Mehr ulashish saodati

Chilonzor tumanidagi 1-sonli “Yoshlar uyi” 2009- yildan buyon faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Hozirgi kunda ushbu maskan tarbiyalanuvchilaridan 15 nafarni o‘smirlar tashkil etadi. Ularning bilim olishlarini ta’minlash, mustaqil hayotga tayyorlash, kundalik turmush vazifalariga o‘rgatish, ma’nan barkamol inson etib tarbiyalash muassasada faoliyat yuritayotgan mehridaryo tarbiyalanuv­chilarning asosiy maqsadidir. Shuningdek, ushbu maskan fidoyilari yoshlarni har qanday vaziyatda o‘zini munosib tuta bilish, aql bilan ish ko‘rishga ham o‘rgatadi. Ayniqsa, ularni kasbga yo‘naltirish mustaqil hayotda o‘z o‘rnini topishida ayni muddao bo‘lmoq­da.

Bugungi kunda 23 nafar bitiruvchilardan 8 nafari tarbiyachilar nazorati ostida, 15 nafari esa mustaqil hayot kechirishmoqda. Ularning 7 nafari davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlandi. 15 nafariga esa ota-onasidan meros qolgan uy-joylar shaxsiy mulk sifatida tiklab berildi.

Mazkur “Yoshlar uyi” tarbiyalanuvchilaridan 36 nafariga o‘rta-maxsus kasbiy ta’limga egaligi to‘g‘risidagi diplom topshirildi. Shunisi quvonarliki, besh nafar bitiruvchi oliy o‘quv yurti talabasi. 22 nafar tarbiyalanuvchi turli tashkilotlarda faoliyat olib bormoqda. Olti nafar tarbiyalanuvchi bugungi kunda oila qurgan. 12 nafar o‘smir kasb-hunar kollejlarida ta’lim-tarbiya olayotir. Kollejning oxirgi kursida o‘qiyotgan o‘g‘il-qizlarning kelajakda oliy ta’lim maskanlarida o‘qishini ta’minlash maqsadida har yili ular turli yo‘nalishlarda qo‘shimcha bilim olishi yo‘lga qo‘yilgan.

Maskanda bolalarning jismonan sog‘lom voyaga yetishlariga ham alohida e’tibor beriladi. Ular har yili tibbiyot mutaxassislari tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi. Bu yilgi tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra 15 nafar bola shifoxonada davolangan bo‘lsa, 41 nafarining sog‘lig‘i ambulator sharoitida mustahkamlandi. Shuningdek, stomatologik ko‘rikdan o‘tgan 38 nafar o‘smir ham sog‘lomlashtirildi.

Yoshlarning sog‘lom va baquvvat kamolga yetishlarida sportning o‘rni beqiyos. Sport yoshlarda o‘ziga bo‘lgan ishonch tuyg‘usining shakllanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maskanda faoliyat yuritayotgan turli sport to‘garaklarida yoshlar o‘qishdan bo‘sh vaqtlarida sport bilan shug‘ullanadilar.

Muassasada bolalarni yurtimizning tarixiy yodgorliklari, qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirish, turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish ularning qalbida hayotga, atrofdagilarga mehr uyg‘otadi. Kattalarga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lish kabi o‘zbekona qadriyatlarni ular ongiga singdirishga xizmat qiladi. Turli bayramlar Navro‘z, Mustaqillik kunining nishonlanishi yoshlar qalbida Vatanga sadoqat, milliy urf-odatlarimizga hurmat va e’tiborni mustahkamlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Яна ўқинг:  TASHABBUSKOR YOSHLAR – YURT TAYANCHI

Mazkur “Yoshlar uyi”da yashab, tarbiya olgan va bugungi kunda mustaqil hayot ostonasiga qadam qo‘yayotgan yoshlar bilan suhbatlashamiz:

Adelya Nurmatova: – 1-Res­publika tibbiyot kollejida o‘zim sevgan hamshiralik sohasi bo‘yicha o‘qishni bitkazdim. Hozir buvim bilan yashayapman. Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ko‘p tarmoqli oilaviy poliklinikada faoliyat yuritmoqdaman. Albatta, onaning mehri bo‘lak. Lekin onam olamdan o‘tganidan keyin shu maskandagi tarbiyachilar uning o‘rnini bosishga harakat qilishdi. Ulardan minnatdorman.

Darya Velyakova: – Biz oilaviy sharoitimiz sababli uch nafar ukam bilan Toshkent shahridagi “SOS – Bolalar mahallasi” ga kelib qolganmiz. Danil va Daur egizak, ular hozir 10 yoshda, Aleksandr besh yoshda. Men shu maskanda voyaga yetganimizdan hech ham afsuslanmayman. Mehribon insonlar qo‘lida tarbiya ko‘rdik. Ushbu mahalla 2000-yilda tashkil etilgan, bu yil muassasamiz o‘zining 15 yillik yubiley sanasini nishonlaydi. Mahallamizda 14 ta xonadon bo‘lib, uning har birida onalar va xolalar bor. Bizning Gulbahor onamiz shu mahalla ochilganidan beri faoliyat olib boradi. Katta ish tajribasiga ega. U ishini jon-dilidan sevadi. Shu davrgacha bir necha farzandlarni voyaga yetkazgan.

Hozirgi paytda onajonimiz yetti nafar o‘g‘il-qizga ta’lim-tarbiya bermoqda. Bizga berayotgan onalik mehr va e’tibori, hayotiy saboqlari uchun mingdan ming rahmatlar aytaman. Barcha tarbiyalanuvchilar 9-sinfni bitkazgandan keyin “Yoshlar uyi”ga o‘tkaziladi. Men ham tengdoshlarim qatori uch yil ana shu maskanda yashab, Transport kollejida bilim oldim. 2014-yilda ushbu kollejni imtiyozli tugatish arafasida “Roszarubejtsentr” o‘quv markazida bilim oldim. Natijada Rossiyadagi Pskov davlat universitetiga “Pedagogika va psixologiya” bo‘yicha o‘qishga kirdim. Bularning bari menga o‘z farzandidek mehribon­lik ko‘rsatgan va ta’lim-tarbiya bergan ustozla­rimning mehnatlari samarasidir. Vatanimiz kelajagi bo‘lgan biz yosh avlodning o‘ksik ko‘ngillariga baxt ulashayotgan mazkur dargoh rahbari Dilorom Muhammedrahimova hamda bir-biridan mehribon tarbiyachilarimizdan biz kundalik ta’lim-tarbiyadan tashqari hayot saboqlarini ham oldik. Bu­ning uchun biz ulardan bir umr minnatdormiz.

Darhaqiqat, mehrga tashna qalblarga ezgulik ulashish xalqimiz qadriyatiga aylangan. Ana shu ezgu buloqdan yaxshilik suvini ichganlar hayotda nur taratib yashashlarishiga ishonamiz.

Muhabbat XO‘JAMURODOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: