Xayolparast bolalar: ularning diqqatini jamlashda nimalarga e’tibor berish lozim?

Bolalarning fe’l-atvori turlicha. Kimdir sho‘x, kimdir bosiq, yana kimdir yon-atrofidagi voqea-hodisalarga befarq qaraydi. Ana shunday paytda eng og‘ir yuk ota-onalar zimmasiga tushadi.

Bola kichikligida ularda yuz berayotgan o‘zgarishlarga ko‘p ham e’tibor beravermaymiz. Biroq maktab yoshiga yetgach, undagi salbiy xislatlarni bartaraf etishga kirishamiz. Afsuski, tarbiya berish jarayoni ona qornidayoq boshlanishi lozimligini barchamiz ham yodda saqlamaymiz. Shu sabab bola ulg‘aya borgach, ulardagi ayrim nuqsonlarni ko‘rib, ko‘pchilik ota-onalar sarosimaga tushib qolishadi. Ana shunday nuqsonlardan biri diqqatni jamlay olmaslik, parishonxotirlik va beparvolikdir.

Aynan shu jihatlar farzandlarimizning ilm olishida katta to‘sqinlik qiladi. U darslarda tez-tez chalg‘iydi, topshiriqni yozib olishni unutadi, o‘qituvchi so‘zlarini eshitmaydi. Bu muammolar tufayli bolani oilasidagilar urisha bosh­laydi. Ammo, bu vaziyatdan chiqish yo‘li emas.

Bunday holatlarni oldini olish uchun, eng avvalo, uning sababini aniqlash kerak bo‘ladi. Jumladan, bolaning tez-tez surunkali kasal bo‘lishi ham parishonxotirlikning sababchisi bo‘lishi mumkin. Sog‘lig‘i zaif bolalar tez charchaydilar. Shuning­dek, maktab mashg‘ulotlari, uy vazifalarini bajarish, turli to‘garaklar va darsdan tashqari yumushlar o‘quvchilar kunining ko‘p qismini band etadi. Bunday tartibda bola to‘laqonli hordiq chiqara olmaydi. O‘z-o‘zidan unda ish qobiliyati susayadi va natijada, parishonxotirlik va e’tiborsizlik yuzaga keladi. Ba’zi hollarda esa bola biror bir vazifa ustida diqqatni jamlay olmaydi. Chunki, uni husnixat yozish, masalalar yechish, ota-onalar, o‘qituvchi va tarbiyachilarning topshiriqlarini bajarish mutlaqo qiziqtirmaydi.

Bolalardagi parishonxotirlik, diqqatni jamlay olmaslikni davolash uchun mutaxassislar ota-onalarga ko‘plab mashqlarni qo‘llashni tavsiya etadi. Ular esda qolishi kerak bo‘lgan axborot hajmini oshiradi va bola diqqatini bir necha vazifaga taqsimlashni hamda bir yumushdan ikkinchisiga e’tiborini qaratishni o‘rgatadi. Quyida diqqatni charxlaydigan ayrim o‘yin ko‘rinishdagi mashqlarni ko‘rsatib o‘tamiz.

Farqini topish: stol ustiga turli narsalar terib qo‘yiladi va bola bu narsalar nomini eslab qolishi kerak. Keyin u o‘girilib turadi va o‘yin boshlovchisi narsalar joyini o‘zgartiradi yoki biror narsani olib qo‘yadi. Bu holatda bola stol ustida nima o‘zgarganini topishi kerak.

Predmet nomini topish: bu o‘yinni har qanday joyda – uyda, sayr qilayotganda, maktabga yoki bog‘chaga ketayotganda o‘ynash mumkin. Bolaga ma’lum bir shaklli, rangli, biror-bir ko‘rsatilgan materialdan tayyorlangan yoki aytilgan harfdan nomi bosh­lanadigan narsani topish topshiriladi.

Yana o‘qing:  O‘rik – hayotiy quvvat manbai

Labirint: kim labirintda aylanishni yoqtirmaydi, deysiz. Kichkintoy uchun kichik sarguzasht uyushtiring. U chizilgan labirintdan nigohi yordamida o‘tsin, agar bunga qiynalsa, qalam bilan harakatlanishga ruxsat bering.

Matndan harflarni o‘chirish: istalgan gazeta yoki jurnalni olib, berilgan matndan biror harfni, masalan J yoki R xarfini o‘chirishni topshiring. Bunda u qatorma-qator harakat qilsin. O‘yin paytida vaqtni belgilab qo‘ysangiz yaxshi bo‘ladi.

Shuningdek, misol yoki masalalar ham yechish mumkin (maktab dasturidan bo‘lishi shart emas). Agar matematik jarayonda butun oila qatnash­sa, mashg‘ulot juda qiziqarli bo‘ladi. Bola og‘zaki matematik yechimlar jarayonida asta-sekin diqqatni jamlashni o‘rganib boradi. Avvaliga eng oson vazifalardan boshlab, keyinchalik ularni murakkablashtirib boring. Agar siz bu jarayonda farzandingiz yutuqlarini ta’kidlab, uni mukofotlab borsangiz, yanada samaraliroq bo‘ladi. Bundan tashqari shaxmat yoki shashka o‘yinlari ham diqqatni jamlashda yaxshi samara beradi.

 

Poytaxtimizdagi 59-IDUM o‘qituvchisi Malika NAJMIDDINOVA tavsiyalari asosida Mayna HASANOVA tayyorladi

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: