Ilk tuyg‘u, ilk shijoat, ilk qadam
Ota-bobolarimizning Ikkinchi Jahon urushi davri, qahatchilik yillari haqidagi so‘zlarini tinglab, mustaqillikning qanchalik qadrli, bebaho ne’mat ekanligini his qilaman.
Bugun dunyoda yuz berayotgan notinch vaziyatlarni ko‘rib, o‘zimizning yurtda hukm surayotgan tinchlikka shukronalar aytaman. Shunda beixtiyor ota-onamning gaplari yodimga tushadi:
– Mamlakatimiz istiqlolga erishgan o‘sha saodatli kunda shu darajada xursand bo‘ldikki, garchi istiqlolning tub mohiyatini to‘liq anglab yetmagan bo‘lsakda, barchadan “yurtimiz mustaqil bo‘libdi”, deya suyunchi oldik. Yodimda, o‘sha kuni “qizim, Ilhom bobongnikiga yugur, suyunchisini ol. Yurtimiz mustaqil bo‘ldi, deb ayt”, deya meni qo‘shni qishloqqa jo‘natdi. Bu so‘zning qudratini bolalarcha entikish bilan his qildim.
– Bobo, bobo, mustaqil bo‘ldik. O‘zbekiston mustaqil bo‘ldi, – deya yugurib ostona hatladim. Bobom so‘zlarimni u qadar anglamadi. Takror aytganimdan so‘ng bir xo‘rsindi-da, ko‘ziga yosh qalqidi. “Yaratganga shukr, shuncha mehnat, fidoyilik besamar ketmadi” deya pichirladi. Bobomning so‘zlarida titroqni sezdim: bu dorulomon kunlar uchun ne-ne ziyoli, alpkelbat yigitlarning joni fido bo‘lmadi.
Bayram bayramga ulanib, ertasi kuni ilk bor 1-sinfga qadam qo‘ydik. Barchamizning qo‘limizda gul, sochimizda oppoq lenta, egnimizda bejirim maktab formasi. Ta’lim maskani rahbari kuni kecha yurtimiz mustaqil bo‘lgani, biz istiqlolning ilk qaldirg‘ochlari ekanligimiz hamda kelajak bizning qo‘limizda ekanligi haqida gapirdi.
Ming shukrlar bo‘lsinki, mana shunday zamonda voyaga yetdik, ulg‘aydik, ta’lim oldik. Mamlakatimizning yanada ravnaq topishi uchun bor kuchimiz, g‘ayratu shijoatga to‘la qalbimiz bilan xizmat qilmoqdamiz. Shu bilan birga, kelajagimiz egalari – farzandlarimizni har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalash ham oliy maqsadimizdir.
Oradan 25 yil o‘tib, mening farzandim ham maktabga ilk qadamini qo‘ymoqda. Bu kunda har bir ota-ona, dilbandlar o‘zgacha bir hayajonni his etadilar. Hammaning eng oliy orzusi farzandi kamolini ko‘rish, el koriga yaraydigan, yurt ravnaqi uchun xizmat qiladigan aqlli, bilimli bolalarni tarbiyalashdir. Niyat qilamizki, osmoni musaffo, farovon yurtimizga ko‘z tegmasin, hamisha bolalarimiz, yaqinlarimiz yonida tinch va osuda hayot kechirish barchamizga nasib etsin!
Mayna HASANOVA