Tabiatning betakror tuhfasi
Yaqinda o‘quv dargohimizda tashkil etilgan “Yosh sayyohlar” to‘garagi a’zolari bilan qo‘shni Baxmal tumani tog‘lari, muqaddas ziyoratgohlariga sayohat uyushtirdik.
Baxmal tumanini tog‘larsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu nom tabiatning o‘zidan olingan. Uning asosiy boyliklari – betakror o‘rmonlari va o‘simlik dunyosidir. Ayniqsa, Turkiston va Morguzar tizma tog‘larini bog‘lab turuvchi nihoyatda go‘zal va orombaxsh maskan – Novqa tog‘ oralig‘i tabiati boy va xilma-xil, o‘ziga xos o‘simlik olamiga ega. Bu yerdagi ko‘p asrlik archa va chinor daraxtlari umrboqiylik ramzi hisoblanadi. Shoxlarini zo‘rg‘a ko‘tarib turgan olma, bodom, pista kabi mevali daraxtlar kishi e’tiborini o‘ziga tortadi. Bu maskanda birgina olmaning 20 ga yaqin navi parvarish qilinarkan. Tog‘larida kiyiko‘t, yalpiz, na’matak kabi dorivor giyohlar mo‘l.
Biz safar davomida Qontomdi darasi, tik va osmono‘par qoyalar haybatiga mahliyo bo‘ldik. Tevarak-atrofda bir nechta suv manbalarini uchratdik. Yuqoridan Teraklisoy daryosining shovullashi, anhor va jilg‘alardan muzdek suvning shildirab oqishini eshitib, charchoqni unutdik.
Kuzda ham yaylovdagi o‘t-o‘lanlar rang-barang tusga kirgan. Ko‘zni qamashtiruvchi gulzorlarni ko‘rib, dilingiz yayraydi. Ular xuddi rassom chizgan suratdek kishini o‘ziga rom etadi. Pastlab suzayotgan bulutlar bo‘linib, zangori osmon ko‘zga tashlanadi. Salqin tog‘ shamoli esa ruhiyatimizga xushnudlik bag‘ishlaydi.
Kunning ikkinchi yarmida Novqa tog‘ining sharqiy qismida joylashgan O‘smat ota maqbarasi, Mo‘g‘ol xonaqohi hamda bir qancha ziyoratgohlarda bo‘lib, olam-olam taassurot oldik.
Ha, inson hayoti yashillik olami bilan uzviy bog‘liq. Uni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylash, kelajak avlodga yetkazish esa barchamizning muqaddas burchimizdir.
Rohat JO‘RAYEVA,
Jizzax shahridagi 1-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi