Munosib nomzodni tanlayman
Liliya NIGMATULLINA,
Toshkent davlat arxitektura va qurilish instituti magistri:
– O‘zbekiston – ko‘p millatli mamlakat. Bu yurtda tinch va ahil-inoqlikda yashayotgan barcha millat va elat vakillari ona Vatan taraqqiyoti yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib mehnat qilmoqda. Shularni o‘ylar ekanman, O‘zbekistondek osuda va jannatmakon yurtda tug‘ilib, voyaga yetganimdan faxrlanaman. Uning porloq kelajagiga dahldor ekanimdan g‘urur hissini tuyaman. Mamlakatimizda yuz berayotgan olamshumul o‘zgarishlar, uning kundan-kunga chiroy ochib, taraqqiy etib borayotgani oddiy fuqaro sifatida meni ham xushnud etadi.
Shu kunlarda o‘tkazilishi kutilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi barchamizning hayotimizda muhim o‘rin tutadi. Hozirda Prezidentlikka nomzodlarning chiqishlari, ularning Vatan ravnaqi yo‘lida xizmat qiladigan dasturlari bilan yaqindan tanishmoqdamiz. Men ham 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida faol ishtirok etib, o‘zim munosib deb bilgan nomzodga ovoz beraman.