Urganch manzaralari: kecha va bugun

Bolaligim sobiq tuzumning so‘nggi yillariga to‘g‘ri kelgan. Har yili yozgi ta’tilni Xorazmda buvimning uyida o‘tkazar edim. Maktabni tamomlagach, o‘qishga kirdim. Buxoroda harbiy xizmatni o‘tadim. Qisqasi, ishlar bilan bo‘lib, ancha yillar Urganchga bora olmadim.

Yaqinda yo‘lim tushib Xorazmga bordim. To‘g‘risi, bolaligim o‘tgan ko‘chalarni, Urganch shahrini ko‘rib, umuman taniy olmadim. Obodonlashtirish, qurilish-bunyodkorlik ishlari sabab shahar butunlay yangicha qiyofa kasb etibdi. Bularning bari mamlakatimizdagi ulkan islohotlar, ulug‘vor o‘zgarishlar, tinchlik, osoyishtalik sharofati ekanligini ich-ichimdan his etdim.

Bolaligimda oyoq yalang yurgan ko‘chalarni aylandim. Buvim yashaydigan uyning bir tomoni “Yoshlik” ko‘li (sobiq “Komsomol” ko‘li), bir tomoni Shovot kanali edi. Amudaryodan Shovotga, undan anhorga, undan ko‘lga suv oqib kelib quyilardi. Ko‘lning suv quyiladigan joyi bolalar cho‘miladigan eng sevimli maskan hisoblanardi. U paytlar shaharda birorta ham yopiq suv havzalari yo‘q edi. Biz bolalar cho‘milish joyidan kattalar suzib kelayotgan orolchani tomosha qilardik. Menga u orolchalar juda sirli tuyulardi.

Bir kuni rahmatli buvim tog‘amga qayiq olib kelishni tayinladi. Biz hammamiz unga o‘tirib, ko‘lni sayr qildik va o‘sha orolchada to‘xtadik. U yer qum barxanlari, tikanak gullar, yantoq bilan to‘la edi. Ba’zan yonimizdan kaltakesaklar yugirgilab o‘tib qolar, buzovboshlar qumni yorib chiqib, yana unga singib ketardi.

– Buzovbosh chaqadimi? – so‘rayman tog‘avachcham O‘tkirdan.

– Yalab ketsa, shishib chiqadi, og‘ritadi, – javob qildi u.

– Bu yerda ilonlar ham bormi? – deya so‘rayman qaynoq qumni surib joy ochayotgan tog‘amdan.

– Anavi qamishlar orasida bo‘lishi mumkin, – deydi u oldimizdagi quyuq qamishzor tomon ishora qilib.

– Ilon va buzovbosh odam kelgan joydan qochadi, – deydi meni xotirjam qilish uchun buvim.

Buvim rahmatlik xalqona issiq qum muolajasini xush ko‘rardi. Tog‘am ularni qumga ko‘mib, o‘zi cho‘milgani ketdi. O‘tkir unga ergashdi. Xolam bo‘lsa, buvimning boshida soyabon tutib, asta kitob o‘qishga tushdi. Men esa ilon, chayonlar chaqishidan qo‘rqib, cho‘milgani ham bormasdan ularning yonida o‘tiribman.

– Qum odam vujudidagi barcha kasalliklarni oladi. Soyabon tagiga kir, senga bir ertak aytib beraman, – dedi buvim.

Yana o‘qing:  “BOLAJON”

Buvim menga Xiva shahrining mana shunday qumlar ustida bunyod etilgani haqida hikoya aytib berdi. Ertaksimon muzey shaharning ana shunday qum ustida qurilganiga ishonmadim…

Istiqlol tufayli bu orolchada ham ulug‘vor o‘zgarishlar bo‘lganini eshitib, u tomonga o‘tdim. O‘sha kimsasiz maskanga buvimning uyi yonidan ko‘prik qurilibdi. Yoysimon ko‘prikning chiroyli panjaralariga suyanib, go‘zal orolchalarni uzoq-uzoq tomosha qildim. Buvimning rivoyatlari go‘yo qulog‘im ostida jaranglagandek bo‘ldi.

Orolchalarning birida mamlakatimizning go‘zal tarixiy shaharlari – Xiva, Samarqand, Buxoro, Shahrisabz manzaralari aks etgan bo‘lib, yo‘laklari barq urib, bo‘y taratib turgan anvoyi gullar, daraxtlar bilan bezatilgan. Ikkinchi orolchada esa yurtimizning tog‘li manzaralari aks etgan bo‘lib, u yerni kesib o‘tgan poyezd yo‘llari bolalarni sirli ertaklar olamiga yetaklashi, shubhasiz. Tog‘ ichidagi g‘orda ertak qahramonlari tasvirlangan. Yana bir tomonda esa bolalar o‘yingohlari ishlab turibdi. Meni bir paytlar vahimaga solgan kimsasiz orolchada bolalarning quvnoq tovushlari jaranglaydi. Billur buloq suvlari bilan bezangan sharsharalarni tomosha qilgach, “Yelkan” nomli kema-kafega asta bosh suqdim. Bu yerda bolalar ota-onalari bilan muzqaymoq yeb, atrofni zavq bilan tomosha qilishmoqda. Oppoq billurdek arkadan chiqib, Shovot kanali tomon yo‘l oldim.

 

O‘tmishsiz kelajak yo‘q

Sharifboy tog‘am Shovot kanalining bo‘yida joylashgan ko‘p qavatli uyda yashar edi. Kanalning eng obod joyi shu yer bo‘lgan. Tog‘avachcham O‘tkirbek bilan binoning tepasiga chiqib olib, Urganch manzaralarini tomosha qilardik. U paytlar shaharda sanoqligina ko‘p qavatli uylar bo‘lardi. Shovotning daryo yanglig‘ yoyilib oqishi, bizga zavq-shavq bag‘ishlardi.

Sharifboy tog‘am biz bolalarni dam olish kunlari Shovotga cho‘milishga olib borardi. Uning bo‘ylari qumlik, tikanaklar o‘sgan, dam oluvchilar tashlab ketgan shisha idishlar bilan to‘la, bir so‘z bilan aytganda, qarovsiz ahvolda edi.

Hurlik tufayli Shovot kanali atrofida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarini o‘tmish bilan qiyoslab, qalbim tog‘dek yuksaldi. Asfalt yo‘llar, yo‘laklarni yoritib turuvchi charog‘on chiroqlar, ikkala qirg‘oqni tutashtiruvchi zamonaviy ko‘priklar. Eng asosiysi, bolalikdan mehr qo‘ygan qahramonim nomidagi Jaloliddin Manguberdi maydoni va u yerda jasur o‘g‘lonning timsoli aks etgan haykal, yer yuzidagi birinchi qo‘l yozma bizning yurtimizga daxldor ekanligini tasdiqlovchi “Avesto” maydoni hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining bu kitob haqidagi fikrlari, qadimiy tarixni ifodalovchi muzey Shovot bo‘ylarini o‘ziga xos tarzda bezab turibdi. Bu olamshumul o‘zgarishlarni ko‘rib, qadimiy qo‘lyozmada tilga olingan ezgu so‘z, ezgu fikr, ezgu amal g‘oyasi bardavom ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qildim.

Yana o‘qing:  Huquq va imkoniyatlar

Shovot bo‘ylarini sayohat uchun mo‘ljallangan maxsus kemada aylanib chiqdim. Obodonlashtirilgan sakkiz kilometrlik qirg‘oq bo‘yi hududi, zamonaviy binolar, bog‘u rog‘lar kishi hayratini oshiradi. Bu yerdan shaharning markaziy maydoniga o‘tib, al-Xorazmiy yodgorligi poyiga ta’zim bajo keltirdim. Bolaligimda orzu qilgan qahramonlarning qadr topganidan ko‘nglim tog‘dek ko‘tarildi.

 

Biz hech kimdan kam emasmiz VA HEch qachon kam bo‘lmaymiz

Bir paytlar buvim dugonasini yo‘qlab boradigan temir yo‘l bo‘yidagi pastqam, jin ko‘chalarni ko‘rish uchun o‘sha yoqqa burildim. Bugun u ko‘chalardan asar ham qolmabdi. Uning o‘rnida bir-biriga uyg‘un holda qurilgan zamonaviy hovlilardan iborat “Yoshlik” ko‘chasi qad rostlagan. O‘n gektar yerni egallagan “Yoshlik” sport majmuasi ham shu yerda joylashgan ekan. Markazning zamonaviy suzish havzasini ko‘rib, beixtiyor bolaligimizda cho‘milib yurgan qarovsiz ko‘lni esladim. Badiiy gimnastika bilan shug‘ullanayotgan qizlarning go‘zal harakatlarini tomosha qilib, mamlakatimiz Birinchi Prezidentining “Biz hech kimdan kam emasmiz va hech qachon kam bo‘lmaymiz” degan so‘zlari xayolimdan o‘tdi. Milliy kurash to‘garagida shug‘ullanayotgan yoshlarni kuzata turib, yurtdoshlarini ozod qilgan buyuk Pahlavon Mahmud ko‘z oldimga keldi.

U yerdan chiqib, Urganch Olimpiya zahiralari kollejiga kirdim. Barcha sharoit va imkoniyatlarga ega bilim maskanida tahsil olayotgan baxtli yoshlarni ko‘rib, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishi shart” degan so‘zlarini esladim. Darhaqiqat, ular orzulaganidek bugungi yoshlar baxt-saodat quchog‘ida, davlatimiz ardog‘ida o‘sib-ulg‘aymoqda. U yerdan o‘tib, aeroport yo‘li – al-Xorazmiy ko‘chasiga chiqaman. Zamonaviy uslubda bir-biriga uyg‘un holda qurilgan ko‘p qavatli uylar, turar-joy binolari yana bolaligimni eslatadi. Keng va ravon yo‘llar, go‘zal chiroqlar kechalari Urganch shahriga yanada go‘zallik, osoyishtalik va ulug‘vorlik baxsh etib turardi.

Bir so‘z bilan aytganda, qadimiy Urganch shahrida amalga oshirilgan asrlarga tatigulik o‘zgarishlarni, bunyodkorlik ishlarini ko‘rib, O‘zbekistondek jannatmakon yurtning farzandi ekanimdan qalbim cheksiz g‘urur va iftixorga to‘ldi.

Javlon SA’DULLAYEV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: