Vatan tinchligini saqlash – sharafli burch
zero, bunda ogohlik eng birinchi masaladir
Ishdan horib uyga qaytganimda farzandlarim bag‘rimga otiladi. Ularning yuz-ko‘zlaridagi quvonchni, baxtni ko‘rib, dilim quvnaydi.
Oilamdagi osoyishtalik taftidan bir zumda charchog‘im yoziladi. Ba’zan ishda tungi navbatchilikda qolsam, uyga qo‘ng‘iroq qilib, “Yaxshi o‘tiribsizlarmi, tinchmisizlar?” degan savolimga javoban turmush o‘rtog‘im, “Xavotir olmang, dadasi, axir sizdek Vatan himoyachilari bor ekan, ko‘nglimiz xotirjam, hayotimiz tinch, farzandlarimiz shod”, deydi. Albatta, buning barchasi tinchlikdek oliy ne’matning mevasi ekanini his qilaman.
Har bir harbiy xizmatchi o‘z vazifasini o‘tar ekan, avvalo, oilasi, ota-onasining tinchligini, so‘ng, birodarlari, vatandoshlarining xavfsizligi va xotirjamligini o‘ylab, sidqidildan xizmat qiladi. Eng muhimi, o‘z uyimizni o‘zimiz qo‘riqlayotganimiz kishiga ham g‘urur va mamnunlik, ham iftixor bag‘ishlaydi. Nega desangiz, bir paytlar otalarimiz, bobolarimiz yigitlik burchini o‘zga yurtlarda o‘tashgan. Hatto, o‘zgalarning siyosiy manfaatlarini deb qon kechib jangga kirishgan. Bular ertak emas, haqiqat ekanligini birgina Afg‘on urushidan nogiron bo‘lib qaytgan o‘g‘lonlarimiz tilidan, ularning yaqinlaridan eshitganmiz.
Har qanday davlatning mustaqilligi, xalqining erki uning o‘z armiyasi, Qurolli Kuchlari tomonidan himoya qilinishi kerak. Zotan, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov ta’kidlaganidek, o‘z istiqloli va ozodligining qadrini bilmaydigan, uni himoya qilolmaydigan, bunga kuch-qurbi yetmaydigan millat hech qachon erkin yashay olmaydi, kimgadir itoat etishga, bo‘yin egishga majbur bo‘ladi. Shu bois, 1992 yil 14 yanvarda mustaqil davlatimiz hududidagi barcha harbiy qism va bo‘linmalarni O‘zbekiston tasarrufiga o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va bu kun tom ma’noda Vatan himoyachilari kuni sifatida istiqlol solnomasiga muhrlandi.
Shundan so‘ng, milliy armiyamiz tubdan isloh etilishi natijasida Vatanga xizmat qilish sharafli burchga aylandi. Taqdirini yurt himoyasi bilan bog‘lagan asl o‘g‘lonlar davlatimiz e’tiborini, g‘amxo‘rligini yurakdan his qilib yashayaptilar. Bu e’tiborni harbiy xizmatchilarning uy-joy bilan ta’minlanishidan tortib, namunali xizmat qilgan yigitlarning oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kirishigacha bo‘lgan imtiyozlarda ko‘rish mumkin. Qolaversa, yurtimizda mudofaa qudratini yanada yuksaltirishga salmoqli hissa qo‘shayotgan harbiylarimiz xizmatini qadrlash, el-yurt taqdiriga daxldorlik hissi bilan yashaydigan, fidoyi va vatanparvar yoshlarni tarbiyalash maqsadida “Mustaqillik”, “Amir Temur”, “Jaloliddin Manguberdi” ordenlari, “Jasorat”, “Sodiq xizmatlari uchun” kabi medallar ta’sis etildi.
Mana, zahmatli, sinovli yillar ortda qolib, Qurolli Kuchlarimiz tashkil topganiga ham 25 yil to‘lmoqda. Ushbu bayramni nishonlash hamda davlatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarni barpo etishga salmoqli hissa qo‘shgan harbiy xizmatchilarni, Qurolli Kuchlar faxriylari va xizmatchilarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlariga 25 yil” esdalik nishonining ta’sis etilishi Vatan himoyachilariga bo‘lgan yuksak e’tiborning yana bir namunasidir. Bir so‘z bilan aytganda bugun biz uchun harbiy sohada xizmat qilish, nafaqat faxrli burch, balki yuksak shon-sharafga aylangan. Zero, biz, o‘zbek yigitlariga mardlik, jasurlik va yurtni himoya qilish – ajdodlardan meros an’ana. Mana shu an’ana Qurolli Kuchlarimiz safidagi harbiy xizmatchilarning fidoyiligi, osoyishtaligimizni saqlashga qaratilgan ogohligi bilan bardavomdir.
San’at XUDOYBERGANOV,
Kapitan