Boladagi qo‘rquvlar: bu borada ruhshunos tavsiyasi
Ba’zida ota-onalar beboshlik qilayotgan kichkintoyini qo‘rqitish orqali “tarbiya”lamoqchi bo‘ladi. Tarbiyaning bu “sinalgan” usuli har doim ham kutilgan natija bermaydi. Aksincha, bolada ruhiy jihatdan muammolarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishi hech gap emas.
Ruhshunos Matluba Tagayeva bilan bolalarda uchraydigan qo‘rquvlar va ularni bartaraf etish borasida bir qancha tavsiyalar oldik.
Boladagi qo‘rquv holati o‘z-o‘zidan jur’atsizlikni yuzaga keltiradi. Chunki bunda kichkintoyning irodasi susayib, o‘ziga bo‘lgan ishonchi yo‘qoladi. Bu holatning surunkali davom etishi esa bolaning vahimachi bo‘lishiga olib keladi.
Ruhshunoslarning qayd etishicha, qo‘rquv bolada bir necha holatlar orqali namoyon bo‘ladi:
– Agarafobiya – maydoncha va ko‘chada yurishdan qo‘rqish;
– kaustrofobiya – eshikni berkitib, uyda o‘tirishdan qo‘rqish;
– monofobiya – uzoq vaqt yolg‘iz qolishdan qo‘rqish;
– nazofobiya – kasal bo‘lishdan qo‘rqish;
– eyrotrofobiya – ko‘pchilik oldida uyalib qolishdan qo‘rqish.
Bolalardagi vahimaning yoshga doir ko‘rsatkichlari ruhshunoslar tomonidan alohida-alohida qayd etib o‘tilgan:
0-6 oylik. Kutilmagan baland tovush eshitilganda, biror-bir buyum yuqoridan pastga tushib ketganda, uyqusida keskin harakatlanishi natijasida uyg‘onib ketganida.
7-12 oylik. Baland tovush, odamlarning ko‘pligi, begonalarni ko‘rganda, kiyimlarini almashtirganida, balandlik, vanna yoki basseyn tuynugini ko‘rganda, kutilmagan himoyasiz vaziyatlarda.
1-2 yosh. Baland ovoz, ota-onasidan ayrilish, yomon tush ko‘rish, notanish insonlar, jarohatlanish vaziyatlarida.
2-2,5 yosh. Ota-onadan ayrilish, tengdosh, ammo notanish bolalarni ko‘rganda, zarbli tovushlar, momoqaldiroq, sel, chaqmoq tovushi eshitilganda.
2-3 yosh. Katta, tushunarsiz ob’yektlarni ko‘rganda. Masalan, kir mashinasi, odatga aylangan uydagi tartibning o‘zgarishi, favqulodda hodisalar (o‘lim, ajralish va boshqalar) yuz berganda.
3-5 yosh. O‘lim (hayotning tugashini tushunib yetish), tundagi bosinqirashlar, qo‘rqitish, bosqinchilik holatlariga guvoh bo‘lganda, kutilmagan musibat, yong‘in, kasallik, operatsiya, ilon kabi xavfli hayvonlarni ko‘rganda.
6-7 yosh. Ertak qahramonlari (jodugar, sharpalar), yo‘qotishlardan qo‘rqish (ota-onani yo‘qotishdan qo‘rqish), yolg‘izlik, o‘qishda ota-onani ishonchini oqlay olmaslikdan, maktab bilan bog‘liq qo‘rquvlar, kaltaklanishdan qo‘rqish.
7-8 yosh. Tunda vahima uyg‘otadigan joylar (erto‘la, tor uycha), baxtsiz fojia, judolikka uchrash, maktabga kech qolish, uy va maktab hayoti bilan bog‘liq muammoli holatlarda.
8-9 yosh. O‘yinga asoslanmagan vahima, ko‘chada insonlarning nomaqbul harakatlari, tan jarohatlari yetkazish, ota-onani yo‘qotishdan qo‘rqish, ota-onaning o‘zaro janjallari.
9-11 yosh. Maktab yoki sport musobaqalaridagi omadsizliklar, kasalliklar, hayvonlar, balandlik, arg‘imchoqda aylanishlardan qo‘rqish.
11-13 yosh. Mag‘lubiyat, noodatiy qilmishlar, begona inson tarafidan qilinadigan tanqid, shaxsiy buyumlarni yo‘qotishdan qo‘rqish yosh bilan bog‘liq me’yoriy holatlar sanaladi. Bu qo‘rquvlar muayyan vaziyatda bolaning qo‘rqishi, uning sarosimaga tushishiga sabab bo‘ladi.
Uydirmalardan iborat dahshat
Bu kabi vahimalar bola ruhiyatida jiddiy muammolar borligidan darak beradi. Bunda mantiqan tushuntirib bo‘lmaydigan, ilojsiz sabablar uning qo‘rquv manbai sanaladi.
Yuqori darajali qo‘rquvlar
Bu qo‘rquvlar bola fantaziyasidan kelib chiqib yaraladi. Unga qorong‘ulikdan, bola xayolotidagi afsonaviy maxluqlardan qo‘rqish kabilar kiradi. Bu holat 90 foiz bolalarda kuzatiladi.
Bu kabi vaziyatlarda ota-onalar qanday yordam bera oladi?
Birinchi navbatda bolajoningiz bilan ishonarli suhbat o‘tkazing. Suhbat asnosida farzandingizdan nimadan qo‘rqishin so‘rashingiz mumkin. Uning holati haqida u bilan shoshmasdan, yumshoq ohangda gaplashib olish kerak. Asosiysi, kuzatuvchan bo‘ling. Chunki, u ayrim holatlarda qo‘rquvni yashiradi. Bola “qo‘rqoq” degan nom orttirishdan xavfsiraydi. Ayniqsa, maktab yoshidagi bolajonlar uni qiynayotgan muammolar haqida har doim ham bemalol gapirib bermaydi. Ota-ona tomonidan aytilgan “kap-katta bolasan-u, shundan ham qo‘rqasanmi?” kabi ta’nalar ularga juda og‘ir botadi.
Suhbat jarayonida jiddiy va ishonchli javob qaytaring. Chunki, bu kabi vaziyatlarda bolajoningiz sizning emotsional holatingizni zimdan kuzatib turadi.
Qo‘rquvni tasvirlab berishini, u nimaga o‘xshashini, nimani his qilishini, qanday holatlar uning qo‘rquviga sabab bo‘lishini, birgalikda nima qilishni xohlashini so‘rang.
Ota-ona farzand uchun doimo ideal insonlar sanaladi. Shundan kelib chiqib, farzandingizga “bu kabi holatlar menda ham yuz bergan. Bunday vaziyatdan men mana bunday chiqib ketganman” kabi so‘zlar bilan unga dalda bering. Bu orqali bolajoningiz ishonchiga kirib, uning muammosiga nisbatan bee’tibor emasligingizni bildirgan bo‘lasiz.
Yana bir yordamchi holatlardan biri bolangizdan uning qo‘rquvi haqida ertak yozib berishini so‘rang hamda ushbu ertakda qo‘rquv ustidan qahramonning g‘alabasi aks etishi kerakligini tushuntiring.
Qo‘rquvni tasvirlash – maroqli va foydali mashg‘ulot. Bolajon bilan suhbatlashib, undan qo‘rquvini suratini chizishini so‘rang. Rasm chizish tugagach, suratni yoqib yuboring, bolaga uni qiynayotgan muammo rasm bilan yonib ketganini va qo‘rquv uni boshqa bezovta qilmasligini ayting.
Shuni ta’kidlash kerakki, bolalarda uchraydigan bu kabi holatlardan vahimaga tushmaslik kerak. Ishonchli, do‘stona munosabat bilangina farzandingiz qo‘rquvini yengishingiz mumkin. Ayrim murakkab vaziyatlarda esa mutaxassis bilan maslahatlashing.
Xurshida HUSENOVA