Shifoxonadagi “qorbobo”
Xonadagi zang soat millari 21: 00 ko‘rsatib bong urdi. Sirdaryo viloyati shoshilinch tez tibbiy yordam markazi ikkinchi jarrohlik bolalar bo‘limi navbatchisi, shifokor Ulug‘bek aka qandaydir qog‘ozlarni ko‘zdan kechirmoqda. Sukut cho‘mgan xonada aks bergan qo‘ng‘iroqdan u beixtiyor, sergak tortdi.
Shifokor tugay deb qolgan yumushidan biroz holi qolib, oyna ortida porlayotgan tun og‘ushidagi chiroqlarga nazar soldi. Shu tobda shifokorning ko‘z oldida ortda qolgan kunlari birma-bir gavdalandi. Ellik yillik umr… “Hash-pash” deguncha o‘tib ketibdi.
Odatda Ulug‘bek akaning navbatchilik kunlari hamisha shoshilinch va xavotirlar qurshovida bo‘lardi. Ish kunini boshlamasidanoq, qo‘liga tig‘ olib, og‘ir ahvolda olib kelingan bolalarning hayot uchun bor mahoratini ishga soladi. Barchasi Yaratganning inoyati bilan shifokorning yengil qo‘llari-yu ziyrak idroki, tajribasiga bog‘liq. O‘ttiz yildan ortiq vaqt bo‘libdiki, jarroh Ulug‘bek aka ushbu muassasada fidoyilik bilan xizmat qilmoqda.
Ayni paytda bo‘limda 10 nafar bola davolanmoqda. Bugun – Yangi yil arafasida Ulug‘bek Nazarov yordamchilari bilan ertalabki tekshiruvni boshladi. Shifokor ular bilan suhbatlashib, diqqat bilan ahvolini o‘rganadi. Shu bilan birga, bolalarning kayfiyatini ko‘tarishga harakat qildi. Bundan bir necha hafta oldin yuk mashinasiga to‘qnashib, tos va son suyagi sinishi oqibatida shifoxonaga og‘ir ahvolda keltirilgan 15 yoshli qizning sog‘ayib borishi chinakam mo‘jiza. Uning nigohlarida yashashga ishtiyoq zavqi so‘nmagan. “Yangi yilni oilang bilan kutib olarkansan-da?!”, – deydi shifokor unga yuzlanib, qizning chehrasi yanada yorishib ketadi.
Jarroh keyingi palatada davolanayotgan, avtohalokatga uchragan olti yoshli Komronbekning yoniga kelib, tabassum bilan ahvolini so‘raydi. Javoblar kechagidan dadil. Bolakay jismidagi kuchli og‘riqlarga qaramay, umidli nigohlarini shifokorga qadab, o‘zining beg‘ubor orzulari, yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami haqida so‘zlay boshladi. Shifokor uni ko‘p urintirmaslik uchun boshini siladi-da, “Yangi yilni birga kutamiz-a?”, dedi ko‘z qisib. Komronbek tabassum qildi. Shu tob Ulug‘bek akaning ko‘nglida qandaydir ichki ovoz aks-sado bera boshladi: “Orzulari osmon bolam-a! Munchalar ham dunyoing keng. Beqadr, noshukur kimsalar hayot, tiriklik deb atalmish ilohiy ne’matlarning qadriga yetishni sendan o‘rgansin, sendan. Ilohim ko‘rguliklaring shu bo‘lib, Yangi yil sen uchun baxt olib kelsin”.
Tekshiruvdan qaytgan Ulug‘bek aka shogirdlari Ibrohim Ashurov, Rustam Nigmanov, Ikrom Almanovlar bilan bolalarning umumiy ahvoli borasida fikr almashadi, ularga tavsiyalar beradi. Shogirdlariga 4-xonadagi olti yoshli Manzuraga navbatdagi dori-darmonlarni qanday berish xususida tushuntiradi. Bolalarning ko‘ngliga zavq beruvchi o‘yinchoqlar, qorparchalar bilan bo‘limni bezashni ularga alohida ta’kidlaydi.
Sirdaryo viloyati shoshilinch tez tibbiy yordam markazi bolalar jarrohlik bo‘limi jarrohi Ulug‘bek Nazirov Yangi yilni qanday kutib olsang, yil davomida kayfiyating ana shu zaylda o‘tadi, degan fikrga e’tibor bermaydi. Uning uchun eng muhimi bo‘limida davolanayotgan bolalarning sog‘ayib ketishi va oilasi bag‘riga qaytishidir. Shifokor o‘tayotgan yillarga ezgulik ulashish bilan mazmun baxsh etishni muhim deb biladi.
Soat millari shoshgancha Yangi yil tomon odimlab boradi. Ulug‘bek Nazarov shirinliklarni ko‘targancha, bolalar bo‘limiga yo‘l oladi.
Ma’rifat TOLIPOVA