12 nafar bemor bola Germaniyada davolanadi
Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga har tomonlama ko‘mak berishda, ayniqsa ularning salomatligi yo‘lida “Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi xayrli ishlarni muntazam amalga oshirib kelmoqda.
Ushbu jamg‘arma hozirda bir qator loyihalar asosida kam ta’minlangan oilalardagi bemor bolalarni ijtimoiy va tibbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash borasida chet el nufuzli klinikalarida davolash maxsus dasturini ishlab chiqqan bo‘lib, jumladan, Germaniyaning “Friedensdorf International” xalqaro tashkiloti bilan birgalikda 2002 yildan buyon hamkorlik qilib kelmoqda. Hamkorlik doirasida 12 yoshgacha bo‘lgan bemor va nogiron bolalarni davolash va reabilitatsiya qilish borasida shu yillar davomida 218 nafar o‘zbekistonlik bemor bolalar terining kuyish asoratlari, qo‘l-oyoq bo‘g‘imlarining tug‘ma nuqsonlari va boshqa tashxislar bilan Germaniya klinikalarida davolanishdi.
Ushbu xalqaro tashkilotning grant mablag‘i hisobiga 2012 yil davomida respublika bo‘yicha jami 160 nafar tug‘ma lab-tanglay nuqsoni bo‘lgan nogiron bolalarda jarrohlik operatsiyalari o‘tkazildi.
Joriy yilning 13 fevral kuni esa Toshkent xalqaro Aeroportida navbatdagi 12 nafar bemor bolalar Germaniya klinikalarida davolanish uchun jamg‘arma vakillari xamrohligida Germaniyaga jo‘nab ketishdi. Bolalar u yerda olti oy davomida davolanishadi.
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi kelgusida ham buning davomi sifatida qator loyihalar asosida bemor va ko‘makka muhtoj bolalarning sog‘lig‘ini tiklash borasida xayrli ishlarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda.
Mayna HASANOVA,
“Sog‘lom avlod” gazetasi muxbiri