Ozon qatlami – ona tabiat soyaboni
Ko‘pgina insonlar asosiy vaqtini ish joyida o‘tkazgani bois, xushbo‘y havo tozalagichlardan foydalanib, xonasiga salqinlik bag‘ishlashga urinadi. Ammo shunday spreylarning ba’zilari xlorftoruglevod (XFU) molekulalaridan iborat bo‘lib, ular ozon qatlamining yemirilishiga
sabab bo‘lar ekan.
Ma’lumki, mazkur mollekulalardan sovutgichlar, turli aerozollar, sochlar uchun spreylar, dezodorantlar ishlab chiqarishda keng qo‘llaniladi. Havoga tarqalgan xlorftoruglevod molekulalari og‘ir bo‘lishiga qaramasdan, ular vertikal esuvchi havo oqimi yordamida atmosferaga yetib boradi va unda teng tarqaladi. Mazkur jarayon uchun 5 yildan 7 yilgacha vaqt ketadi va u yerda 100 yilgacha saqlanib turishi mumkin. Ozon molekulasining yemirilishi kislorod va xlor oksidi yoki brom oksidi ajralishi orqali yuzaga keladi. Xlor yoki bromning bitta atomi stratosfera qatlamidan traposfera qatlamiga o‘tgunga qadar, 100 000 ta shunday reaksiyalarda ishtirok etadi. Natijada stratosferada ozon qatlamiga jiddiy ziyon yetadi.
Quyosh radiatsiyasini yerga yetib kelishining kuchayishi natijasida dengiz hayvonlari va o‘simliklari orasida o‘limning ortishiga, qurilish ashyolarining xizmat muddatining qisqarishiga, qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi kamayishiga olib keladi. Inson salomatligi borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda aholi o‘rtasida ko‘z gavhari kataraktasi, ko‘z pterigiyi, konyuktivit xastaligi ko‘p uchramoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining bergan ma’lumotiga qaraganda jahonda 18-19 million odam katarakta sababli ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan. Shuningdek, ultrabinafsha nuri sababli insonlarning teri sohasida ko‘plab muammolar yuzaga kelmoqda. Kishilarda immun tizimining zaiflashuvi ham ozonning yemirilish hodisasi bilan bog‘liqdir.
Ozon qatlami – yer yuzasini quyoshning ultrabinafsha nurlaridan himoya qiluvchi stratosferada (er yuzasidan 10-15 km. uzoqlikda) joylashgan ingichka gaz qatlami bo‘lib, u insoniyatning quyoshning zararli ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladi. Sodda qilib aytganda ozon yerning soyabonidir.
Zaiflashgan ozon qatlamidan bizgacha yetib kelayotgan ultrabinafsha nurlarining zarari haqida gap ketganda ko‘pgina odamlar teri kasalliklari haqida qayg‘urishadi. Ammo, kamdan-kam odamlargina bu nurning inson ko‘ziga bo‘lgan zarari haqida o‘ylashadi.
Bizga ma’lumki, bolalarning ko‘z qorachig‘i kattalarnikiga qaraganda tiniqroq va yirikroq bo‘ladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ularning ana shunday beg‘ubor qorachiqlari ultrabinafsha nurlaridan zararlanadi. Bolalar kattalarga nisbatan 3 marotaba ko‘proq vaqtlarini ko‘chada o‘tkazadilar. Shuning uchun ota-onalar quyoshli kunlarda farzandlarini ko‘zoynak, bosh kiyimlarda yurishiga alohida e’tibor qaratishlari lozim.
Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, global miqyosda ozon qatlamini yemiruvchi moddalardan kundalik hayotimiz, sanoat va qishloq xo‘jaligi maqsadlarida foydalanishning bosqichma-bosqich to‘xtatilishi natijasida ona zaminimizning himoya qatlami qayta tiklanmoqda. Kuzatishlarga ko‘ra, u asrimizning o‘rtalariga kelib o‘z me’yoriga qaytadi. Bugungi kunda 197 davlat Vena konvensiyasi hamda Monreal protokolining a’zosi hisoblanadi. O‘zbekiston xalqaro hujjatlarni 1993 yili ratifikatsiya qildi va bosqichma-bosqich tuzatishlarni qabul qilib, tegishli talab hamda qoidalarga rioya qilgan holda ish olib bormoqda. Jumladan, O‘zbekiston tomonidan “Iqtisodiy o‘tish davridagi mamlakatlar mintaqasida GXFUdan foydalanishni jadal qisqartirishning dastlabki bajarilishi” bo‘yicha loyiha ma’qullandi. Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlangan “2013–2017 yillarda O‘zbekiston Respublikasida atrof-muhit muhofazasi bo‘yicha harakatlar dasturi”ga kiritildi.
E’tiborli tomoni shundaki, hozirgi paytda tabiatni muhofaza qilish tadbirlari va mamlakatda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar natijasida atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ifloslantiruvchi moddalarning umumiy miqdori 1967,2 tonnadan 9,86 tonnagacha, 1989 yilga nisbatan esa 99,95 foizga qisqardi. Shu asosda sovutish uskunalari va konditsioner o‘rnatuvchi mutaxassislar, shuningdek, bojxona xodimlari va inspektorlar doimiy tarzda o‘qitib borilmoqda. Ozon qatlamini buzuvchi moddalar va tarkibida shunday moddalar bo‘lgan mahsulotlarning import-eksport hisoboti bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasi yaratildi.
Inson hayoti va faoliyati uchun eng muhim omil bo‘lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning musaffoligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir. Shunday ekan bu xayrli ishga barchamiz o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shishimiz lozim.
Tabiatni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi Axborot xizmati hamkorligida Ma’rifat TOLIPOVA tayyorladi