Ko‘krak bezi saratoni: uning oldini qanday olish mumkin?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra xavfli o‘sma xastaliklari bilan kasallanish ko‘rsatkichlari yildan-yilga ortib bormoqda.
Jumladan, Yevropada har yili saraton kasalligi 3,5 million nafarga yaqin insonda aniqlanib, shundan 1 million nafardan ortiq kishi hayotdan ko‘z yummoqda. Bu ko‘rsatkich ishlab chiqarishi rivojlangan va ekologik muhiti nosog‘lom bo‘lgan davlatlarda yuqoriligini kuzatish mumkin.
Mamlakatimizda saraton bilan kasallanish va o‘lim ko‘rsatkichlari barqaror saqlanmoqda. Keyingi yillarda respublikamiz tibbiyot tizimida islohotlar izchillik bilan olib borilayotganligi, yuqori samarali tashxislash va davolash usullarining tatbiq etilishi, birlamchi profilaktika va skrining tekshiruvlarining qo‘llanilishi natijasida kasallikning erta bosqichlarida aniqlanayotgan bemorlar soni ortib bormoqda. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra oxirgi besh yillikda bemorlarning yashab ketish ehtimoli ko‘rsatkichlari avvalgi 30-35 foizdan, 45-55foizgacha oshganligi kuzatilmoqda.
Statistikaga ko‘ra jahonda har o‘n nafar ayoldan biriga ko‘krak saratoni xastaligi xavf solishi mumkin. Kasallikni davolashning hanuz murakkabligi va vaqt o‘tkazib yuborilganida imkoniyatsizligi tufayli ham u haligacha bedavo dard sifatida qabul qilinadi. Biroq, xastalikni ilk davridayoq aniqlash, uni 95 foiz hollarda to‘liq davolashni kafolatlaydi.
Saraton kasalligi to‘satdan paydo bo‘lmaydi. Umuman har bir kasallikda bo‘lganidek, saratonda ham boshlanish va rivojlanish jarayoni mavjud. Ushbu xastalikning xususiyatlaridan biri shuki, to‘qimada o‘simta hosil bo‘lib, rivojlangandan keyingina kasallik belgilari yuzaga chiqadi va tanadagi o‘simta o‘sayotgan a’zoning faoliyati keskin buziladi. Kasallik boshlanayotganda u tananing qaysi qismida rivojlanayotganidan qat’iy nazar, qattiq og‘riq bermaydi. Ba’zi hollarda bemor og‘riqni sezmasligi ham mumkin. Shuning uchun ham xasta kishi shifokorga kech murojaat qiladi. Baribir har qanday sharoitda organizmda biron o‘zgarish kuzatilsa, darhol shifokorga uchrashish lozim. Shundagina saraton kasalligining oldini olish va agar u boshlangan bo‘lsa, erta davolash mumkin.
Onkologik kasalliklar to‘g‘risida gap borganda har birimiz tushkunlikka tushib qolamiz. Go‘yoki, bu dardning davosi yo‘qdek. Bu, albatta, noto‘g‘ri fikr. Avvalo kasal bo‘lmay turib, uning oldini olgan afzal deganlaridek, vaqtida (bir yilda ikki marotaba) chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tish, shuningdek, sog‘lom turmush tarziga rioya qilib yashash maqsadga muvofiqdir.
Hozirda sut bezi saratoni ayollarda uchraydigan kasalliklar orasida birinchi o‘rinda turadi. Uning kelib chiqishida bir necha asosiy omillar mavjud bo‘lib, jumladan, bachadon va tuxumdonlar yallig‘lanishi, bo‘qoq kasalligi, jigar xastaliklari, nosog‘lom turmush tarzi (ichish, chekish, giyohvand moddalarni iste’mol qilish, kamharakatlilik, noto‘g‘ri ovqatlanish kabi) sabab bo‘ladi. Bu hayz jarayonlarining buzilishi, ko‘p abort qildirish, jinsiy faoliyatning izdan chiqishi, qattiq siqilish hamda stresga tushish holatlaridir.
Sut bezi saratonining asosiy belgisi ko‘krakda tugun paydo bo‘ladi. Bu tugun qattiq bo‘lib, uning hajmi kichkina no‘xatdan katta tuxum shakligacha bo‘ladi.
Ko‘pincha bu hosila so‘rg‘ich bilan bog‘liq va teriga o‘sib kirgan bo‘ladi. Ayrim hollarda bemor ko‘kragi so‘rg‘ichlaridan qonli ajralmalar keladi. Xastalikning ilk belgilaridan yana biri qo‘ltiq osti limfa tugunlari kattalashadi. Basharti ayollarimiz o‘zlarida shu belgilar borligini payqab qolsalar, zudlik bilan mutaxassis mammolog huzuriga shoshilishlari va darhol tekshiruvlardan o‘tishlari shart.
Yigirma besh yoshdagi ayollarning yilda bir marotaba UTT tekshiruvidan, qirq yoshdan keyin esa yilda ikki marta mammografiya tekshiruvidan o‘tib turishlari tavsiya etiladi.
Mammografiya – ko‘krak saratonining erta bosqichda aniqlashning eng samarali usuli hisoblanadi. Bunda ko‘krak bezida hosil bo‘lgan kichik o‘zgarishlar, shu jumladan, o‘smalarni ham ko‘rish mumkin. Kasallikni erta aniqlash ayol hayotini saqlab qolish imkonini beradi.
Xastalikning oldini olishda nimalarga e’tibor berish lozim?
Ayol kishi o‘zida biror bir noxushlik sezsa, darhol mammolog shifokoriga murojaat qilishi shart. Tibbiy chuqurlashtirilgan ko‘rikdan vaqtida o‘tish, to‘g‘ri ovqatlanish tartibiga rioya qilish, ovqat ratsionida sarimsoqpiyoz, bulg‘or qalampiri, ko‘katlar hamma vaqt bo‘lishini ta’minlash va sport bilan muntazam ravishda shug‘ullanish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Aziz ayollar! Hayotdagi noxush hodisalardan o‘zingizni asrang. Fe’l-atvori sizga ma’qul bo‘lmagan insonlar bilan muloqotda bo‘lishdan uzoqlashing. Hamisha chehrangiz ochiq bo‘lsin. Avvalo o‘zingizni sevishga, qadrlashga o‘rganing.
Maxsuma IBRAGIMOVA, Salomatlik va tibbiy statistika instituti «Ommaviy axborot» bo‘limi uslubchi-shifokori