TOMAYOTGAN KO‘NGIL ROZLARI
Yaqinda iste’dodli shoira O‘ktamxon Xoldorovaning “Tomayotgan ko‘ngil” she’riy to‘plamini o‘qib chiqdim. Undagi go‘zal she’rlardan shoiraning qalb dunyosi meni o‘ziga maftun etdi. Shoira misralarida inson qalbi, uning evrilishlari g‘oyatda samimiy tarannum etiladi. O‘ktamxon rassom shoira. U yozmaydi chizadi. Ko‘ngil holatlaridan hikmat topadi. Tortgan azoblaridan teran xulosalar chiqaradi. “Yuragimga o‘xshab qolgan so‘z” she’rida u shunday yozadi.
Uchmoqqa chog‘langan so‘z bor ko‘zingda
Men bitta-bittalab tutib olaman.
Ularni yuragim tubiga joylab,
Soqov sukunatga o‘xshab qolaman.
O‘ktamoyning ko‘plab she’rlarida inson doimo ishonch, mehr-muhabbat ardog‘ida yashashi ta’kidlanadi.
Shoira ko‘ngil odami bo‘lganidan ham shodlanadi, ham iztiroblar chekadi. “Bu dunyoda ishim qolmadi, ko‘ngil siniqlarin terishdan boshqa” degan to‘xtamga keladi. Uning iltijo ohangida bitilgan she’rlarida inson qismatining murakkabliklari aks etadi.
Arpangni xom o‘rdimmi dunyo,
Boshim uzra tegirmon toshi.
Shafqat, nega boqmaysan qiyo.
Sabrlarim ketmoqda toshib,
Gulni hidlab baloga qoldim.
O‘ktamoy – ko‘ngli chinakamiga to‘lib ketganda qo‘liga qalam oladigan shoira. Ammo u iztirob otashidan qovjiragan tuyg‘ularini ortiqcha vahimalarsiz, bosiqlik bilan qog‘ozga tushiradi.
Uning she’rlarida Vatan tuyg‘usi, do‘stlik, sog‘inch kabi mavzular ham keng o‘rin egallaydi.
Misralaridagi falsafiy fikrlar ummoni o‘quvchini mushohadaga chorlaydi. Uning har bir she’rida qalb qo‘ri sezilib turadi. Balandparvoz misralarga aslo o‘rin yo‘q.
Xulosa qilib aytganda hozir shoira avji ijod pallasida. To‘plamdagi ko‘plab she’rlar o‘quvchilar tomonidan yaxshi baholandi. “Tomayotgan ko‘ngil” she’riy to‘plami she’riyat shaydolari uchun munosib tuhfadir. Undagi rang-barang mavzulardagi she’rlar o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Bu she’riy to‘plamning ham sevib mutolaa qilinishiga shak-shubha yo‘q.
Rustam MANNOPOV,
tadqiqotchi