Emansipatsiya nima?
– Farzandlikka oluvchilar emansipatsiya qilingan voyaga yetmaganning majburiyatlari bo‘yicha javobgar bo‘ladimi?
Sobir SALIMOV,
Yunusobod tumani
– Emansipatsiya – voyaga yetmagan shaxsni to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilish. O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolik kodeksi”ning 28-moddasiga ko‘ra, o‘n olti yoshga to‘lgan voyaga yetmagan shaxs mehnat shartnomasi bo‘yicha ishlayotgan bo‘lsa yoki ota-onasi, farzandlikka oluvchilari yoxud homiysining roziligiga binoan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, u to‘la muomalaga layoqatli deb e’lon qilinishi mumkin. Bu esa ota-onaning, farzandlikka oluvchilarning yoki homiyning roziligi bilan vasiylik va homiylik organining qaroriga muvofiq yoxud, bunday rozilik bo‘lmagan taqdirda, sudning qarori bilan amalga oshiriladi.
Ota-ona, farzandlikka oluvchilar va homiy emansipatsiya qilingan voyaga yetmaganning majburiyatlari bo‘yicha, xususan, u yetkazgan zarar oqibatida kelib chiqqan majburiyatlar bo‘yicha javobgar bo‘lmaydilar.
Savollarga Toshkent shahar, Shayxontohur tumani 2-davlat notarial idorasi notariusi Kamola JO‘RABOYEVA javob berdi.