Hunardan baraka unar

Poytaxtimizdagi xotira maydoniga yo‘li tushmagan kishi bo‘lmasa kerak. Go‘shada sayr qilarkansiz ko‘ngilga ajib ruhiyat inadi. Beixtiyor til sukut saqlab, nigohlar so‘z ochadi. Vujudingizga ozodlik, erk va hurlik nasimi singib borayotgandek bo‘ladi.

Motamsaro ona haykali qiyofasida xalqimizning suronli o‘tmishi gavdalanadi. Bir so‘z bilan aytganda bu yerda barpo etilgan bunyodkorlik ishlari zamirida o‘zbek xalqining olijanob, keng fe’li, qadri baland va beg‘ubor ko‘ngilli ekani tarannum etilgan.

Ana shu go‘zallikning barpo qilinishida andijonlik Shukrullo aka O‘taganovning ham hissasi bor. U o‘z nomini tarix sahifalariga bitib qo‘ygan. Poytaxtimizning so‘lim maskani bo‘lmish Motamsaro ona haykali atrofida alpkelbat yigitlardek savlat to‘kib turgan ustunlarga boqsangiz fikrimizga amin bo‘lasiz. Ha, ana shu go‘zallik usta Shukrullo akaning qo‘llaridan yaralgan. Bu kishi mehnatning, san’atning, ijodning hadisini olganlardan. Hunarmand O‘taganovlar sulolasining ikkinchi avlodi sanaladi.

Oilada bu kasbning tamal toshini qo‘ygan, xalq amaliy san’atining taniqli ustasi, Andijon yog‘och o‘ymakorlik maktabining asoschisi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ustasi, tashabbus ko‘rik tanlovi sovrindori Yo‘lbars O‘taganov hisoblanadi. Otaxon shu hunar ortidan o‘n ikki farzand – olti qiz, olti o‘g‘ilni voyaga yetkazib, o‘qitdi, uyli-joyli qildi, hunar o‘rgatdi.

– Kishi bir ishning boshidan tutib, unga astoydil mehr bersa, necha yoshni qarshilagan bo‘lmasin, albatta ana shu mehnati orqali el og‘ziga tushadi, – deydi Shukrullo aka. – Buni men otamning hayoti misolida ko‘raman. Dadamning bu hunarni o‘rganish qiziq kechgan. O‘ttiz yoshdan oshgan, kasbi traktorchi bo‘lgan dadam Yo‘lbars O‘taganov tumanimizdagi 24-sonli umumta’lim maktabi uchun eshik tayyorlab bergan. Andozasi aniq, pishiq-puxta ishlangan eshikka bezak sifatida oddiy gullar naqshini solgan. Buni qarangki, u kishining mehnati barchaga manzur bo‘ldi. Yana qo‘shimcha takliflar tusha boshladi. 2001-yilda Prezidentimiz farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Xalq ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi.

Otasi Yo‘lbars O‘taganovning qabargan, ammo issiq taftli qo‘llaridan tutib olti o‘g‘il ham shu kasbning davomchilariga aylandi. Shukrullo aka o‘g‘illarning to‘ng‘ichi. Bu kishining ishlash jarayonini kuzatsangiz xo‘b qiziq-da! Ustaxonaga kiradiyu, tokchaga qo‘yilgan achchiq ko‘k choyni bir sipqoradi-da, ish boshlaydi. Ustun uchun mo‘ljallangan to‘sinni olib unga ishlov beradi. Bu yerga Shukrullo akaning ukalari, shogirdlari ham jam bo‘lishgan. Yo‘lbars otaning maslahati va ko‘rsatmalari bilan olti nafar o‘g‘il va shogirdlar yangi bir ishning boshini tutishgan. Ustaxonadan uskunalarning zarb bilan urilishi ovozi eshitiladi. Bora-bora bu ovoz ustaxonani butkul egallaydi…“Tiq-tiq-tiq-tiq”… Ora-orada Shukrullo akaning shogirdlariga “naqsh chiziqlarini aniq olgin”, “yana bir santimetr siljit”, “qo‘lingni to‘g‘ri tutsang chiziqlar yaxshi chiqadi”, degan xitoblari yangraydi.

Яна ўқинг:  БИР КОСА СУТ

Ustaxonani kuzatsangiz bu yer haqiqiy ijod maydoniga aylangan. Ne-ne asrlarga tatigulik qo‘l mehnati shu yerda yaratilgan.

Andijondagi shoh Boburning ramziy qabri joylashgan ayvon hamda Toshkentdagi Indira Gandi milliy san’at markaziga o‘rnatilgan kirish qismidagi naqshinkor eshiklar shu yerda tayyorlangan. Afg‘onistondagi mavlono Lutfiyning qabri joylashgan bino ayvoni uchun ustun va eshiklar o‘rnatishgan. Samarqanddagi Sharq gavhari nomini olgan Imom al-Buxoriy majmuasiga kiraverishdagi uch tomonlama eshiklar ham oilaviy mehnatning ortidan sanaladi. Ana shu mehnati ortidan Shukrullo aka ham O‘zbekiston Respublikasi Xalq ustasi unvoniga sazovor bo‘ldi. – Shunday ulkan majmuaning o‘ziga xos go‘zal bo‘lishida bizning ham hissamiz borligi oilamiz uchun ulkan sharaf, – deydi usta mamnun qiyofada. – Bevosita bu ishlanmalarimizga o‘zimiz nom ham qo‘yganmiz. Majmuaga chap tomondan kiraverish eshigini “Umid”, o‘ng tomondagisini esa onamizning ismi bilan “Xumor” deya atadik. Asosiy kirish darvozaning nomini “Sakkiz jannat darvozasi” deb nomlaganmiz. Dunyoning turli chekkasidan kelayotgan mehmonlar asarlarimizni ko‘rib, ko‘nglidan bir iliqlik o‘tibdimi, demakki bizning bu ishlarimiz, mehnatimiz zoe ketmaganidan darak.

Shukrullo aka shu vaqtga qadar 500 dan ortiq shogirdlarga hunar o‘rgatib mustaqil hayotga yo‘llagan. Hozirda ustaxonasida 10 dan ortiq shogirdlarga naqsh-o‘ymakorlik sirlarini o‘rgatib kelmoqda. Shuningdek, tumanda Barkamol avlod markazida xalq amaliy san’ati yo‘nalishida 30 dan ortiq o‘quvchiga saboq berayotir. Hozir usta shogirdlari bilan Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanida joylashgan “Muruvvat” uyi uchun ayvonchalar qurish bilan band. Xullas, usta o‘z umri va hayotiga mazmun va baraka kirita olgan insonlardan biridir. Zero, kasbining davomchisi shogirdlar tayyorlab, qo‘l mehnati asrlar davomida sayqal topib usta nomi bilan e’tirof etilsa, bundan ortiq baxt, mazmunli umr bormi kishi uchun?!

Ma’rifat TOLIPOVA

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: