MUSTAQILLIK — DEMOKRATIYa VA ISLOHOTLAR TIMSOLI

Eng ulug‘, eng aziz bayramimizning yigirma bir yilligini nishonlashga sanoqli kunlar qoldi. O‘zbekiston Mustaqilligi xalqimizning XX asr so‘nggida qo‘lga kiritgan ulkan tarixiy g‘alabasidir. O‘tgan qisqa, lekin sermazmun yo‘lga nazar tashlab ko‘z quvonadi, dil yayraydi. 1991 yil 31 avgustda yurtimizning mustaqil davlat deb e’lon qilinganligi oddiy voqelik emas, balki tarixda yangi asr boshlanganligini o‘tgan yillar isbot etdi. Zero, uni mustahkamlash uchun har kun, har soat, har daqiqa sa’y-harakatlar qilinganligini xalq ko‘rib, bilib turibdi.

Dunyoda O‘zbekistonni bilmagan davlat qolmadi, deb aytsak hech mubolag‘a bo‘lmaydi. Ayni kunda mamlakatimiz salohiyati, uning porloq kelajagi dunyo hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof ila tilga olinmoqda. O‘zbekiston 250 dan ortiq davlat bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh qarorgohida mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i mag‘rur hilpirab turibdi.

Xalqimizning tanlagan yo‘li tinchlik, bosqichma-bosqich taraqqiyot yo‘lidir. Konstitutsiyamizda inson manfaatlari oliy qadriyatligi, inson-jamiyat-davlat munosabatlarida inson manfaatlari ustunligi belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, mamlakatimiz taraqqiyot yo‘li negizida turgan mashhur beshta tamoyilning biri kuchli ijtimoiy siyosat olib borishdan iboratdir.

Agar e’tibor berilsa, har yili davlat byudjetining 50 foizidan ortig‘i ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda va u yildan yilga o‘sib bormoqda.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan dastlabki kundanoq aholi daromadlari va farovonligi darajasini izchil hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan tarzda oshirib borishga, aholining ijtimoiy himoyasini ta’minlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosatni o‘tkazish g‘oyat muhim ustuvor vazifa qilib belgilandi.

Mamlakatimizda ijtimoiy himoya izchil amalga oshirilib kelinayotganini dastlabki amaliy tasdig‘i sifatida shuni aytish kerakki, mustaqillik arafasida o‘lkamizdagi og‘ir vaziyatni chinakamiga o‘nglash, yurtdoshlarimizning hayotga qarashini, bugungi va ertangi kunga ishonchini mustahkamlash uchun avvalo, ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilash zaruriyatini chuqur anglagan respublika rahbari aholi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan juda katta bir masalani — odamlarga tomorqa uchun yer berish masalasini kun tartibiga qo‘ydi. Bu boradagi amaliy ishlar natijasida 1989-1990 yillarda bir yarim milliondan ko‘proq oilaga qo‘shimcha yer ajratildi. 700 ming oilaga yangi tomorqa yerlari berildi. Bu murakkab masalaga ana shunday oqilona yondoshuv bois mamlakat bo‘yicha ming-minglab odamlar uy-joyga, ish o‘rniga ega bo‘lishdi. Bozorlarda mahsulot ko‘paydi. narx-navo arzonlashdi, eng muhimi, ijtimoiy keskinlikning oldini olishga erishildi.

Yana o‘qing:  EL QALBIDAGI ShOIR SIYMOSI

Mustaqillikdan keyin aholi turar joylar xususiylashtirilayotganda o‘qituvchilar, shifokorlar va ijodkorlarga imtiyozlar berildi. Shuningdek, o‘qituvchilarning mehnat stajiga qarab qo‘shimcha ustamalar tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 17 sentyabrdagi “Pensionerlarni ijtimoiy qo‘llab quvvatlashni kuchaytirish borasidagi chora -tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 27,31-moddalariga o‘zgartish kiritildi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 1oktyabrdan keyin pensiyaga chiqadigan fuqarolargagina emas, balki avvaldan pensiyada bo‘lgan fuqarolarga ham taalluqli bo‘ldi. Pensiyalar eng kam ish haqining sakkiz karra miqdoridan qayta hisoblanadi. Ushbu chora tadbirlarni amalga oshirish uchun byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari zarur hollarda esa Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 2007 yilning o‘zidan 20 milliard so‘mdan ortiq, 2008 yilda esa 100 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ ajratildi.

Mustaqillik yillarida ayniqsa aholini turar-joy bilan ta’minlashga alohida e’tibor berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 31 yanvardagi “Toshkent shahrida uy-joy qurilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish to‘g‘risida”gi Farmoniga asosan “O‘zjamg‘armabank” orqali kreditga turar joy sotib olish imkoniyati yaratildi. Turar joy uchun kreditni qoplayotgan aholi daromad solig‘idan ozod etildi va boshqa qo‘shimcha imtiyozlar berildi.

2006 yilga kelib esa “Ipoteka to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. Ipoteka vositalari yanada aniqlashtirildi, shuningdek, ipoteka qoidalarining boshqa bir qator huquqlarga ham qo‘llash imkoniyatlari yaratildi.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisining 64 foizini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etadi. Yosh oilalarning muammolarini yechish, avvalo uy-joy sotib olish, imorat qurish, ro‘zg‘orini butlashga ko‘maklashish maqsadida tijorat banklari tomonidan birgina 2008 yilda 57 milliard 500 million so‘mlik ipoteka va iste’mol kreditlari ajratildi. Iste’mol kreditlari, shuningdek, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan talabalar uchun ta’lim grantlari ajratildi. Kredit olgan yoshlar daromad soliqlaridan ozod etildi. Shuningdek, farzandlari uchun ta’lim krediti to‘layotgan ota-onalar ham kredit to‘layotgan qismidan daromad solig‘idan ozod etildi. Eng asosiysi bu yo‘nalish yildan yilga yuksalyapti.

Jumladan, “Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili” (2009)da “Qishloqqurilishbank”i tashkil etilib, qishloqlarda namunali uylar qurilishi boshlandi. Qishloq ahli uy-joy bilan ta’minlanishida, kreditni qoplashi uchun imkoniyatlar yaratildi.

“Mustahkam oila yili” Davlat dasturining oltinchi bandida “Yosh oilalarga turar-joy” dasturini ishlab chiqish, har yili kamida uy-joyga muhtoj 2400 yosh oilani turar joy bilan ta’minlash ko‘rsatib o‘tildi.

Yana o‘qing:  UYIMIZDAGI BAROQVOY

Dasturdan kelib chiqib, yana “Yosh oilalarga iste’mol kreditlari” dasturi ishlab chiqildi. Unda eng kam ish haqining 200 baravari miqdorida uch yilgacha muddatga imtiyozli kreditlar berish nazarda tutiladi. Ya’ni xarid uchun olingan iste’mol kreditini qaytarishga yo‘naltirilgan mablag‘iga teng miqdorda jismoniy shaxslar daromad solig‘idan ozod qilinadi. Shuningdek, yosh oila a’zolari uchun mulk va yer solig‘iga uch yildan oshmagan muddatga soliq stavkalarini ikki baravarga kamaytirish ham belgilandi.

Mamlakatimizda ish bilan band aholining 74 foizi kichik biznes va tadbirkorlik sohasida mehnat qilayapti. Mamlakatimiz taraqiyotiga munosib hissa qo‘shayotganligi bois ushbu soha bunyodkorlariga ham katta imkoniyatlar berildi. Bu yil “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinib, oilaviy korxonalar egalari uchun imkoniyat va imtiyozlar berildi.

Oilaviy korxonalar tomonidan ishlab chiqarish faoliyati uchun foydalaniladigan turar joylarni noturar joylarga o‘tkazish talablari bekor qilindi. Oilaviy korxona ishtirokchilari tomonidan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan so‘ng ularning tassarufiga kelib tushadigan foydaga soliq solinishidan ozod qilindi. Oilaviy korxonalar aholi uchun nazarda tutilgan ta’riflar bo‘yicha kommunal infratuzilma ob’yektlariga ulanish va kommunal xizmatlardan(elektr energiyasi, gaz, suv ta’minoti) foydalanadi.

Oilaviy korxonalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan aniqlangan ro‘yxatga ko‘ra, o‘zi ishlab chiqargan xalq, badiiy hunarmandchiligi va amaliy san’at buyumlarini sotishdan olingan tushumlar bo‘yicha yagona soliq to‘lovini to‘lashdan ozod qilindilar.

“Mustahkam oila yili” Davlat dasturining 15-bandida mahallalarda tashkil etilgan maishiy xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlarni 2012 yil 1-apreldan boshlab, uch yil muddatga qayd etilgan soliq to‘lashdan ozod etish orqali ish o‘rinlarini tashkil qilishni rag‘batlantirish nazarda tutilgan.

Yoshlarning ilmiy salohiyatini, yuksaltirish uchun avvalgi aspirantura va doktorantura o‘rniga stajer va katta ilmiy xodim shtatlari joriy etilib, ularga katta maoshlar belgilanganligini ta’kidlash kerak.

Mutaxassislarga yana bir imtiyoz berildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud tizimi xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni tubdan yaxshilash chora tadbirlari to‘g‘risidagi”gi Farmoni 2012 yil 3 avgust kuni chop etildi. Unda sud tizimi xodimlarining maoshini oshirish, turar-joy bilan ta’minlanishini yaxshilash, vazifasiga daxldor maoshlaridan olinadigan daromad soliqlaridan ozod etish, yosh mutaxassislarning malakasini oshirishga imkoniyatlar yaratish kabi ijtimoiy himoya o‘z ifodasini topgan.

Yana o‘qing:  OLISIMIZ YAQIN, OG‘IRIMIZ YeNGIL

Jumladan, sudyalarga imtiyozli shartlar asosida uy-joy sotib olish uchun uzoq muddatli ipoteka kreditlari berishni, shuningdek, turar-joylar ijarasi uchun har oyda pul kompensatsiyasi to‘lab borishni nazarda tutadigan tartibni tasdiqlash topshirig‘i ham beriladi.

“Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi”da belgilangan vazifalar ham mamlakatimiz aholisining ijtimoiy himoyasini ta’minlashga munosib hissa qo‘shdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unga ko‘ra tadbirkorlarga, qo‘shma korxona egalariga imkoniyat va imtiyozlar berildi. Pirovard natijada 2008-2010 yillarda ya’ni dunyoning aksariyat mamlakatlarida iqtisodiy o‘sish sur’atlari sezilarli darajada tushib ketgan, ishlab chiqarish pasaygan bir paytda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari 2008 yilda 9 foizni, 2009 yilda 8,1 foizni tashkil etgani, 2010 yilda bu ko‘rsatgich 8,5 foizga yetgani, 2011 yilda esa 8,3 foiz darajasida bo‘lgani ko‘pgina xalqaro tuzilmalar, ekspert va mutaxassislarda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Umuman, mustaqillik yillarida yalpi ichki mahsulot 3,5, aholi jon boshiga esa 2,5 baravar o‘sdi.

Aholining o‘rtacha ish haqi mustaqillik yillarida 14 baravar yuksaldi. Davlatning ijtimoiy soha va ijtimoiy muhofaza uchun sarf-xarajatlari 5 baravardan ziyod ko‘paydi. Ushbu raqamlar o‘zbek xalqi tanlagan yo‘lning naqadar to‘g‘riligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Ushbu raqamlar o‘zbek xalqi tanlagan modelning naqadar to‘g‘ri ekanini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Ra’no ZARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: