Yashnayotgan yurt – yasharayotgan yurt

Safarga chiqqaningizda, yo‘l haqida o‘ylaganmisiz? Bu yo‘llardan kimlar o‘tdi, kimlar o‘tmadi? Tanimizdagi qon tomirlarga o‘xshaydi? Agar shunday bo‘lsa, dunyoning ushbu tomirlari tutashadigan yuragi qayerda,  desalar baralla, faxr bilan O‘zbekis­ton degan bo‘lardim!

Erta tong ishga ketayotib, avtobusda ikki otaxonning suhbati qulog‘imga chalindi:

“Qarang, qanday chiroyli va ravon yo‘l bo‘libdi. Bayram ko‘chayu xonadonlar, mahallalar obodligi bilan yanada fayz­li-da. Shunday dorulomon kunlarga yetkazganiga shukr. Ilohim shahrimizga ko‘z tegmasin!”.

Bugun bu shukronalik so‘zlarini ko‘chadagi har bir kishidan eshitish mumkin. Tarixga nazar solsak, yurtimiz hududidan ellarni ellarga bog‘lovchi karvon yo‘llari o‘tgan. Shu bois, qadimdan mamlakatimizda yo‘l qurilishiga alohida e’tibor berilgan. Uzoq manzillarga otlangan savdogarlar ona Vatanimiz hududidan o‘tayotganlarida karvonsaroylarimizda dam olib, bozoru shaharlarimizni aylangan. Buyuk bobomiz Amir Temur ham joylardagi mulozimlaridan yo‘l va ko‘prik qurilishlariga alohida e’tibor berishni tayinlagan.

Shukrki, bugun ham manzilimizga o‘z vaqtida yetib bormoqdamiz. O‘zimizda ishlab chiqarilgan “uchqur” avtomobillar, ravon yo‘llar odamlar xizmatida. Bu ham bo‘lsa, mus­taqillik bergan imkoniyatdir.

Mamlakatimizda yashash sifati, aholi daromadlari oshib borayotgani natijasida avtomobillar soni tobora ko‘pa­yib bormoqda. Shunga muvofiq, yo‘l-kommunikatsiya tarmoqlari izchil rivojlantirilmoqda. Barcha hududlarda yangi yo‘llar qurilmoqda, mavjudlari kengaytirilmoqda. Poytaxtimizda shaharning kelgusi rivoji ham hisobga olingan holda keng va ravon yo‘llar, ko‘priklar bun­yod etilmoqda. E’tiborlisi, bunday inshootlarni loyi­halashtirishda iqlim sharoitlari, sanitariya va xavfsizlik talablari, xalqimizning milliy hayot tarziga oid barcha jihatlar hisobga olinayotir.

Kuni kecha poytaxtimizning Nurafshon ko‘chasidan Oqtepa maydonigacha bo‘lgan 4 kilometr yo‘l uzaytirildi va Muqimiy ko‘chasiga ulandi. Muqimiy, Usmon Nosir va Shota Rus­taveli ko‘chalari chorrahasida zamonaviy ko‘prik barpo etildi. Ushbu chorrahadan boshlangan berk ko‘chaning ikkinchi tomoni Bobur ko‘chasiga ulandi. Shu tariqa poytaxtimizda yana bir aylanma yo‘l barpo etildi.

Muqimiy, Usmon Nosir va Shota Rustaveli ko‘chalari chorrahasida ilgari soatiga me’yordagi 6 ming o‘rniga 11 ming 500 avtomobil, ya’ni qariyb ikki barobar ko‘p transport harakatlanar edi. Oqibatda tirbandlik yuzaga kelib, haydovchi va yo‘lovchilarning ortiqcha vaqt yo‘qotishiga, yoqilg‘i sarfi oshib, atrof-muhit ifloslanishiga sabab bo‘lardi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yerda eni 19, uzunligi qariyb 1 kilometr bo‘lgan zamonaviy ko‘prik bunyod etildi. Muqimiy ko‘chasining har bir yo‘nalishi besh tasmali qilib kengaytirildi. Yangi ko‘p­rikning qurilishi nafaqat ushbu chorrahadagi tirbandlikni bartaraf etadi, balki Bunyodkor, Chilonzor, Cho‘ponota, Qushbegi, Bobur ko‘chalaridagi qatnovga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Yana o‘qing:  Xushxabar, raqamlar (2014/21)

Ushbu inshoot “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli “Ko‘prikqurilish” tresti tomonidan bunyod etilgan bo‘lib, loyiha qurilishida xorijning eng zamonaviy texnologiyalari va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan qurilish materiallaridan foydalanilgan. 

Ko‘prikning yonida piyodalar uchun qariyb 90 metrlik bitta, Oqtepa maydonida 48 va 60 metrlik ikkita yer usti o‘tish yo‘lagi barpo etilgan. Ularning usti yopilgan, atrofi bejirim panjara va oynalar bilan o‘ralgan. Bu odamlarni qishda yog‘ingarchilikdan, yozda issiqdan himoyalaydi, atrofdagi manzaradan bahra olishiga imkon beradi.

Bunday bunyodkorlik ishlari poytaxtimizning boshqa hududlarida ham amalga oshirilmoqda. Jumladan, transport vositalarining harakatlanishi uchun yanada qulaylik yaratish maqsadida Taraqqiyot ko‘chasi uzaytirildi. Uning Pahlavon Mahmud va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari bilan tutashgan joyi­dan Ohangaron ko‘chasigacha bo‘lgan hududida 3 kilometrli yangi yo‘l qurildi. Taraqqiyot ko‘chasi va Kichik halqa yo‘li chorrahasidagi ko‘prik rekonstruksiya qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, yo‘llarning ravonligi ko‘ngillarga yorug‘lik baxsh etadi. Bu yorug‘lik esa ko‘ngillar obodligidan dalolatdir.

 

Navro‘z NORBOBOYEV,

“Sog‘lom avlod” muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: