“Qora oqsoq” yoki brutsellyoz qanday xastalik?

“Qora oqsoq” uy hayvonlari o‘rtasida keng tarqalgan kasalliklardan biri bo‘lib, ushbu xastalikka odamlar ham tez-tez chalinadi.

Insonlarda kasallik ko‘proq surunkali kechadi va bemorni uzoq muddatga ish qobiliyatini yo‘qotishiga va hatto, nogironlikkacha olib keladi.

1886 yilda kasallik qo‘zg‘atuvchisini birinchi marta kashf etgan ingliz harbiy vrachi Bryus sharafiga xastalik brutsellyoz nomi bilan atala boshlangan. Bugungi kunda brutsellyoz qo‘zg‘atuvchisining 6 turi va 17 biovari aniqlangan.

Har bir turdagi brutsellaning o‘ziga xos manbai bo‘ladi. Masalan, yirik shoxli hayvonlar brutsella-abortusning asosiy o‘chog‘i hisoblanadi. Brutsella-melitenzisning asosiy manbai esa mayda shoxli hayvonlardir (qo‘y, echkilar). Ular ba’zan yirik shoxli hayvonlarda ham uchrab turadi. Brutsella-suis bilan ko‘proq cho‘chqalar xastalansa, brutsella-kanis itlarda, brutsella neotoma esa kalamush va sichqonlar orasida tarqalgan.

Ma’lumki, “qora oqsoq” kasalligiga hamma uy hayvonlari sezgir bo‘ladi. Xastallik yuqishida ayniqsa, mayda shoxli hayvonlarning ahamiyati katta. Brutsellyozga chalingan hayvonlar o‘z vaqtida nazoratga olinmasa, kasallik keng tarqalishiga zamin yaratiladi. Shuningdek, ushbu kasallik ko‘pchilik fermer, bo‘rdoqichilik va shaxsiy xo‘jaliklarda, mayda va yirik shoxli hayvonlar birgalikda saqlanganda ham osongina yuqadi. Bunday sharoitda infeksiya mayda shoxli hayvonlardan yirik shoxli hayvonlarga o‘tib, vaziyat keskinlashishiga sabab bo‘ladi.

Mayda shoxli hayvonlar o‘chog‘i epidemiologik jihatdan insonlarga katta xavf tug‘diradi. Bunda asosan qo‘y va echkilar kasallik manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Hayvonlardan brutsellalar tashqi muhitga so‘lak, sut, qon, jinsiy a’zolar suyuqligi, platsenta(yo‘ldosh) va chala tug‘ilgan qo‘zichoq, buzoq orqali ajraladi va tevarak-atrofni buretsellalar bilan ifloslantiradi. Kasallik xizmatchilarga asosan hayvonlarni boqishda va parvarish qilish natijasida yuqadi. Xastalik shuningdek, hazm a’zolari va muloqot yo‘li orqali ham o‘tadi.

 Brutsellyozning o‘tkir turi va yashirin davri mayda shoxli hayvonlar o‘chog‘ida 3-6 haftagacha davom etadi.

 Kasallik asta-sekin (50 foiz), ba’zan o‘tkir (38,5 foiz) va kamdan kam hollarda bilinar-bilinmas (11,5 foiz) darajada boshlanadi. Ko‘pincha xastalik 30 kungacha, ba’zan esa 2 oygacha davom etadi. Bemorda haroratning ko‘tarilishi, terlash, tez charchash, et uvishishi, asabiylashish (20,5 foiz) va mushaklarda og‘riq (23,9 foiz) turishi kuzatiladi. Shuningdek, teri va tashqi shilliq parda rangining oqarishi va kamqonlik, haroratning oshib ketishi, tilni oq karash qoplashi ham kuzatiladi. Kasallikka xos belgilardan biri yuqori harorat bo‘lib, u ko‘pincha to‘lqinsimon (37 foiz), febril holda (20 foiz), turg‘un (15 foiz), o‘zgaruvchan (18,3 foiz) va subfebril (2,9 foiz) darajada bo‘ladi. Odatda harorat 7-12 kungacha pasaymaydi.

Yana o‘qing:  Tadqiqot: energetik ichimliklar giyohvandlikka boshlaydi

Kasallikning yarim o‘tkir turida yuqoridagi klinik belgilardan tashqari, retikulo-endotelial tizimida periferik limfa bezlarning kattalashishi, jigar va taloqning shishi ro‘y beradi. Harakat va tayanch a’zolarda artralgiya, oyoqning yirik bo‘g‘imlarida og‘riq sezilishi, qo‘l bo‘g‘imlarida artrit belgilari, miozitlar (mushaklar yallig‘lanishi) (10 foiz) va bo‘g‘imlar harakatining cheklanishi kuzatiladi.

Asab tizimida uyqusizlik, bosh og‘rishi, ishioradikulitlar, radikulitlar, nevrit va pleksitlar uchraydi. Jinsiy va tanosil a’zolarida orxit, orxoepidimit, ayollarda hayz ko‘rishning buzilishi, bola tushishi va muddatidan ilgari tug‘ish hollari ro‘y beradi.

Kasallikning asosiy manbaini hisobga olgan holda profilaktika chora-tadbirlari bir necha qismdan iborat bo‘lishi zarur. Brutsellyozga qarshi epizootik, epidemiologik, umumiy sanitariya chora-tadbirlari xastalikning salmog‘i va qaysi mintaqada tarqalganligini hisobga olgan holda olib boriladi.

Epizootik chora-tadbirlar deganda xo‘jalikda turli xil qishloq xo‘jalik hayvonlarini brutsellyoz bor-yo‘qligiga laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish va hisobga olish tushuniladi. Bu ishlar umumiy va shaxsiy xo‘jaliklarda bir xil olib borilishi kerak.

Veterinariya xizmatining asosiy vazifalaridan biri musbat serologik natija bergan hayvonlarni darhol xo‘jalikdan ajratishi zarur. “Qora oqsoq”ga nisbatan laboratoriya manfiy natija bergan hayvonlar orasida maxsus choralar o‘tkazish, ya’ni ularni kasallikka qarshi emlash lozim. Ayniqsa, qo‘zilatish mavsumi davrida bola tashlagan mayda shoxli mollarni hisobga olish, yo‘ldoshni brutsellyozga laboratoriya usulida tekshirishni yo‘lga qo‘yish, dezinfeksiya tadbirlarini amalga oshirish va qo‘zilatish mavsumida ishtirok etayotganlar bilan “qora oqsoq” kasalligining profilaktikasi bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish xastalikni oldini olishda muhim o‘rin tutudi.

Epidemiologik chora-tadbirlar epizootik holatni hisobga olgan holda rejalashtiriladi. Xastalik manbaini o‘z vaqtida aniqlash va kasal bo‘lgan hayvonlarni boshqa joyga ajratish, xo‘jalik ishchi xodimlari orasida profilaktik choralar ko‘rish, mabodo xastalik aniqlansa, ularni darhol tekshirish va tegishli davo choralarini tayinlash shular sirasiga kiradi. Tibbiyot va veterinariya xodimlari orasida o‘zaro axborot berishni yo‘lga qo‘yish, epizootik va epidemiologik nazoratni kuchaytirish, bemor aniqlangan oila a’zolarini, shaxsiy va fermer xo‘jaliklari va hayvonlar mahsulotlari bilan qayta ishlaydigan korxonalarning ishchilarini brussellyoz bor-yo‘qligiga tekshirish kabi choralar talab qilinadi.

 

Husan SAPAROV,

tibbiyot fanlari nomzodi,

Respublika DSENM “O‘ta xavfli yuqumli kasalliklar” bo‘limi mudiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: