – YUNYeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari va chet ellik mehmonlar qo‘g‘irchoqlarimga katta qiziqish bildirishdi. Biznes loyihamni yo‘lga qo‘yib olgach, mahsulotlarimni boshqa davlatlarga ham eksport qilish niyatim bor. Bu orqali milliy madaniy merosimizni dunyoga olib chiqaman.
Biz ham lavhamiz qahramonining kelgusi faoliyatiga omad va zafarlar tilab qolamiz. O‘ylaymizki, kelajakda u o‘zi kabi iste’dodli yoshlarning yanada ko‘payishiga xizmat qiladi.
Isfandiyor BURGUTBOYEV