Asrlar osha barhayot san’at
O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Kamoliddin Behzod memorial bog‘-muzeyida “Asrlar osha barhayot san’at” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi akademigi, O‘zbekiston xalq ustasi Alisher Narzullayevning ijod namunalari tomoshabinlar e’tiboriga havola etilgan.
A. Narzullayevning ijodiy ishlari mamlakatimiz va xorijda yaxshi ma’lum. U G‘ijduvon kulolchilik maktabi an’analari rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan ijodkorlardan. Ustaning nafis ijod namunalari mamlakatimiz, AQSH, Fransiya, Germaniya, Yaponiya va boshqa davlatlarda o‘tkazilgan bir qator ko‘rgazmalar, ko‘rik-tanlovlar, san’at festivallarida yuqori baholangan. Mohir kuloldan kasb sirlarini o‘rgangan ijodkorlar bugungi kunda mamlakatimizdagi bir qator ijodiy tashkilot va birlashmalarda mehnat qilmoqda.
G‘ijduvon kulolchiligi naqsh va chizgilarining yaxlit va ko‘rkamligi, mukammalligi, olovrang, to‘q qizg‘imtir, sariq, zumrad kabi ranglarning samarali qo‘llanilishi bilan san’at muxlislarining e’tiborini qozongan. Bu jihatlar A. Narzullayevning ijod namunalarida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Ko‘rgazmada mohir ustaning ikki yuzdan ortiq kulolchilik ishi namoyish etilmoqda.
V. PO‘LATOVA