Xorij tajribasini o‘rganish faoliyatimizni yangi bosqichga ko‘taradi

Joriy yilning sentyabr oyida o‘zbekistonlik bir guruh kutubxonachi-mutaxassislar Germaniyada xizmat safarida bo‘lib, ushbu mamlakatning sohada qo‘lga kiritgan yutuqlari bilan yaqindan tanishish, ularning ilg‘or tajribalarini o‘rganish hamda o‘zaro fikr almashish imkoniga ega bo‘lishdi. Toshkent shahar “Bilim” Axborot-kutubxona markazi direktori Hafiza KARIMOVA bilan taassurotlar haqida suhbatlashdik:

 

Dastlab, safar haqida qisqacha to‘xtalib o‘tsangiz…

– Germaniyaga borishdan maqsad, xorijning ilg‘or tajribalarini o‘rganib, yurtimizdagi axborot-kutubxona va axborot resurs markazlari faoliyatini yanada takomillashtirish, kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish sifatini yangi bosqichga ko‘tarish, elektron kutubxonalar tashkil etish jarayonini tezlashtirish, noyob adabiyotlarning saqlanishi, restavratsiya va konservatsiya jarayonlari bilan yaqindan tanishishdan iborat edi.

Safar davomida Berlin davlat kutubxonasi va uning Sharqshunoslik va Kitoblarni raqamlashtirish va restavratsiya bo‘limi bilan yaqindan tanishdik. Qolaversa, Amerika – Gedenk kutubxonasi, Kutubxona fondlarini saqlash bo‘yicha ekspert markazi, Gumboldt nomidagi Berlin universiteti kutubxonasi kabi ko‘plab ma’rifat markazlarining faoliyatini yaqindan o‘rganish imkoniga ega bo‘ldik.

Mamlakatimizda mazkur soha faoliyati O‘zbekiston Respublikasining “Axborot-kutubxona faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni bilan tartibga solinadi. Safar davomida Germaniyadagi bu boradagi qonunchilik asoslari, tizimni tartibga solish tartiblari bilan ham qiziqdingizmi?

– Albatta. Shuni aytish kerakki, ushbu mamlakatda kutubxonachilik sohasini tartibga soluvchi yagona qonun qabul qilinmagan. Germaniyadagi o‘lkalarda maxsus ishlab chiqilgan tartib asosida kutubxona xizmati yo‘lga qo‘yilgan. Shunday ekan, ular bu borada bizdan o‘rnak olsa arziydi.

Germaniyada qonun yo‘qligi tufayli “Kutubxonalarning siyosiy uyushmasi” tashkil etilgan. Mazkur tashkilot sohadagi davlat siyosatini amalga oshiradi.

Ularning Milliy darajadagi kutubxonalaridan olgan taassurotlaringiz qanday bo‘ldi?

Germaniyada bunday ma’rifat maskanlari soni to‘rtta ekan. Ular Frankfurtdagi Milliy kutubxona, Bavariya davlat kutubxonasi, Berlin davlat kutubxonasi hamda Gumboldt universiteti kutubxonalaridir. Biz Berlin davlat kutubxonasi va Gumboldt universiteti kutubxonasining ish tajribasini yaqindan o‘rgandik.

Bilamizki, Berlin davlat kutubxonasi Yevropadagi eng katta va qadimiy qadriyatlarga ega ma’rifat markazlaridan biri sanaladi. Ushbu maskanga bundan 355 yil avval davlat qiroli tomonidan asos solingan. Kutubxonaning eng katta bo‘limi sharqshunoslik ekanligi e’tirofga loyiq. U yerda noyob kitoblar, qo‘lyozmalar saqlanadi. Bo‘limda bizning mamlakatimizda yaratilgan va alohida Markaziy Osiyoga tegishli bo‘lgan qadimiy qo‘lyozmalar ham mavjud. Bundan qariyb 100 yil avval ochilgan ushbu bo‘limning asosiy yo‘nalishlari – asarlarni saqlash, targ‘ibot qilish va sotib olishdan iborat. Bo‘lim Yaqin Sharq, Janubiy, Sharqiy Osiyo, Afrika davlatlaridan muhim tadqiqotlarga oid asarlarni sotib olishni tashkillashtiradi. Bu yerda 2,5 mingga yaqin qo‘lyozmalarning elektron shakli yaratilgan. Kelajakda barcha qo‘l yozmalarning raqamlashtirilishi rejalashtirilgan. Ular ham bu ishni xuddi bizdagidek bosqichma-bosqich amalga oshirishmoqda. Eskirgan, asrab-avaylashga muhtoj asarlarni raqamlashtirish faoliyati esa alohida e’tiborga molik. Bunday kitoblarning o‘quvchilarga faqat elektron shakli taqdim etiladi.

Yana o‘qing:  Denis g‘oliblar safida

Germaniyada kitobxonlarga xizmat ko‘rsatish sifati qay darajada ekani haqida to‘xtalib o‘tsangiz.

Masalan, Berlin davlat kutubxonasini olaylik. Bu yerda a’zolik badali bir oyga 12, bir yilga esa 30 yevroni tashkil qiladi. Kutubxonaga masofadan turib yozilish uchun ham bu maskanga bir marta bo‘lsa-da kelish kerak bo‘ladi. Chunki xizmatlar pullik. Biroq menga ularning bir tajribasi ma’qul keldi. Ya’ni, ushbu markazga a’zo bo‘lgan kishi, u yerdan olgan guvohnomasi bilan mamlakatdagi barcha kutubxonalarga kirish huquqiga ega bo‘lar ekan.

Ularning yana qaysi ish uslubi sizga ma’qul keldi?

– Kutubxonalardagi kitob saqlash bo‘limidagi ajratkichlarga alohida e’tibor berdik. Qizig‘i shundaki, ular turli ranglarda ekan. Biz bu ranglar nimani anglatishini so‘radik. Ma’lum bo‘ldiki, qizil rang kitobxonlarga buyurtma asosida berilgan kitoblarni bildirarkan. Yashil va zangori rang – o‘quvchilarning buyurtmasi asosida uyga berilishi mumkin bo‘lgan va berilgan kitoblar ekan. Sariq rang – shikastlangan, restavratsiyaga muhtoj kitoblar bo‘lib, jigarrang – yo‘qolgan kitoblar ekan.

Ushbu tajribani o‘zim faoliyat yuritadigan kutubxonaga va barcha ARMlarga tatbiq etish mumkin, deb o‘yladim. Zero, bu kitoblarni asrab-avaylashga, mutaxassislarni o‘z ishiga mas’uliyat bilan yondoshishga undaydi.

Nemis kitobxoni qiziqishlari borasidagi kuzatuvlaringiz haqida ham so‘zlab bersangiz.

– Birgina Gumboldt universiteti kutubxonasini olaylik. Ushbu ma’rifat markazi oliy o‘quv yurti qoshida ekanligi va shahar markazida joylashganligi uchun bu yerda kitobxonlarga joy yetkazib berish juda mushkul. O‘quv zalida talabalar uchun 1000 ta o‘rin bo‘lishiga qaramasdan, hech qachon bo‘sh turgan joyni ko‘rmaysiz. Shuning uchun markazda “Mobil soat” ish usuli ishlab chiqilgan va bu kutilgan natijani bermoqda. Ya’ni, oldindan joylar internet orqali band qilib qo‘yiladi va kitobxonlar belgilangan vaqtda u yerga yetib borishadi.

Amerika – Gudenk kutubxonasi faoliyati bilan tanishganimizda ham bu yerdagi kitobxonlar e’tiborimni o‘ziga tortdi. Markaz o‘z ishini ertalab soat 10. 00da boshlaydi. Nemis xalqining kitobsevarligini ma’rifat maskani ochilishini kutib, to‘planib turgan ko‘p sonli aholini kuzatish orqali bilib oldik.

Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

 

Ra’no ZARIPOVA suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: