Til – millatning bosh belgisi
Ona tili – millat birligi va birdamligining timsoli. U millat deb atalmish birlikni yagona xalq sifatida o‘z atrofida birlashtiradi, dunyoda borligini ta’min etadi.
Milliy ma’naviyatimizning ajralmas qismi bo‘lgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilganiga bu yil 27 yil to‘ldi. Ana shu muhtaram sana arafasida filologiya fanlari doktori, professor Nizomiddin Mahmudovning o‘ktam va o‘lmas tilimiz – o‘zbek tilining bugungi ahvoli, til ilmi va ta’limi bilan bog‘liq masalalardagi fikrlari bilan qiziqdik.
– Ustoz, har yili yurtimizda 21 oktyabr o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun, ona tilimizning huquqiy muhofazasini ta’minlagan Qonun qabul qilingan sana sifatida tantana qilinadi. Siz shu qonunning tayyorlanish jarayonida bevosita ishtirok etgansiz. Keling, suhbatimizni mazkur tarixiy hujjatning qabul qilinishi, uning ahamiyati borasidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.
– O‘zbek tili yer yuzidagi eng boy va qadimiy yozma an’analariga ega tillardan biridir. Uning ildizlari tarixning ming yilliklari qa’riga borib taqaladi, ana shunday chuqur manbalardan quvvat va qudrat oladi. Bu til bugunni moziy bilan, ajdodlarimizning benazir tafakkuri va taxayyuli mahsuli bo‘lmish aqliy va badiiy inkishoflari bilan muntazam bog‘lab turuvchi qo‘porilmas ko‘prikdir. Bu til o‘zbekning hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan bebaho boyligi, o‘zligining o‘zagi, “men”ligining mag‘zi maqomidagi muhtasham mulkidir. Yaqin o‘tmishimizdagi istibdod davrida o‘zbek tilining yagona vatani bo‘lmish O‘zbekistonda bu tilning haq-huquqlari benihoya bepisandlik bilan poymol qilindi, uning qo‘llanishi “qizil quyushqon”ga solindi, u rasmiy muloqot maydoniga yo‘latilmadi. Albatta, bunday munosabat xalqning, millatning hamiyatiga qilingan tajovuz edi va bu xalq qalbidagi adoqsiz og‘riq edi.
Demoqchimanki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish to‘g‘risidagi masalaning kun tartibiga chiqishi shunchaki muallaq tasodifning taqozosi emas, balki xalq qalbidagi asriy og‘riqqa malham topish, tarixiy adolatni tiklash yo‘lidagi jiddiy va jasur sa’y-harakatlarning, ta’bir joiz bo‘lsa, ibtidosi edi.
Albatta, mazkur qonunning tayyorlanishi va qabul qilinishi, osonlik bilan bo‘lgan emas. 1988 yilda “Davlat tili haqida”gi Qonun loyihasini tuzish bo‘yicha tilshunoslar, huquqshunoslar, adiblar va boshqa tegishli mutaxassislardan iborat komissiya tuzilgan. Men ham shu komissiyaning a’zosi sifatida uning ishida ishtirok etganman. Respublikaning o‘sha paytdagi rahbariyati topshirig‘i va qat’iy talabiga ko‘ra “Tillar to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hozirlanib, matbuotda e’lon qilingandi. Ammo bu loyiha keng jamoatchilikning haqli va jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi. Chunki mazkur loyiha, nomidan ham ko‘rinib turganiday, bir til haqida emas, balki bir nechta tillar haqida bo‘lib, mamlakatda o‘zbek va rus tillariga davlat tili maqomini berishni qoidalashtirilgan edi. Albatta, loyihadagi ikki tillilik g‘oyasi behad qizg‘in bahs-munozaralarda, keng omma o‘rtasidagi muhokamalarda haqli e’tirozlarga sabab bo‘ldi. Dangal aytish lozimki, qonun loyihasidagi ikki tillilik g‘oyasiga Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov barham berdi. Bu qonunning shu shaklda tayyorlanishi va qabul qilinishi bevosita u kishining nomi va faoliyati bilan bog‘liq. 1989 yilning 23 iyunida O‘zbekistonning Birinchi rahbari sifatida Islom Karimov ish boshladi. O‘sha paytdagi vaziyat qanchalik murakkab, qaltis, qanchalik tahlikali bo‘lmasin, nafaqat markaz, balki o‘zimizdagi ikki tillilikning tarafdorlari qanchalik bo‘lar-bo‘lmas shovqin-suron qilishmasin, Islom Karimovning tashabbusi va ko‘rsatmasi bilan yangi qonun loyihasi tayyorlandi, unda ikki tillilik g‘oyasi bartaraf etildi. Faqat o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish qoidalashtirildi, shuning uchun qonun loyihasi ham to‘g‘ridan to‘g‘ri “Davlat tili haqida” deb nomlandi. Yurtboshimiz rahnamoligida tayyorlangan va qabul qilingan mazkur qonun o‘zbek tiliga davlat tili maqomini berish bilan bir qatorda O‘zbekistonning davlat mustaqilligi sari dadil qo‘yilgan ilk amaliy qadamlardan biri bo‘lganligini ta’kidlash lozim. O‘zbek tili ozod O‘zbekistonning davlat tili ekanligi haqidagi qoida Asosiy Qonunimizda ham mustahkamlab qo‘yilgan.
Islom Karimovning ta’biri bilan aytganda, “o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi”.
Yurtimizning turli millatga mansub fuqarolari o‘zbek tilini davlatimizning muqaddas timsoli sifatida o‘rganmoqdalar, bu tilda gaplashmoqdalar, unga yuksak ehtirom ko‘rsatmoqdalar. Bu timsol barcha kishilarimizning bir yurt fuqarolari sifatida birlashuviga xizmat qilmoqda. Bu holat, tabiiyki, o‘zbek tili rivojining jadallashuviga, badiiy-tasviriy imkoniyatlarining yanada kengayishiga ham ko‘mak bermoqda. Yana shuni ham mamnuniyat bilan aytmoq joizki, Asosiy Qonunimiz va “Davlat tili haqida”gi qonunimiz asosida mustaqil mamlakatimizda hech kimning, biron-bir boshqa millat vakilining ko‘ngliga hech bir ishtiboh solmaydigan, hamiyatiga tegmaydigan, har qanday demokratik tamoyillarga mos keladigan, benihoya xolis va oqilona til siyosati shakllangan. Yurtimizning turli millatga mansub fuqarolari o‘zbek tili bilan bir qatorda o‘z ona tillarini ham mukammal o‘rganmoqdalar, davlat tilidan tashqari turli tillardagi ta’lim, davriy nashrlar, televideniye va radio dasturlari muntazam yo‘lga qo‘yilgan.
– Tilni millatdan, millatni tildan ajratib bo‘lmaydi. Shuning uchun xalqimizda “Til – millat ko‘zgusi”, “Til – millatning ruhi” tarzidagi hikmatnamo gaplar bor. Aytingchi, til va millat tushunchalarini yaxlit tasavvur qilish til ta’limida, xususan, ona tili ta’limida qanday muhimlik kasb etadi?
– Til millatning bosh belgisi, asos unsuri ekanligi haqidagi gap faqat shaklga daxldor emas, til millatning mag‘zi va mohiyatiga daxldor tushunchadir. Til ilmida o‘ziga xos o‘chmas iz qoldirgan, dunyo tilshunosligini yangi o‘zanlarga burib yuborishga zamin hozirlagan olmon allomasi Vilgelm fon Gumboldtning: “Mening millatim tilining doiralari mening dunyoqarashimning doiralarini bildiradi”, – degan gaplari bugun jahon tilshunosligida shakllanib ulgurgan “lisoniy madaniyatshunoslik” yo‘nalishining asosini tashkil etmoqda.
Zotan, “milliy ong”, “milliy dunyoqarash”, “milliy tafakkur”, “milliy ruh”, “milliy mentalitet” kabi zalvorli tushunchalarni tilsiz, tildan tashqarida tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu tushunchalarsiz esa millat degan birlikning tasavvuri imkonsizdir. Til va tafakkur bir-biri bilan shunchalik bog‘liqki, ularning birisiz ikkinchisi mavjud bo‘lolmaydi. O‘sha V. Gumboldtdan boshlangan va bugun aksariyat tilshunoslar tomonidan e’tirof etilgan qarashlarga ko‘ra til tafakkurning qanday bo‘lishini tayin etadi, aytish mumkinki, inson dunyoni o‘z tili mantig‘idan kelib chiqib, ya’ni tili bilan idrok etadi, eshitadi va ko‘radi. Har bir xalqning, millatning o‘ziga xos, tiliga uyg‘un milliy tafakkur tarzi mavjud. Til va millat, demakki, xalqning dialektik birligi juda ham yaxlitdir. Til, ayniqsa, ona tili ta’limida bu birlikning muntazam idroki tarbiyasining zaruriyatini tushuntirish quyoshning borliqdagi ahamiyati haqida gapirishday ortiqcha bir ishdir. Ona tili ta’limida buni o‘qituvchi biror on unutmasligi shart.
– Bugun ona tili ta’limi bo‘ladimi, xorijiy tillarni o‘rganish bo‘ladimi, o‘quvchilarning lisoniy kompetentligini o‘stirish o‘qituvchi oldidagi ustuvor vazifa sifatida baholanmoqda. Bu borada maxsus o‘quv dasturi ham sinovdan o‘tkazilmoqda. Aytingchi, o‘quvchining lisoniy layoqatlilik darajasini o‘stirishda o‘qituvchilarimiz alohida e’tibor berishlari lozim bo‘lgan jihatlar nimada?
– Har qanday til ta’limining, ayniqsa, ona tili ta’limining pirovard maqsadi o‘quvchini tilday sinoatli olamga olib kirish, bu olamni uning o‘ziniki qildirish va unda hech bir mushkulotsiz, nafaqat mushkulotsiz, balki huzur va hayrat bilan erkin harakat qilmoq layoqatini tarkib toptirishdan, ana shunday malaka sohibini tarbiyalashdan iborat. Tabiiyki, o‘quvchining lisoniy layoqatlilik darajasini shakllantirish va o‘stirish birdan bo‘ladigan ish emas, bunga o‘quvchi ham, o‘qituvchi ham jiddiy harakat qilmog‘i, astoydil kirishmog‘i lozim. Buning uchun o‘qituvchi muntazam va tadrijiy tarzda ish olib bormog‘i maqsadga muvofiq. Mazkur muammoning maqbul yechimlarini topish bilan mashg‘ul bo‘lgan nazariyotchi va amaliyotchi mutaxassislarning bu boradagi maxsus taklif va tavsiyalari mavjud, bu taklif va tavsiyalar asosida ta’lim tizimida aniq ishlar olib borilmoqda.
Mening nazarimda, o‘quvchining lisoniy layoqatlilik darajasini o‘stirishda ona tili o‘qituvchisi tilning shakliy xususiyatlaridan ko‘ra uning ma’naviy-estetik, milliy-mental jihatlariga ko‘proq e’tibor bersa, yaxshi bo‘lardi. O‘qituvchi tilni faqat aloqa quroli sifatidagina emas, balki shu bilan birga uni murakkab dunyoni bilish, anglash, ko‘rish, eshitishning muhtasham vositasi sifatida ham anglatmoqni niyat qilmog‘ida foyda bor. Buning uchun o‘qituvchi faqat darslik bilan chegaralanib qolmasligi kerak, darslikda bu jihatlarni batafsil bayon qilishning imkoni yo‘q. O‘qituvchi, eng avvalo, tilning mohiyatidagi mentallik, milliylik, estetiklik, emotsionallik kabi xususlarni tugal tasavvur etmog‘i, bu xususlarni bolaning idrok imkoni darajasidan kelib chiqib, uning shuurini zo‘riqtirmagan holda bola ongiga singdirish yo‘llarini izlashdan charchamasligi zarur.
Yorqinjon ODILOV suhbatlashdi.