Axborot texnologiyalari – taraqqiyot omili
Yoshlar ijod saroyida “Intellektual” axborot texnologiyalari bo‘yicha loyihalar tanlovining hududiy bosqichlari g‘oliblari uchun tashkil etilgan o‘quv seminarlarida faol ishtirok etgan yoshlar taqdirlandi.
Milliy manfaatlarga mos, har tomonlama foydali saytlar yaratilayotgani, yosh veb-ixtirochilar moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanayotgani milliy internet segmentini boyitish, sog‘lom axborotlashgan jamiyatni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir.
“Intellektual” axborot texnologiyalari bo‘yicha loyihalar tanlovining hududiy bosqichlari g‘oliblari uchun tashkil etilgan o‘quv seminarlarda ishtirokchilarning axborot texnologiyalari va ushbu sohada tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish borasidagi bilim va tajribasi yanada oshirildi.
Qatnashchilar bir hafta davomida “Samsung Employee Volunteer Program” ta’lim dasturi bo‘yicha kompaniya xodimlarining ilg‘or tajribasini o‘rgandi. Mahorat saboqlari Janubiy koreyalik injenerlar ko‘magida to‘rt yo‘nalishda tashkil etildi. Jarayonda yoshlarning Android platformasiga ilovalar yaratish, virtual hayot ilovalari, Raspberry Pi mikrokompyuterlar va 3D modellashtirish uchun dasturlar ishlab chiqish borasidagi loyihalari takomillashtirildi.
Tadbirda har bir yo‘nalish bo‘yicha eng yaxshi deb topilgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Besh nafar faol ishtirokchi diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
S.OCHILOV