Eng qiyin til qaysi?
- Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzida 6 ming 809 ta til bor. Bu tillarga egalik qiluvchilarning aksariyati Afrika va Osiyoda.
- Tillarning ayrimlari rivojlanib, so‘zlashuvchilari soni ko‘payib boryapti. Ayrimlari esa, yo‘qolib ketish xavfi ostida.
- Til yashab qolishi uchun unda so‘zlashuvchilar soni kamida 100 ming kishi bo‘lishi kerak. Hozir dunyoda 400 ga yaqin til yo‘qolib borayotgan tillar safiga kiritilgan.
- Tillar o‘lishining asosiy sabablaridan biri unda so‘zlashuvchilarning notekis taqsimlanganidir. Yer yuzi aholisining 80 foizi 80 ta tilda so‘zlashadi. 3500 ta tildan esa sayyora aholisining 0,2 foizigina foydalanadi, xolos.
- Hozir 46 ta tilda faqat bir kishigina so‘zlashadi. Agar bu tillar boshqalarga o‘rgatilmasa, ular o‘tmish bo‘lib qolishi turgan gap. Shuningdek, 3-4 kishigina biladigan tillar ham talaygina. 200 ga yaqin tilning esa 10 nafardan so‘zlashuvchisi bor.
- Afrika qit’asida jami 1000 dan ortiq tilda so‘zlashiladi.
- Papua-Gvineyada 700 dan ko‘proq til amal qiladi. Ularning qay birini davlat tili sifatida belgilash ancha vaqt bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Shu sababli konstitutsiyada davlat tili yo‘qligi belgilangan. Ish yuritishda ingliz tili va uning mahalliy lahjasi – pijin-inglishdan foydalaniladi.
- Xitoy tilining mandarin lahjasi eng ko‘p so‘zlashuvchiga ega – unda 885 milliondan ortiq kishi gaplashadi. Bu borada ikkinchi o‘rinni ispan (332 million), uchinchi o‘rinni ingliz (322 million), to‘rtinchi o‘rinni bengal tili (189 million) egallaydi.
- Xalqaro sun’iy til – esperantonini 1887 yili varshavalik vrach Lyudvik Zamengof tuzgan.
- Afrika xalqlari gaplashadigan suaxili tili mahalliy qabilalar, arab va portugal tillari chatishmasidan hosil bo‘lgan.
- Birlashgan Millatlar Tashkilotida oltita rasmiy til amalda – ingliz, fransuz, arab, xitoy, rus va ispan tillari.
- Eng qiyin tillardan biri bask tilidir. Hatto uni Ikkinchi jahon urushi yillarida maxfiy axborotlarni almashish uchun ishlatishgan. Qiyinlik bobida tabasaran tili ham o‘ziga xos. U Dog‘istonda davlat tillari qatoriga kiritilgan. Bu tilda 48 ta kelishik bor! Eskimoslar tilida esa hozirgi zamon fe’lining 63 ta shakli, otlarga qo‘shiladigan 252 ta qo‘shimcha bor!
- Sanskrit tilidagi matnlarni malakali tarjima qilish yoki shu tilda yozish uchun bu tilni kamida 12 yil o‘rganish kerak bo‘ladi.
- Eskimos tilida “qor” so‘zining yigirmadan ortiq ma’nodoshlari bor.
- Eng qadimgi alifbolardan hozirgacha saqlanib kelgan harf – O. Fanga ma’lum bo‘lishicha, u miloddan oldingi 1300 yillar atrofida finikiya alifbosida qo‘llanilgan va hozirga qadar o‘zgarishlarga uchramagan. Bugun bu harf dunyo xalqlari alifbolarining 65 tasidan o‘rin olgan.
- Xitoy tilida 50 mingdan ortiq iyeroglif bor. Biroq gazeta o‘qish uchun ularning 2 mingtasini bilish kifoya qiladi.
- Papua-Yangi Gvineyadagi rotakas tili alifbosida bor-yo‘g‘i 12 ta harf bor.
- Botsvana va Namibiyada gaplashiladigan kxong tilida 112 ta tovush bor.
- Kambojada davlat tillaridan biri sifatida e’tirof etilgan kxmer tili alifbosida 74 ta harf bor. Bu dunyodagi eng katta alifbodir. Bu tilda mamlakat aholisining 12 millioni gaplashadi.
- Sedang tilida (Vyetnam) 50 ta unli tovush bor.
- Hindistonda 17 ta rasmiy til bor. Ikkinchi o‘rinda Janubiy Afrika Respublikasi turadi – u yerda 11 ta rasmiy til amal qiladi.
- Kavkaz mintaqasida 40 ta tilda so‘zlashiladi. Ulardan biri – abxaz tilida 2 ta unli va 60 ta undosh tovush bor.
Orifjon MADVALIYEV tayyorladi.